“KENGURU XALTASI” – ShIRINTOYNING OROM MASKANI
Bolakay sayrga chiqqanda, o‘zi uchun notanish bo‘lgan dunyoni ona bilan birgalikda “kashf” etadi. Bunday paytda u onasiga har qachongidan ham yaqinroq bo‘lishi lozim. Xuddi kenguru bolasi singari!
Hayvonlar orasida dumi va orqa oyoqlarining uzunligi bilan ajralib turuvchi, qopchiqli hayvon – kenguru haqida eshitmagan kishi bo‘lmasa kerak. Avstraliya qit’asida keng tarqalgan bu hayvon ko‘plab filmlar, multfilmlar orqali barchaga tanish. U hamisha bolasini bag‘rida olib yuradi. Bolajonlar uchun mo‘ljallangan moslama – “kenguru xaltasi” ham aynan shu jonzot nomidan olingan.
So‘ngi vaqtlarda urfga kirgan, osib yurishga mo‘ljallangan bu moslamadan deyarli ko‘pchilik onalar foydalanadi. U faqatgina ota-ona uchun emas, balki bolakay uchun ham juda qulay. Xaltacha ichiga solingan bolakay doimo o‘zini ota-onasining bag‘rida ekanligini his qiladi. Qishning sovuq kunlarida u izg‘irindan ancha himoyalanadi. Shu bois do‘konga, toza havodan bahra olish maqsadida sayrga chiqqaningizda yoki uy ishlari bilan shug‘ullanganda mazkur xaltacha onalarga yaqin ko‘makchi bo‘la oladi.
“Kenguru xaltasi” uch oylikdan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ko‘tarib yurishga mo‘ljallangan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga mazkur vositadan foydalanish tavsiya etilmaydi. Ular uchun keng matodan tikilib, ona tanasiga o‘rashga mo‘ljallangan – “sling” deb nomlanuvchi qopchiq tavsiya etiladi. “Sling” chaqaloqlar uchun juda qulay. Uning yordamida shirintoy umurtqa pog‘onasiga og‘irlik tushirmasdan, erkin holda uxlashi mumkin. Chunki, go‘daklarning ko‘p vaqti uyqu bilan o‘tadi. Bunday paytda ular gorizontal holatda yotishlari kerak. Qopchiq orqali bola o‘zini himoyalangan his qiladi, u ota-onasi ovozini eshitadi. Ularning hidi, nafasini hamda yurak urishini sezib turadi.
Maxsus xaltachada bolalar 3-4 oydan boshlab vertikal holatda o‘tirishlari mumkin. Bu vaqtga kelib bolakay boshini anchayin yaxshi ushlaydi, o‘tirgan holatda biroz siljiy oladi va qorni bilan yotqizilganda bilaklariga suyanib turishga harakat qiladi. “Kenguru xaltasi”dan foydalanishda bolaning tana tuzilishi va harakatlanishini hisobga olish muhim omil sanaladi. Uch oygacha bo‘lgan bolalarni “kenguru xaltasi”ga solmang.
Bolakayni kun davomida ikki marta, 10-15 daqiqadan bu xaltachaga o‘tqizish mumkin. 6 oylikdan boshlab bolaning o‘tirish holatini almashtirib turishini inobatga olib uni ushbu moslamaga yarim soat o‘tqaziladi. Go‘dakning hali nimjon bo‘lgan umurtqa pog‘onasi haqida unutib qo‘ymang. Undan uzoq vaqt foydalanmang. Bolangizni xaltachadan olgach, belini yengilgina uqalab qo‘ying.
Bolaning yuzini o‘zingizga qaratib qo‘yish kichikroq go‘daklar uchun tavsiya etilsa, biroz katta bolajonlar uchun aksincha, uni tevarak – atrofni kuzatishi uchun uni o‘zingizga teskari bo‘lgan holatda o‘tkazish foydalidir. “Kenguru xaltachasi”ni xarid qilayotganda uning sifat nazorati va sanitariya-gigiyenik holatiga e’tiborli bo‘ling. Uning matosi havo o‘tkazadigan bo‘lishi kerak. Xaltachaning bog‘ichi mustahkam va enli bo‘lishi, shu bilan birgalikda uni osongina biriktirish va yechib olish onaga qiyinchilik tug‘dirmasligi lozim. Onaning bo‘y uzunligi va bolaning tana tuzilishiga ham ahamiyat qaratish darkor. Shirintoyning bel sohasida shikastlanish, ortopedik kasalliklar yoki mushaklar tarangligi sust bo‘lsa mazkur xaltachadan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Uning qulayliklarini inobatga olgan holda foydalanishda me’yorga amal qilish farzandingiz sog‘ligi uchun juda muhim.
Xurshida HUSENOVA