OSOYISHTALIK TURMUSH TARZIMIZ ASOSI
Mamlakatimizda dilni yayratadigan bayramlar, quvonchli tantanalar ko‘p. Bu yurt tinchligi, xalqning turmushi farovonligidan darak. Ayniqsa, bayramlarda kichkintoylar behad quvonadi.
Uch-to‘rt yil muqaddam Yangi yil bayrami arafasida ko‘chalarimizda pirotexnika vositalari ko‘payib ketgan, bayramni hatto o‘z uyingizda bemalol o‘tirib kutib olish ham muammo bo‘lib qolgandi. Chunki, mamlakatimizga noqonuniy yo‘l bilan keltirilgan pirotexnika vositalarining “paq-puq” ovozi ko‘pchilikni bezovta qilar edi. Buning oqibatida og‘ir asorat koldiruvchi yong‘inlar sodir bo‘lgan. Tinimsiz, shovqin-suronlardan keksalar, ayniqsa, bemorlar, aziyat chekishardi. Ana shunday dilxiraliklarga chek qo‘yish maqsadida 2010 yil 22 sentyabrda “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi bu kabi muammolarni bartaraf etdi.
Ushbu Qonun asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiga va “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish, olib chiqish yoki o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu esa ayni muddao bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasini davlat tomonidan tartibga solinishi va nazorat qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori 2010 yil 25 oktyabrda chop qilindi.
Pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiyaga doir faoliyatni litsenziyaga doir Vazirlar Mahkamasi huzurida komissiya ham tuzildi. Komissiyaga ikki hafta muddatda Komissiya to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlatish topshirildi. Komissiyaning ishchi organi funksiyasini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuklatildi.
Ana shu chora-tadbirlar tufayli mamlakatimizda ushbu yo‘nalishdagi ishlar tartibga tushdi. Yurtdoshlarimiz bu Qonun va qarorlardan behad quvondilar. Ushbu ishlarni tartibga solayotgan qonunlarimizni maqtab, tinchligimizni asrayotgan kishilarimizni alqashyapti. Bu xalqimizning qonun ustuvorligini anglab yetganinini bildiruvchi yana bir e’tirofli dalildir. Mamlakatimizda eng aziz eng ulug‘ bayramimiz – Vatan Mustaqilligi kunida, Navro‘zi ayyomda mushaklar otiladi. Osmonimiz kamalakrang nurlarga to‘ladi. Turli ranglarda tovlanuvchi pufaklar samoni quchadi. Uni ko‘rib katta-kichik quvonadi. Dil yayraydi. Jajji go‘daklar chapak chalib quvnashadi.
Bu mushaklardan fodalanishni mutaxassislar quvonchli kunlarda, zururat yuzasidan fuqarolarning xavfsizligini ta’minlagan holda amalga oshiradilar.
Ra’no Zaripova