Keksalarga tibbiy ko‘mak
Ularning umrini uzaytirishda sifatli tibbiy xizmatning o‘rni katta
Insonning yoshi ulg‘aya borishi bilan organizmda paydo bo‘ladigan o‘zgarishlar natijasida muqarrar ro‘y beradigan jarayon bu qarishdir. Ushbu o‘zgarishlar organizmning asta-sekin hayotga moslashuv imkoniyatlari susayishiga olib keladi. Shuni aytib o‘tish kerakki, fiziologik qarish boshlanganda aqliy va jismoniy quvvat, ma’lum ish qobiliyati, xushchaqchaqlik va qiziqishlar saqlanadi. Turli xil noxush tashqi taassurotlar va ichki omillar sababli bu jarayon tezlashib barvaqt yoki patologik qarishga olib keladi.
Odatda qarilikning dastlabki belgilari odamda yetuklik davridan (shartli ravishda 60 yoshdan) so‘ng namoyon bo‘ladi. Biroq, aslini olganda qarish jarayoni organizmning o‘sishi va rivojlanishi to‘xtagandan keyin boshlanadi.
Qarish birinchi navbatda yurak qon-tomir va asab tizimiga ta’sir qiladi. Yurak qon tomir tizimi qarish jarayonida hujayralar, to‘qimalar va a’zolarni biroz zo‘riqish bilan ta’minlaydi. Bu o‘z navbatida ularda so‘nish jarayonini tezlashtiradi. Keksalarda asab tolalari harakatchanligining yomonlashishi tufayli tashabbuskorlik, mehnat qobiliyati ma’lum darajada susayadi. Bir faoliyatdan ikkinchisiga o‘tish qobiliyati qiyinlashadi – tormozlanish jarayonlarining yetarli bo‘lmasligi asab tizimi qo‘zg‘aluvchanligining oshishi bilan kechadi. Shu tufayli atrofdagi narsalarga moslashish va javob reaksiyalari asosi bo‘lmish shartli reflekslar sust ishlaydi va sekin yo‘qoladi. Emotsional beqarorlik kuchayadi. Qarish jarayonida organizmda immunitetning susayishi, kasalliklar avj olishi va ularning ancha og‘ir o‘tishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun kasallikning oldini olish kishining barvaqt qarishiga yo‘l qo‘ymaslikka yordam beradi. Qarilik atrofdagilarga, birinchi navbatda qariyotgan odamning yaqinlariga katta talablar qo‘yadi. Ular qariyaga nisbatan muruvvatli va sabr-toqatli bo‘lishlari, keksa insonga g‘amxo‘rlik qilishlari lozim.
Keksalarning to‘g‘ri ovqatlanishlari katta ahamiyatga ega. Masalan, haddan tashqari ko‘p to‘yimli ovqat yeyish salomatlikka putur yetkazadi. Shu bilan birga taom tarkibi darmondorilarga boy bo‘lishi lozim. Qariganda odatdagi uxlatadigan, og‘riq qoldiruvchi, tinchlantiruvchi dorilarni, shuningdek asab tizimiga salbiy ta’sir etuvchi quyuq qahva yoki achchiq choyni ichmaslik kerak. Bu yoshda chiniqish muolajasi juda muhim, u organizmning moslanuvchanlik mexanizmini rag‘batlantiradi. Uning kasalliklarga chidamini oshiradi. Biroq, chiniqish muolajalari turini va qancha vaqt shug‘ullanishni albatta shifokor bilan maslahatlashib olish lozim. Chunki, organizmdagi yoshga xos o‘zgarishlar bironta surunkali kasallik mavjudligi chiniqishni chegaralaydi, ba’zan uni mutlaqo qo‘llab bo‘lmaydi.
Gerontologlarning ko‘pchiligi uzoq umr ko‘ruvchilarning ancha yoshgacha bardam-baquvvat yashay olish qobiliyatining yuqoriligini irsiy deb hisoblaydi. Ammo uzoq umr ko‘rishda ijtimoiy omillar va aholi yashash tarzining ahamiyati ham nihoyatda katta. Uzoq yashashga ta’sir ko‘rsata oluvchi ijtimoiy va iqtisodiy omillar jumlasiga mehnat turi hamda sharoitlari, moddiy ta’minot, ovqatlanish xususiyati, aholining madaniy darajasi hamda yashash tarzi, tibbiy yordamga bo‘lgan ehtiyojning qanchalik qondirilishi kiradi.
Hozirgi kunda hamshiralar o‘z faoliyatida uzoq umr ko‘rayotgan kishilar bilan ham ish olib boradi. Shunday ekan hamshiralar gerontologiyada hamshiralik ishining maqsad va vazifalarini ham tushunib yetishlari lozim. Buning uchun palliativ davolash tamoyillari mavjuddir. “Palliativ” termini lotincha “pallium” – o‘rab olish ma’nosini bildiradi. Bemorga palliativ yordam ko‘rsatish: tibbiy, ijtimoiy, ruhiy yordam yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Palliativ davolashda bemor hayotini uzaytirish emas, uning sifatini ta’minlash muhimdir. Bu tibbiy yordam umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan bo‘lib, uning negizida azob-uqubat va o‘limga nisbatan mehr-shavqatga yo‘g‘rilgan insonparvarlik munosabatlari yotadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra rak (saraton) kasalliklari yurak-qon tomir xastaliklaridan keyin 2– o‘rinni egallaydi. Bemorlarning 75 foizga yaqini ambulator bosqichda birinchi marotaba shifoxonaga murojaat etganda kasallikning terminal(o‘ta og‘ir) davrida bo‘ladilar va ular palliativ tibbiy yordamga muhtojdirlar. Ushbu o‘rinda radikal va palliativ tibbiyot orasidagi farqni ta’kidlab o‘tish joiz.
Radikal tibbiyot bemorni tuzatishga qaratilgan bo‘lib, sog‘ayishga bo‘lgan eng kichik imkoniyatdan foydalanishdir. U yordam bermagandagina palliativ tibbiyot yordamiga o‘tiladi. Chet el tibbiyot amaliyotida bu davolash usullari “Xospis” muassasalarida amalga oshiriladi. U yerda zamonaviy tibbiyot yordam berishga ojiz holatiga tushgan bemorlar parvarish qilinadi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida “Xospis”lar tashkil etilmoqda. Bu ham har tomonlama yordamga muhtoj odam uchun beg‘araz insonparvarlik va mehru muruvvatning yorqin timsolidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zamira ZOKIROVA,
O‘quv-davolash kompleksi tibbiyot kolleji “Hamshiralik ishi asoslari”kafedrasi mudiri,
Nozima MUTALOVA,
o‘qituvchi