“XITOY OLMASI”NING AJOYIBOTLARI
Bilasizmi, o‘rta asrlarda Yevropada ushbu meva juda qimmat narxda sotilar, uni faqat zodagonlarning dasturxonida ko‘rish mumkin edi. XVII asrda Yevropa va Hindiston orasida savdo yo‘llari ochilgach, apelsin ko‘hna qit’a bo‘ylab tarqalib ketdi. “Apelsin” so‘zi nemischada “xitoy olmasi” degan ma’noni bildiradi. Bu mevaning vatani Xitoy bo‘lib, u qachonlardir mandarin bilan chatishtirish natijasida hosil bo‘lgani haqida taxminlar bor.
Apelsin mevasi ajoyib desert o‘rnini bosib, ishtahani ochadi. Vitaminlar va biologik faol moddalarga boyligi uchun gipovitaminoz (vitaminlar tanqisligi), jigar, yurak va tomir kasalliklarining oldini olish hamda ularni davolashda qo‘llaniladi. Ushbu meva tarkibidagi pektinlar hazmni yaxshilab, yo‘g‘on ichak harakatini kuchaytiradi. Apelsin tarkibida limon kislotasi, qand, S, V, A vitaminlari mavjud. Uning mevasi qandolatchilikda ishlatiladi; gullari, bargi hamda po‘stlog‘idan efir moyi olinadi.
Ichaklar faoliyatini yaxshilash hamda qabziyatning oldini olish uchun nahorga apelsin sharbati ichish yoki uning mevasidan bir-ikki dono yeyish lozim. Ko‘pdan beri bitmayotgan jarohat va yaralarni davolash, singa (vitaminlar yetishmasligi sababli tishlarning to‘kilib ketishi) kasalligining oldini olish uchun ham apelsin sharbati ichish tavsiya etiladi. Apelsin sharbati yallig‘lanishga qarshi kurashish xususiyatiga ega. Qonda trom (qonlaxtasi) paydo bo‘lishining oldini oladi. Xitoylik shifokorlar apelsinning quritilgan po‘stlog‘ini gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)larni davolashda ishlatishar ekan. Me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasi, gastrit, enterit, kolitga chalingan, me’da shirasida kislota miqdori ko‘p bo‘lgan va allergiyasi bor bemorlar apelsin iste’mol qilishdan o‘zlarini tiyganlari ma’qul.
Tavsiya
– Gipertoniya kasalligi (qon bosimini oshishishi) boshlanayotgan payt quyidagi davoni qo‘llash mumkin: 1 dona apelsinni po‘stlog‘i bilan qirg‘ichdan o‘tkazib, kuniga 3 mahal 1 choy qoshiqdan iste’mol qilinadi.
– 2 dona apelsin va 2 ta limonning urug‘i olib tashlanib, go‘shtqiymalagichdan o‘tkaziladi. Hosil bo‘lgan aralashmaga 2 osh qoshiq asal qo‘shiladi. Shisha idishga solib, xona haroratida bir kun qoldiriladi va keyin sovutkichga qo‘yiladi. Kuniga ushbu aralashmani 2-3 choy qoshiqdan ovqatdan yarim soat oldin iste’mol qilinadi. Ushbu muolaja qon tomirlarni tozalashga yaxshi yordam beradi.
– Bronxitda (ayniqsa, uning o‘tkir bosqichida) nafas olish osonlashishi uchun apelsinli ingalyasiya qilinadi. Apelsin po‘stlog‘i qaynatmasi bug‘idan yarim soat nafas olib o‘tirish zarur.
Fazilat Sa’dullayeva,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi