Reproduktiv salomatlik – barqaror hayot kafolati
Barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish ota-onaga katta mas’uliyat yuklaydi. Sog‘lom turmush tarzi keng qamrovli tushuncha.
U insondan unumli mehnat qilish, faol dam olish, badantarbiya va sport bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlardan o‘zni tiyish va har yili shifokor ko‘rigidan o‘tib turishni talab etadi.
Inson o‘z atrofini o‘rab olgan tashqi muhit bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Atrof-muhit esa insonning jismoniy va ruhiy salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Yashash sharoitidagi ijtimoiy muammolar ham inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Oilaning mustahkamligi ko‘pgina omillarga, jumladan, ulardan asosiysi – ona va bolaning salomatligiga bog‘liqdir. Ona sog‘lom bo‘lsagina undan sog‘lom farzand dunyoga keladi.
Sog‘lom avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish shifokorlar uchun ham mas’uliyatli vazifadir. Bu masalani to‘g‘ri hal etish yoshlarimiz oldiga qator talablar qo‘yadi. Jumladan, oila qurishga tayyorlanayotgan yigit-qizlar sog‘lom, shaxsiy gigiyena bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lishi zarur. Ayollar salomatligini faqatgina homiladorlik davrida saqlash emas, balki qizlarni bolalik davridan boshlab sog‘-salomat rivojlanishini ta’minlash lozim. Bola tug‘ilgan kundan boshlab uning sog‘lom o‘sishi haqida qayg‘urishimiz, ona sutining ahamiyatini keng targ‘ib qilishimiz zarur.
Mamlakatimizda yoshlarning turmush qurishi uchun “Oila kodeksi”ga yigitlar uchun 18, qizlar uchun 17 yosh belgilangan. Dalillarga asoslangan tibbiyot xulosalari bo‘yicha oila qurish uchun eng qulay davr qizlar uchun 20-24 yosh, yigitlar uchun 24-26 yosh va ularning yoshlari orasidagi farq 3-6 yoshni tashkil etishi maqsadga muvofiq. Qizlarning barvaqt turmushga chiqishi va homilador bo‘lishi tug‘ruq jarayonida ona va bolaning sog‘lig‘iga katta xavf solishi mumkin.
Tibbiy kuzatuvlar bo‘lajak ona va homilaning homiladorlik va undan keyingi davrda sog‘-salomat bo‘lishlarida oila a’zolarining mas’uliyatni his qilishlarida ko‘mak beradi.
Darhaqiqat, sog‘lom onadan – sog‘lom bola dunyoga keladi. Sog‘lom avlod esa kelajagimiz poydevoridir.
Umida ALIEVA,
Chilonzor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi