SO‘Z GAVHAR ERUR
Amir Temur va temuriylar davri, mana bir necha asrlarki dunyo ahlining hayratiga sabab bo‘lib kelmoqda. Bu davrda fan va san’atning turli sohalari yuksak darajada rivojlandi, hamda taraqqiy etdi. Salkam ikki asrlik tarixda yetishib chiqqan olimu shoirlarni sanab adog‘iga yetolmaymiz. Ana shunday davrda o‘sib ulg‘aygan “So‘z mulkining sultoni” Nizomiddin Mir Alisher Navoiydir.
U “Majolis-un nafois” – (Nafis ta’blar majlisi) nomli asarni tartib etib, unda, she’riyatga befarq bo‘lmagan Temuriy hukmdordan tortib, aholining barcha qatlamiga mansub bo‘lgan shoiru adiblarni sanab o‘tadi. Mazkur asarning yana bir e’tiborli tomoni borki, kishining beixtiyor diqqatini o‘ziga tortadi. Bu “Xurosonning va ba’zi yerning mirzodalari va soyir ozodalari zikridakim, tab’ salomati va zihi istiqomati alarg‘a boisi nazm bo‘lur, ammo mudovamat qilmaslar”, deb nomlanuvchi beshinchi majlisidir. Unda shoir Amir Temur va Temuriylar davlatida xizmat qilgan, she’riyatga ham befarq bo‘lmagan, amirlar, sarkardalar, sipohiylar va boshqa davlat amaldorlari hamda ularning farzandlar haqida to‘xtalib o‘tadi. Jumladan, Navoiy asarida o‘z vaqtida adabiyot tillari bo‘lmish turkiy va fors tillarida ijod qilib turganlardan quyidagilarni keltiradi:
Mir Husayn Ali Jaloyir. Navoiy uni “Tufayliy” taxallusi bilan she’r yozib turishini qayd etadi. Otasi Yodgor Mirzoning amirlaridan bo‘lgan, Tufayliyning o‘zi esa Husayn Boyqaroning saroyida dastlab qushbegi so‘ng parvonachi vazifalarida faoliyat yuritgan. Navoiy uni “qasida uslubi aning haqqidur” deya ta’riflaydi, hatto Sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlab qasida yozganini ham qayd etadi va quyidagi uning qalamiga mansub matla’asini keltirib o‘tadi:
Bihamdillahki, digar rah ba iqboli shahi odil,
Burun omad gulam az xoru xor az povu va po az gil.
Tarjimasi: Xudoga shukrki, odil shohning mehribonchiligi bilan yana bir yo‘la gulim tikandan, tikan oyog‘imdan, oyoq esa loydan chiqdi.
Mir Haydar. U Navoiy davrida yashagan dongdor sipohiylardan bo‘lgan. Shuningdek, uni “o‘q otmoqda jald va qilich chopmoqda chobuk va soyir jalodatlarda oncha borkim, asrining ahli pisand qilurlar”, deya tavsif etar ekan, “Sabuhiy” taxallusi bilan she’r yozib turganini ham qayd etadi.
Sulton Husayn. Temuriylar davlatidagi nufuzli amirlarning avlodi bo‘lmish Sulton Husayn, Navoiyning akasi Shayx Bahlulbekning o‘g‘li edi. Navoiy “Majolis-un nafois”da uni “Xatmiy” taxallusi bilan she’r yozib turishini aytib o‘tadi va uning quyidagi matla’sini keltirib o‘tadi.
Maro bisyor mushkil menamoyad furqati jonon,
Vidoi joni shirin hast dushvor, ey musulmonon.
Ma’nosi: Jonondan ayrilish menga behad mushkul ko‘rinadi. Ey, musulmonlar, shirin jon bilan xayrlashish qiyindir.
Yomg‘urchibek. Husayn Boyqaroning sodiq beklaridan bo‘lgan Mir Valibekning o‘g‘li bo‘lgan Yomg‘urchibek tengsiz sipohiy bo‘lish bilan birga, “Sipohiy” taxallusi ostida she’r ham qoralab turgan. Navoiy uning quyidagi baytini keltirib o‘tadi:
Ba masjideki, ravam dar firoqi dilbari xesh,
Bahona sajda kunam bar zamin niham sari xesh.
Ma’nosi: Dilbarim firoqida masjidga borib, sajda qilish bahonasida boshimni yerga uraman.
Soqiy. Navoiy uni faqat taxallusi bilan zikr etadi. Ammo sipohiylikda tengi yo‘q bo‘lganini hatto “Xurosonning sipohiylaridin mutaayyin va muqarrar kishilar ani imkoni boricha ta’rif qilurlar erdi” deya ta’riflaydi. Soqiy fors va turkiy tillarda she’rlar yozib turgan. Navoiy uni quyidagi otga bag‘ishlangan turkiy masnaviysini keltiradi.
Tazarve erdi ra’noliqda oti,
Iki yonchoq bo‘lub ikki qanoti.
Umuman olganda Navoiy “Majolis-un nafois”da Amir Davlatshoh, Mir Ibrohim, Sheram, Mir Ishqiy, Mir Ali Do‘st Rafiqiy, Muhammad Ali Jaloyir kabi 21 nafar Temuriylar davlatida nufuzli lavozimlarda turgan, hamda o‘z davrining tengsiz bahodirlari va shuning bilan bir qatorda she’riyatda ham nozik did sohiblari bo‘lgan zotlarni zikr etib o‘tadi.
Darhaqiqat, Navoiyning bu kabi ma’lumotlari Temuriylar davlatida xizmat qilayotgan har bir sarkardaning ham jismoniy, hamda ma’naviy jihatdan naqadar sog‘lom bo‘lganidan dalolat beradi. Bugungi o‘sib kelayotgan avlodning ham ketma-ket qo‘lga kiritayotgan zafarlarini kuzatar ekanmiz, ana shunday jasur va ma’rifatli ajdodlarimizning izdoshlari yetishib chiqayotganidan qalbimiz cheksiz g‘ururga to‘ladi.
Muzaffarxon JONIYEV,
O‘zRFA Temuriylar tarixi Davlat muzeyi katta ilmiy xodimi