SUKUTNING XOSIYATI
Qalbi muhabbatga to‘lib, bir-birisiz hayotni tasavvur etolmagan ikki yosh turmush qurishdi. Hali hayotning achchiq-chuchugidan bexabar sevishganlar muhabbatdan masrur edilar. Turmushning “musht”lari bo‘y ko‘rsata boshlagan ham ediki, ular dunyoga sig‘may ketishdi. Oilada chiqa boshlagan nizolar, kelishmovchiliklar ikkalasining ham “sabr kosasi”ni to‘ldirdi.
Ha, Farida bilan Nizomjonlarning oila qurganiga hali ikki yil ham bo‘lmadi. Kun ora bo‘ladigan janjallardan to‘ygan er bir kuni u bilan ajrashmoqchi ekanini aytib qoldi. Kutilmaganda bu gapdan Farida gangib qoldi. Nega, nima uchun? Axir ular sevishib turmush qurishgandi. Xayolan ajrashishga sabab izlay boshladi. Uyiga qaytib boradigan bo‘lsa, kelinlikka shay bo‘lib turgan ikki nafar singlisining baxtini to‘sib qo‘yishdan cho‘chidi. Erini bu maqsadidan qaytarish imkonlarini izlay boshladi. Ne qilarini bilmay boshi gangib, erini o‘ziga isitib olish maqsadida domlaga bordi. Bo‘lgan voqealarni u kishiga so‘zlab berdi.
Domla suv to‘ldirilgan idishga dam solib uni Faridaga uzatdi. Unga – “Ering ishdan qaytgandan so‘ng unga salom bergach, idishdagi suvni ichib ol. Yutib yuborma, uzoq ushlab tur va bilib-bilib ishingni qil” – deya tayinladi.
Farida “najotkor” domla aytganiday har gal turmush o‘rtog‘i ishdan qaytganidan so‘ng unga salom berib og‘ziga suvni to‘ldirib olardi. Erining, dakki berib aytgan – “Choyni achchiq damlabsan”, – “Ko‘ylagimni yaxshi dazmollamabsan”, – “Ovqatingning tuzi past” degan so‘zlariga “lom-mim” demay jo‘rttaga u aytgan yumushlarni bajaraverdi. Xotinining “og‘ziga talqon solib olganday” indamayotganini ko‘rib ajablangan er: – Shunday mo‘mina ayol bilan ajrashadigan axmoq yo‘q, deya unga mehri tovlanib, u bilan ajrashish fikridan qaytdi.
Oilasi mustahkamlangan Farida domlaning uyiga borib minnatdorchilik bildirdi. Shunda u kishi – “Idishning ichida oddiy suv bor edi. Oilang buzilib ketishiga tilingni tiya bilmaganing sabab bo‘lgan” – deb so‘zini nihoyaladi. Bu gaplarni eshitgan Farida o‘ziga kerakli xulosani chiqarib olib eri jahl ustida unga ovozini balandlatganda hamon sukut saqlar ekan. Eri ham xotini kabi mo‘min tortib, arzimagan sabablardan janjal chiqarishni bas qilibdi. Qissadan hissa shuki, er-xotin bir-birini tushunib, kezi kelganda tiliga erk bermasdan, sabr bilan hayot kechirishsa ularning orasida urush-janjalga o‘rin qolmay bir-biri bilan ahil va tinch-totuv hayot kechiradilar.
Turonbeka JABBORLI