O‘FLON ER YIGIT BO‘LIB O‘SSIN
Uning tarbiyasida ko‘proq ota mas’ulmi yoki ona…?
O‘zbek xalqi qadimdan farzand tarbiyasiga katta e’tibor qaratib kelgan. Ko‘pgina adabiy va tarixiy manbalarda shu mavzuga oid ko‘plab dalillar mavjud. Xususan, “Alpomish” dostonidan Oybarchinning o‘g‘li Yodgorbekni mard, jasur, oriyatli shaxs sifatida kamol topishi uchun jon kuydirgan lavhalar o‘rin olgan. Alpomish yetti yillik bandilikdan so‘ng yurtini daraklab kelayotganda o‘g‘li Yodgorbekni uchratib so‘roqqa tutadi. “Otam Alpomish, yurtim Boysun, elim Qo‘ng‘irot”. Mazkur javobdan otaning ko‘ksi faxrga to‘ladi. Albatta, bu Oybarchinning farosati, onalik mas’uliyatining ifodasi edi.
Saroymulkxonimning Temuriy shahzodalarga bergan tarbiyasi ham tarixda alohida o‘rin tutgan. Saroylarda bolaning kelajagiga jiddiy etibor qaratilgani, maxsus enagalar faoliyat yuritgani barchamizga ma’lum. Ular ham o‘qimishli, saroyda o‘z nufuziga ega oila ayollaridan tayinlangan. Bu mulohaza milliy urf-odat va tariximizga bir nazar edi. Xo‘sh, bugungi G‘arb va Sharq mentaliteti bir-biriga uyg‘unlashib borayotgan bir paytda milliy o‘zlikni qadrlaydigan, vatanparvar, oriyatli yigitlarni voyaga yetkazishga ko‘proq kim ma’sul: otami yoki ona?
ORIYATI BALAND BO‘LISHI LOZIM
– O‘g‘il bolani mard yigit qilib tarbiyalash har qaysi davrda ham muhim masalalardan biri hisoblangan, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, yuridik fanlari nomzodi Vohidjon Topildiyev. – Ularni jamiyatga foydasi tegadigan o‘g‘lon bo‘lib yetishishida ko‘pgina jihatlarga e’tibor bermoq lozim. O‘g‘il bolaga qattiqqo‘llik qilmaslik, u bilan munosabatda bo‘layotganda bolaning fazilatlarini va tabiatini inobatga olish kerak. Ba’zida o‘ta talabchanlik, tarbiyaviy bosim uning ruhiyati, erkini sindirib qo‘yishi mumkin. Bu esa o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni yuzaga chiqaradi. Qaysidir harakatini maqtash yoki koyish, xatosining oqibatlarini sekin tushuntirish muhimdir. O‘g‘il bola fitratida shunday kuch borki, unda yigit kishining zabardastligi, shijoati, boringki, er-yigitning ruhiyati mujassamdir. Tarbiya jarayonida bo‘lar-bo‘lmasga tergash, uni kamsitish, taqib etaverishlar uning tog‘dek baland ruhiyatini bukib qo‘yishi mumkin. Bu yo‘qotishni esa hech qanday kuch bilan qayta tiklab bo‘lmaydi.
O‘g‘il bolani kelajakda oila boshlig‘i bo‘lishini inobatga olgan holda uni mulohazali bo‘lishga o‘rgatish, va o‘zini ruhiy holatini boshqara olishga o‘rgatish muhim vazifalarimizdan biridir. Bu kabi vazifalarni bola qalbiga jo etishga ko‘proq ota mas’ul deb bilaman.
Shuni ta’kidlash lozimki, xorijiy mamlakatlar qatori O‘zbekiston ham “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaga a’zo bo‘lgan. Bu esa yurtning bolalariga bo‘lgan g‘amxo‘rlik nishonasi sanaladi. Ushbu qonunning 7-moddasida: “Bola tug‘ilgan zahoti ro‘yxatga olinadi va tug‘ilgan daqiqasidan boshlab ismi bilan atalish va fuqarolikka ega bo‘lish, shuningdek, iloji boricha, o‘z ota-onasini bilish va ularning g‘amxo‘rliklaridan bahramand bo‘lish huquqlarini olishga haqli hisoblanadi” deyilgan. 13-modda: “Bola o‘zining fikrini erkin ifodalash huquqiga ega: bu huquq har qanday turdagi axborotni, chegarasidan qat’iy nazar, og‘zaki, yozma yoki bosma shaklda, san’at asari ko‘rinishida yoki bolaning tanloviga ko‘ra boshqa vositalar yordamida izlash, olish va uzatish erkinligi o‘z ichiga oladi” deb yozilgan. Demak, barcha davlatlarda ham bolalar tarbiyasiga, ularning kelajakda barkamol bo‘lib ulg‘ayishlariga bo‘lgan e’tibor doimo nazoratda.
OTA-O‘G‘IL OILANING QO‘Sh USTUNI
– O‘g‘il bola kelajakda oilasining himoyachisiga aylanadi, – deydi amaliyotchi psixolog Shahnoza Xalilova. – Uning xonadondagi o‘rni oilasidagi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan muhitga bog‘liq. Xususan, ba’zi oilada o‘g‘il bola yaxshi kasb egasi bo‘lishi mumkin. Mo‘may daromad topish maqsadida ertalabdan kechgacha ishlaydi. Shuning uchun uning kirlarini yuvib, ovqatlarni tayyorlab berish singlisining, yoki onasining zimmasida bo‘ladi. Boshqa oiladagi o‘g‘il farzand uy ishlarini ham qilaveradi, onasiga yordamlashadi. Qiz farzand yo‘qligi sababli oilada uning o‘rni boshqacharoq. Ko‘rib turganimizdek oilada o‘g‘il bolaning o‘rni vaziyatga qarab joylashadi.
O‘g‘il bolani har qanday vaziyatda ham g‘ururli va qat’iyatli bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlash zarur. Biz o‘g‘il bolaga juda ko‘p yo‘q deymiz. “Unday qilma, bunday qilma, bu xavfli”ga o‘xshash tanbehlarni beraveramiz. Bu esa undagi energiyani cheklaydi. Albatta, o‘g‘il bolalar tarbiyasi ancha og‘ir va ma’suliyatlidir.
O‘g‘il bola tarbiyasida erkak kishining o‘rni muhim. O‘g‘il bola kuchli shaxs sifatida otaga tayanadi. Shuning uchun unga o‘zining imkoniyati darajasidan kelib chiqib ma’suliyatli ishlar yuklab, uning bajarilishini nazorat qilib turish kerak. Natijaga qarab esa vazifalarni ko‘paytirib borish lozim. Shunda u sekin-asta mehnatga o‘rganadi.
SPORT QAT’IYLIKNI O‘RGATADI
– Sport o‘g‘il bolaning fel’-atvoriga ta’sir qiladi, – deydi xalqaro toifadagi sport ustasi Muhtaramxon Aliyeva. – Uni metin irodali bo‘lishiga, o‘zining ustida ishlashga o‘rgatadi. Bolaning o‘ziga nisbatan ishonchi ortib, dunyoqarashini yaxshi tarafga o‘zgartiradi. Bizning to‘garakka ko‘pincha yumshoq tabiatli, tortinchoq bolalarni olib kelishadi. “Farzandimni kuchli, xaqiqiy er yigit kabi shijoatli qilib tarbiyalang”deb menga topshiradilar. O‘zida ishonchi yo‘q, tortinchoq bolalar bir-ikki oy ichida sport bilan shug‘ullangalaridan so‘ng ularning ruhiyatida qat’iylik shakllanayotganini sezaman. Bola nimjon, sog‘lig‘i zaif bo‘lsa ham sport bilan shug‘ullanishi mumkin. Faqat mashg‘ulotni to‘g‘ri yo‘nalishda olib borish kerak. Bizda hatto imkoniyati cheklangan bolalar ham sport bilan shug‘ullanib, musobaqalarda qatnashib g‘oliblar safidan o‘rin olmoqda. Demakki, sport bilan oqilona shug‘ullanib borilsa, bola tarbiyasida yaxshi natijalarga erishiladi.
O‘g‘il bola oilamizning faxri, guldek qizlarimizning himoyachisi, keksalik chog‘imizning rohat-farog‘ati sanaladi. Zero, oilamizning fayzu barakasi, ertangi iqboli go‘zal xulqli, solih farzandlarimizga bog‘liq. Ularni shunday sifatlar bilan ziynatlash esa har bir ota-onaning vazifasidir.
Charos XUSHVAQTOVA