BILIM VA BAXT YONMA-YON
Sharq allomasi Abu Nasr Forobiyning shunday go‘zal falsafiy ta’kidi mavjud: “Yaxshi fazilatlar ikki turli ya’ni, xulqiy va fikriy bo‘ladi. Fikriy fazilat kishiga aqliy quvvat baxshida etadi. Aqllilik, donolik, fahm-farosatlilik, zehnlilikni vujudga keltiradi. Xulqiy fazilat esa intiluvchi quvvatga ega bo‘lib, iffat, shijoat, saxiylik va adolatlilik xususiyatlarini tarbiyalaydi”.
Keksalarni e’zozlash yilida 80 yoshga yetgan pedagogika fanlari doktori Valentina Andriyanova aynan ana shunday fazilatlar sohibidir.
Umrini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan olima, shogirdlariga e’tiborli va ayni paytda talabchanligi bilan ajralib turadigan ustoz pedagogdir. Olima asli Rossiyaning Ryazan viloyatida tavallud topgan bo‘lib, to‘rt yoshligida Chirchiq shahriga ota-onasining xizmat taqozosi bilan ko‘chib keladi. Shu-shu u o‘zini O‘zbekistondan ayro tasavvur qila olmaydi. Zero, shu yerda tarbiya topdi, kamolga yetdi.
Ustozi Rimma Yemelina tavsiyasi bilan O‘rta Osiyo davlat universiteti (bugungi O‘zbekiston Milliy universiteti)ga o‘qishga kirgan iqtidorli qiz o‘zbek va rus maktablarida rus tili va adabiyotini o‘qitish bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishdi. Oliy o‘quv yurtini imtiyozli diplom bilan tamomlagan yosh mutaxassis o‘z pedagoglik faoliyatini Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi 24-umumta’lim maktabida boshladi. U muallimlik bilan birga o‘qituvchi yoshlar tashkilotining kotibi, metod birlashma rahbari kabi jamoatchilik ishlarini ham bajarib, elning e’tibori va ishonchini qozondi. Shu bilan birga milliy maktablarda rus tilini o‘qitish masalalari va muammolari yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar ham olib bordi.
Maktabda tajriba to‘plab amaliyotni o‘rgangan yosh mutaxassis pedagog Yevgeniya Stenmanning tavsiyasi bilan 1960 yilda T.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutining rus tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi bo‘limiga ishga qabul qilindi. Mana qirq besh yildirki, u shu dargohda faoliyat olib bormoqda.
Ustoz 1969 yilda muvaffaqiyatli himoya qilgan nomzodlik dissertatsiyasini milliy maktablarning beshinchi va oltinchi sinf o‘quvchilarining rus tili darslarini o‘zlashtirishiga bag‘ishladi. Olima “O‘zbek o‘quvchilarining rus tilidagi og‘zaki nutqini o‘stirishning nazariyasi va amaliyoti” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini ham muvaffaqiyatli yoqladi.
O‘tgan davrda 500 dan ziyod ilmiy-pedagogik ishlari chop etildi. O‘z ishining mutaxassisi sifatida monografiyalar, umumta’lim maktablari, litsey va kollejlarda rus tili va adabiyotini o‘qitishga doir konsepsiya, davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar, o‘quvchilarning bilim hamda ko‘nikmalarini aniqlash mezonlari, maktab o‘quvchilari uchun lug‘atlar, umumta’lim maktablarining 5-11-sinf o‘qituvchilariga mo‘ljallangan metodik qo‘llanmalar, maqolalar va tezislar, “Biz ruscha gaplashamiz” nomli gramplastinkalarga yozilgan o‘quv dasturlari yaratdi. Shuningdek, qator yillar davomida Polsha, Vengriya, Armaniston, Qozog‘iston kabi dunyoning turli mamlakatlari va O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Termiz va boshqa shaharlarida o‘tkaziladigan xalqaro kongresslar, simpozium, konferensiya va seminarlarda o‘zbek o‘quvchilarining ruscha nutqini o‘stirish jarayonini takomillashtirishga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Valentina Andriyanova O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan ilmiy-amaliy loyihalarga rahbarlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi ta’lim-tarbiyaning metodikasi va nazariyasi ixtisosligi bo‘yicha ilmiy kengash o‘rinbosari sifatida faoliyati mobaynida hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ekspert komissiyasi a’zosi sifatida ham yosh mutaxassislar tayyorlashdek mas’uliyatli ishga munosib hissasini qo‘shdi. Olima rahbarligida 16 nafar yosh olim ilmiy ishlarini himoya qildi.
Ko‘p yillik ilmiy pedagogik faoliyatidagi yutuqlari, mehnati va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun V.Andriyanova Beruniy nomli faxriy medal, “Mehnat faxriysi”, “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi”, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va boshqa tashkilotlarning qator ko‘krak nishonlari bilan mukofotlandi.
Dilnoz RO‘ZIYEVA,
pedagogika fanlari doktori, professor