MUSTAQILLIK, TIBBIYOT VA SALOMATLIK
Mana, bir necha yildan buyon eng ulug‘ va eng aziz bayram bo‘lgan mustaqillik kuni arafasida xalqimiz barcha sohadagi tub islohotlarni o‘ziga xos tarzda yana bir karra sarhisob etadi. An’anaviy tarzda e’lon qilinayotgan istiqlol ayyomining bu yilgi shiori “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim” deya nomlanishi ham bejiz emas. Ana shu shior ostida yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qisqacha nazar tashlashni joiz deb bildik.
Mamlakatimizda mustaqillik sharofati tufayli barcha sohalarda katta o‘zgarishlar bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham samarali islohotlar amalga oshirilib, sohada sezilarli natijalarga erishildi. Istiqlolning dastlabki yillaridan mamlakatimiz tibbiyot tizimini tubdan isloh etish, aholining barcha qatlamiga malakali tibbiy xizmatdan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlashning samarali mexanizmini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi. Yurtboshimizning 1998 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni va 2007 yil 19 sentyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimida ko‘plab islohotlar amalga oshirildi. Bu borada davlat dasturining qabul kilinishidan asosiy maqsad ham mamlakatimizda tibbiy xizmatning o‘ziga xos milliy modelini shakllantirish, soha rivoji uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, aholiga jahon standartlari darajasida xizmat ko‘rsatishdan iboratdir.
Ayni damda mamlakatimiz tibbiyotini yildan-yilga qanchalik shiddat bilan yuksalib borayotganini birgina zamonaviy tibbiyot muassasasi sifatida shakllanayotgan birlamchi bo‘g‘in QVPlar misolida ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan davr mobaynida yurtimizda 3 mingdan ziyod zamonaviy QVPlar va oilaviy poliklinikalar bunyod etildi hamda ularning faoliyati yanada takomillashtirildi. 1999 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Salomatlik-1”, “Salomatlik-2” loyihalari tashkilotchilari hamkorligida qishloq joylaridagi birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini muassasalari infratuzilmasi yanada takomillashtirildi. Mazkur tibbiyot muassasalari zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi. Eng asosiysi, kundan-kunga aholi ishonchiga sazovor bo‘layotgan bunday punktlarda oliy ma’lumotli umumiy amaliyot shifokorlari faoliyat yuritmokda.
Aholiga ko‘rsatilayotgan malakali tibbiy xizmat, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasidagi chora-tadbirlar tufayli kishilarning yuqumli xastaliklar bilan kasallanishi keskin kamaydi. Chechak, ich terlama, poliomiyelit, bo‘g‘ma, kuydirgi, o‘lat, vabo kabi va boshqa ijtimoiy xavfli hamda yuqumli xastaliklar batamom tugatildi. Bularning barchasi aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi darajasi tobora yuksalib borayotganining ifodasidir.
Prezidentimizning 2011 yil 28 noyabrda “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi tibbiyot sohasida yanada jiddiy yangilanishlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjatda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy talablar va andozalarga muvofiq aholiga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash bilan bog‘liq qator ustuvor vazifalar belgilab berildi. Mamlakatda yuksak talablarga javob beradigan birlamchi tibbiyot, respublika va viloyatlarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, xirurgiya, akusherlik va ginekologiya, kardiologiya, urologiya, gematologiya va qon quyish, ko‘z mikroxirurgiyasi, pediatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, endokrinologiya, dermatologiya va venerologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, onkologiya kabi o‘nlab ixtisoslashtirilgan yirik tibbiy-ilmiy markazlarni o‘z ichiga olgan tibbiyot muassasalarining mukammal tarmog‘i yaratildi. Ular eng zamonaviy rusumdagi tibbiy asbobo-uskunalar bilan jihozlangan. Bugungi kunda mazkur tibbiyot muassasalarining yuksak samarali faoliyati yurtimizda aholining salomatlik ko‘rsatkichlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti andozalariga mos ravishda barqarorligini ta’minlab kelmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, homilador ayollar salomatligini tiklash borasida davlatimiz tomonidan juda katta g‘amxo‘rliklar qilinmoqda. Barcha viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida Skrining hamda Perinatal markazlari tashkil etildi. Natijada onalik va bolalikni muhofazalash borasida ko‘rilayotgan keng qamrovli ishlar tufayli mustaqillik yillarida onalar va bolalar o‘limi uch baravar kamaydi. O‘tgan yillar mobaynida odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga ko‘tarildi. Jahondagi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri bo‘lgan “Save the children” (“Bolalarni asraylik”) tomonidan tuzilgan jahon reytingida O‘zbekiston bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan 161 mamlakat ichida eng ilg‘or yetakchi o‘nta davlat qatoridan joy oldi.
Mamlakatimiz tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarning yana bir yo‘nalishi bu – farmatsevtika sohasidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 19 noyabrdagi “2011 yilgacha bo‘lgan davrda farmatsevtika tarmog‘i korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturi to‘g‘risida”gi qarori farmatsevtika tarmog‘i korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali va oqilona foydalanish, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish, shuningdek, respublika aholisining mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan talab-ehtiyojini kengroq qondirish maqsadiga yo‘naltirilgan. Prezidentimiz va hukumatimizning doimiy e’tibori tufayli respublikamiz farmatsevtika sanoati 120 dan ortiq korxonani o‘z ichiga olgan rivojlanib borayotgan sohaga aylanib bormoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda raqobatbardosh dori vositalarining barcha ko‘rinishi tabletkalar, kapsulalar, surtmalar, galen preparatlar, in’yeksion va infuzion eritmalar va boshqa dori shakllari ishlab chiqariladi. Qolaversa farmatsevtika sanoatini mahalliy xomashyo bilan ta’minlash maqsadida ixtisoslashgan xo‘jaliklarda bir qancha dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda.
Albatta, bu kabi islohotlarning izchil tartibda olib borilishi mamlakatimiz tibbiyoti sohasining yanada yuksalishiga, aholi salomatlik darajasining yuqori bosqichiga ko‘tarilishiga zamin bo‘ladi.
Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonda aholining nafaqat tibbiy savodxonligini oshirishda, balki har bir fuqaroga o‘zining va oila a’zolarining salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish uchun mas’uliyat yuklaydi. Zero, sog‘lom insongina ona Vatan ravnaqi va jamiyat taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘sha oladi.
Mulkiya XIDIROVA,
Jo‘rabek XIDIROV