ORGANIZMDA KALSIY YeTISHMASA
Uning sabab va oqibatlari xususida
Kalsiy makroelementi organizmda asosan suyaklar va tishda ko‘p bo‘ladi. Uning ionlari qon ivishida ishtirok etadi hamda hujayra ichida kechadigan turli jarayonlar, gormonlar sekretsiyasi, mushaklar qisqarishi va shu kabi holatlarda bu modda muhim ahamiyatga ega. Uning yetishmovchiligi organizmda turli noxushliklarni keltirib chiqaradi. Buning uchun har bir inson o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishi zarur va vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi kerak. Kalsiy yetishmovchiligining ilk belgilari ko‘zga tashlanishi bilanoq uning o‘rnini to‘ldirish xususida jiddiy o‘ylash kerak.
Kasallik alomatlari
Dastlab kalsiy yetishmovchiligi odamning asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tez-tez asabiylashish, xavotir va asablarning tarang tortishi shundan darak beradi. Ushbu moddaning yetishmovchiligini bemorning tashqi qiyofasiga diqqat bilan qarab ham bilish mumkin. Ya’ni, odamning sochlari o‘z jilosini yo‘qotib, xira tortadi. Ular sinuvchan bo‘lib qoladi. Shuningdek, sochlar tez-tez to‘kiladi. Ayniqsa, tirnoqlar holati jiddiy yomonlashadi. Ba’zan kuchli charchoq va bo‘shashib ketish holati ham organizmda kalsiy moddasi yetishmovchiligi bilan bog‘liq. Sekin o‘sayotgan tirnoqlarda oq dog‘lar paydo bo‘ladi. Yana tishlarning oq emali shikastlanib, kariyes rivojlanishiga ham kalsiy yetishmovchiligi sabab bo‘ladi. Bundan tashqari mushaklar tortishib qolishi, tunda beixtiyor oyoq mushaklaridagi titrashlar, shuningdek, uning qotib qolishiga ham yuqorida nomi tilga olingan moddaning yetishmasligini sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Ichning tez-tez qotishi, spastik qabziyat rivojlanishiga hamda ichaklarning tortishib, og‘rishiga kalsiy tanqisligi turtki bo‘ladi.
Kalsiyning o‘rnini qanday to‘ldirish mumkin?
Kalsiy yetishmovchiligini bemorlar vitamin va minerallar kompleksini iste’mol qilish orqali bartaraf etishi mumkin. Biroq, bu dori vositalari kompleksini shifokor tavsiya etishini unutmang. O‘zbilarmonlik bilan davolanish faqat organizmga zarar keltirib, og‘ir oqibatlarga olib keladi. Ammo, har qanday dori vositalarini iste’mol qilish sifatli, to‘yimli hamda oqilona ovqatlanishning o‘rnini bosolmaydi. Shu sababli kalsiy yetishmovchiligini davolashda barcha omillarni e’tiborga olish zarur. Birinchi navbatda kalsiy moddasining yaxshi o‘zlashtirilishiga e’tibor qaratish kerak. Buning uchun organizmga D vitamini zarur. Chunki, kattalar va bolalar uchun shifokor tomonidan vitaminlar tavsiya etilishida bu holat asosiy shart hisoblanadi.
Doimiy ravishda sun’iy kalsiy dori vositalarini iste’mol qilish vena qon tomirlarida tiqilma hosil qiladi. Ayniqsa, bu varikoz xastaligi (vena qon tomirlari kengayishi) bilan og‘rigan bemorlar uchun xavfli. Shu sababli organizmda kalsiy moddasi yetishmovchiligini tabiiy mahsulotlar bilan to‘ldirish zarur. To‘g‘ri ovqatlanish ko‘pgina kasalliklar, shu jumladan, kalsiy yetishmovchiligining ham oldini oladi.
Har kunlik taomnomada sut va uning mahsulotlari (tvorog, yogurt, kefir, pishloq, qatiq, suzma) bo‘lishi shart. Ayniqsa, gipokalsemiya (kalsiy yetishmasligi) kasalligiga moyil bo‘lgan emizikli va homilador ayollar, bolalar, keksalar, shuningdek, klimaks (menopauza) davrini boshidan kechirayotgan xotin-qizlarga yuqorida nomlari tilga olingan mahsulotlarni tez-tez iste’mol qilish tavsiya etiladi. Yana dengiz mahsulotlarida ham ko‘p miqdorda kalsiy moddasi mavjud. Bundan tashqari bu mahsulotlar tarkibida D vitamini va fosfor mo‘l. Bu darmondorilar esa suyaklarni mustahkamlashga yordam beradi. O‘simlik mahsulotlari bo‘lmish karam, salat bargi, selderey, petrushka ko‘kati, kunjut urug‘i, yong‘oqlar tarkibida ham kalsiy moddasi ko‘p uchraydi.
Kattalar uchun kalsiyning bir kecha-kunduzlik zaruriy miqdori 0, 8-1, 1 gramm, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa 1 gramm, o‘smirlarga 1, 5-2 grammgacha ushbu makroelementni iste’mol qilish zarur bo‘ladi. Kattalar organizmida kalsiy tanqisligini 150 gramm qattiq pishloq va 1 litr sut bilan qondirish mumkin.
Tabiiy mahsulotlardagi kalsiyning ortiqchasi organizm uchun zararli emas. Ammo sun’iy kalsiy moddasining ortiqchasi buning aksi hisoblanadi. Chunki, tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi bu makroelement sun’iysi kabi organizmda yig‘ilib qolmaydi. Balki vujud tomonidan yaxshigina o‘zlashtiriladi va keraksizi tanadan tashqariga chiqarilib yuboriladi.
Biroq, ayrim shirin gazli mahsulotlar, masalan, “koka-kola” va sho‘r oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi natriy xlorid kalsiy moddasining peshob bilan organizmdan chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. 90 foiz natriy tanaga bevosita oshxona tuzi bilan emas, balki oziq-ovqat mahsulotlari orqali tushadi. Shu sababli haddan tashqari sho‘r mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
D vitaminining organizm tomonidan kalsiy moddasini o‘zlashtirishidagi ahamiyati
D darmondorisi organizmda 30-40 foiz kalsiy moddasi so‘rilishiga ijobiy ta’sir etadi. Kanadaning osteoporoz bo‘yicha assotsiatsiyasi kattalar uchun 400 XBgacha (xalqaro birlik – rus tilida ME deb nomlanadi) keksalarga esa 400 XBdan 800 XBgacha ushbu vitaminni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bu darmondorining organizm tomonidan eng oson o‘zlashtirish yo‘li – bu quyoshli kunlarda toza havoda ola-chalpoq soya joylarda sayr etishdir. Chunki, quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’siri ostida organizmda D vitamini hosil bo‘ladi. Faqat kunduzi 1100 va kechki soat 1700 dan keyin ochiq havoda sayr etish tavsiya etiladi. Jazirama issiq kunlarda esa o‘zingizni va farzandlaringizni oftob urishidan asrang.
Tarkibida D darmondorisi mo‘l bo‘lgan mahsulotlar
Bu vitamin yetishmovchiligi bolalarda raxit xastaligining rivojlanishiga va kattalarda osteoporoz (suyaklar mo‘rtligi)ga sabab bo‘ladi.
D darmondorisi tabiiy holda organizmda yig‘ilib qolmaydi. Mabodo sun’iy dori vositasini noto‘g‘ri qo‘llab, uning dozasi oshirib yuborilsa, ichki a’zolarda tuz yig‘ilishi, qonda xolesterin miqdorining oshib ketishi hamda me’da faoliyatining jiddiy buzilishiga sabab bo‘ladi. Ushbu darmondori o‘simlik yog‘larida, achitqi (xamirturush), jigar, buyrak, tuxum, saryog‘, ayniqsa, yog‘li baliq turlari hamda ikra (uvildiriq)da mo‘l bo‘ladi.
Bu vitamin organizmda kalsiy va fosfor almashinuvini boshqaradi. Suyaklarning shakllanishida ishtirok etadi. Qalqonsimon bez va qalqonsimon bez oldi bezlari hamda jinsiy bezlar faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Shuningdek, asab tizimi, yurak faoliyati me’yorda ishlashi uchun D darmondorisi muhim o‘rin tutadi. Milklar mustahkamligi ham shu darmondoriga bog‘liq
Gulchehra ShIRINOVA