Ehtirom ko‘ngillarni obod etadi

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek “Qayerdaki keksalar bo‘lsa, ularga e’tibor bo‘lsa, shu joyda, fayz bor, baraka bor”. Darhaqiqat, keksa otaxon-onaxonlar uyimizning farishtalaridir. Ularning pandu nasihatlari yoshlar tarbiyasida asosiy mezon hisoblanadi. Millatimizga xos qadriyatlar, umuminsoniy fazilatlar asriy an’analar das­turxonimiz to‘rini egallagan bobo va buvilarimiz sabab ildiz otmoqda. Uning tag-tomiri shu qadar mustahkamki, bundan bahra olgan kelajak nihollar shubhasiz quloch yetmas chinorlarga aylanajak.

“ELVISTI” xalqaro axborot markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi uzoq umr ko‘ruvchi mamlakatlar reytingida 17 ta davlat orasida 100 yoshdan oshgan aholining umumiy soni bo‘yicha Yaponiya, Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya va Italiyadan keyin 6-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 100 yoshdan oshgan keksalarning aholi soniga nisbati bo‘yicha Buyuk Britaniya va Yaponiyadan keyin 3–o‘rinni qayd etdi. Bundan ko‘rinib turibdiki yurtimizda keksalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning chek-chegarasi yo‘q.

O‘zbekiston respublikasi davlat mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan xayriya tadbiri munosabati bilan Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “Urush va mehnat faxriylari uchun” respublika pansionatida bo‘lganimizda otaxon va onaxonlar ana shunday g‘amxo‘rlikdan bahramandligining guvohi bo‘ldik.

Ayni vaqtda 135 nafar yolg‘iz qariya va ijtimoiy himoyaga muhtoj pensionerlar yashayotgan mazkur muassasa hovlisidagi yam-yashil bog‘, chamandek ochilib turgan gulu rayhonlar ifori dilga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Shinam xonalardagi saranjom-sarishtalik, toza va ozoda jihozlar, gigiyenik vositalar – bularning barchasi nuroniylar uchun. Shinam oshxonada pazanda oshpazlar mazali taomlar tayyorlashadi. Mavjud kutubxona, dam olish xonasida barcha sharoitlar yaratilgan. Ularga muntazam ravishda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, muassasadagi imkoniyati cheklangan keksalar protez, ortopediya va reabilitatsiya texnik vositalar bilan ta’minlangan. Muassasadagi keksalar Toshkent tibbiyot akademiyasi shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shu bilan bir qatorda ularga hududdagi 15-Oilaviy poliklinika hamda poytaxtdagi nufuzli klinikalarning shifokorlari ham tibbiy xizmat ko‘rsatishmoqda.

– 220 o‘ringa mo‘ljallangan “Urush va mehnat faxriylari uchun” respublika pansionatimiz “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturiga ko‘ra 2016 yil to‘liq ta’mirlash rejasiga kiritilgan, – deydi biz bilan suhbatda muassasa direktori Tursunmurod Eshiyev. – Bu yerdagi har bir keksa otaxon va onaxonga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Ular joriy yilda Samarqand va Buxoroning muqaddas qadamjolariga sayohatga borishdi. Shuning­dek, azim Toshkentning diqqatga sazovor maskanlarini tomosha qilib yurtimizdagi buyuk o‘zgarishlardan bahramand bo‘lishdi. Birgina bu emas, qariyalarning Geolog dam olish zonasida sog‘lig‘ini tiklab qaytgani ham ularning hayotga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshiradi. Otaxon va onaxonlar Ulug‘bek Zufarov, Lola Jo‘rayeva, Feruza Inog‘omova singari shifokorlar hamda Oygul Muhammadiyeva, Bahodir Ahmadov, Irina Dmitreva, Mahmuda Gapirova, Dilbar Shomurodova kabi taj­ribali xodimlar ardog‘ida.

Yana o‘qing:  TISHLAR TOZALIGIDA GAP KO‘P

Darhaqiqat pansionatdagi nuroniylarning o‘rtacha yoshi 82 yosh. Ularning aksariyati sportsevar. Muassasada har bir keksaning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga alohida e’tibor qaratilgan. Sport-sog‘lomlashtirish, ko‘ngil ochar tadbirlar, kinofilmlar namoyishi – bularning barchasi otaxon va onaxonlar uchun ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.

Namoyish etilayotgan konsert dasturiga atlas ko‘ylak kiyib, yasanib kelgan onaxonning qoshidagi o‘smasini ko‘rib to‘g‘risi lol qoldim. Onaxon yurishga qiynalar ekan. Ularning qo‘ltig‘idan tutib o‘tirishga ko‘maklashayotgan muassasa xodimasi yelkasidan quchib, nimalardir deganicha kulib qo‘ydi. Kim bilsin Siz bugun eng chiroyli buvi bo‘libsiz, – degandir. Nima bo‘lganda ham keksalari hurmatda, kichiklari izzatda bo‘lgan diyorning istiqboli porloq, iqboli charog‘ondir.

Jamila XAYDAROVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: