OTMdagi SOVCHILAR

Xalqimizda “Maslahatli ish tarqamas” degan naql bejiz aytilmagan. O‘g‘il uylantirishni niyat qilgan qavmu-qarindosh bir joyga jamlanib, qaysi xonadon ostonasini “supirish”ni maslahat qilishadi. Bu ham qadriyatlarimizning kichik bir ko‘rinishidir. Azaldan kelin tanlashda shunchaki munosibini topish emas, kelajakni yaratayotganlarini ham inobatga olishgan. Kelin ota-onaning xizmatini qilibgina qolmay, farzand tarbiyalaydi va shu orqali oila kelajagini ta’minlaydi. Bunda asosiy vazifa sovchilarning zimmasiga yuklanadi. Sovchilik maqomiga tayinlanganlar oila tutumiga mos qizni topish uchun yetti o‘lchab bir kesishgan. Xo‘sh, ayni zamonda ham sovchilik odobi risoladagidekmi? Agar shunday bo‘lsa, oliy o‘quv yurtlarining atrofida “qiz ovlovchilar”ning zimdan kuzatishini qanday izohlash mumkin?

Institutda tahsil olayotgan singlimdan “falonchi dugonamni yo‘qlab kelishibdi” yoki “bashang kiyingan ayollar qiz tanlagani kelibdi” kabi so‘zlarni eshitib qolaman. Ajabo! Oliy o‘quv yurtlariga borayotgan “sovchi”lar qizni qay me’yorlarga ko‘ra tanlashar ekan? Bir ko‘rishda odamga baho berish qiyin, uning ichki dunyosini bilish, yaqindan o‘rganish undanda mushkul. Shu bois sovchilar avvalo o‘zlari tanigan, bilgan insonlar tavsiya qilgan qizni kelin qilgani ma’qul emasmi?

Sovchilikka kelgan ayollar o‘quvchi qizlarga har tomonlama ta’sir qiladi. Endi ular kuni bo‘yi sovchilar kimni surishtirib kelgani-yu, kuyov bo‘lmishning qanday bola bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi xayollar va o‘zaro shivir-shivirlar bilan band bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida darslarni o‘zlashtirish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri dars jarayonlarining borishiga ham xalaqit beradi. So‘nggi paytlarda bu kabi “tashrif”larning ko‘payib qolganini inobatga olsak, bu holat jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘ramiz.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nodira Toshpo‘latova:

– Rostdan ham o‘quv maskanlariga qizlarni surishtirib keluvchilar talaygina. Buni tushunamiz. Zero, oliy ma’lumotli qiz har taraflama uddaburon, ma’rifatli, oila tutumini anglab yetgan bo‘ladi. Ilm olishni istagan insonning qalbi ham, hayoti ham ziyoga to‘ladi. Unversitetimizda tahsil olayotgan qizlarning odob-axloqini surishtirib kelganlarga, qizlarimizning barchasi kelinlik maqomiga munosib ekanligini aytamiz. Ammo dars jarayoniga xalal berib, qizlarni suhbatga tortishiga ruxsat bermaymiz. Sovchilarning sinfxona eshigini taqillatishi o‘quvchilarni chalg‘itadi, qizlar tarbiyasiga ham ta’sir qiladi. Ularning xayolida turli xil o‘ylar paydo bo‘ladi. Biror qizni yo‘qlab kelganlar boshqa qizlarning ham e’tiborini tortadi. Ularning o‘zini tutishi, harakati o‘zgaradi.

Yana o‘qing:  AVVALO, KO‘NGIL OBOD BO‘LSIN

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” fakulteti kafedra mudirasi Muqaddas Ahmadjonova:

– Hurmatli onalardan bir narsani tushunishlarini iltimos qilar edim, bu yer oliy o‘quv yurti, unda talabalar bilim oladi. Hamma harakatlar, qo‘shimcha darslar yoshlarning bilim saviyasini yanada oshirishga qaratilgan. “Sovchilik agentligi” emas bu dargoh. Dono xalqimiz “onasini ko‘rib qizini ol” deyishgan. Sovchilar mahallaga borishsin, u yerdagi faollardan, maslahatchilardan so‘rashsin. Qaysi oilada o‘qimishli, odob-axloqli qizlar tarbiyalanayotganini aytishadi. O‘zlariga ma’qulini topgach, ana undan so‘ng institutga kelib bizdan qizning xulqi haqida so‘rashsa o‘rinli bo‘lar edi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib, “sara qizlaringizni ko‘rsating” deyish sovchilik maqomiga xos emas. Bog‘ga olma tergani kelgandek gap emasmi bu? Bunday qarashlar mentalitetimizga, urf-odatlarimizga mos kelmaydi.

Albatta, mentalitet haqida so‘z borar ekan masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratsak. To‘ydan oldin qaynona bilan yoki xonadonning boshqa a’zolari bilan kelinning yuzma-yuz suhbatlashishi mentalitetimizga xosmi? O‘rtadagi hayo, odob-andisha kabi tushunchalar chetga chiqib qolmayaptimi?

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nilufar Tadjibayeva:

– Bilasizmi, ayrim yoshlarimiz moda ketidan quvib, oilasining qadriyatiga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi, zamon talabiga mos keladigan kiyimlarni kiyishga intiladi. Oilasida boshqa xarakterda, ko‘cha-kuyda o‘zini boshqa tutayotganlar ham yo‘q emas. Shu sabab onalarni institutlarga borib, qizlarning yurish-turishini kuzatishlarini to‘g‘ri tushunaman. Qiz bola oliy ma’lumotli bo‘lish bilan bir qatorda, fahm-farosatli, oilasini qadrlaydigan bo‘lishi kerak. Ammo kelgan sovchilarning qizlar bilan yuzma-yuz gaplashishini yoqlamayman.

Azaldan onalarimiz qizini turmushga uzatayotganda “hatto qaynonangning yuziga tik qarab gapirma” deb uqtirishgan. Sababi qiz bolaning xayoli ekani uning yaxshi tarbiya topganidan dalolat beradi. Andishali kelin oilasidan izzat topadi. Qaynonalarning to‘ydan oldin kelin bilan ochiq suhbat qurishi, o‘rtadagi andisha pardasini ko‘taradi. Qaynona bilan bemalol muloqot qilgan qiz keyinchalik uni hurmat qilmasligi ham mumkin. Har qancha surishtirishlar sirli bo‘lgani ma’qul. Qiz ham bilmasin atrofidagilar ham. Ana shunda oq qanddek xonadoniga olib kelgan kelini barchani birdek hurmat qiladi.

Muxtasar aytganda, sovchilarning oliy o‘quv yurtlari bo‘ylab kelin izlashlari hech bir odatimizga to‘g‘ri kelmaydigan holdir. Oliy ma’lumotli, odob-axloqli, epli kelinni hamma istaydi ammo shunday kelin qidirish asnosida qadriyatlarimizni, an’analarimizni chetlab o‘tish yaxshi oqibatga olib kelmaydi, nazarimda. Ilm maskanlaridan darslarga xalal berib, o‘quvchilar diqqatini chalg‘itish odobdan emas. Aytaylik, oliy o‘quv yurtidan ko‘ngildagidek qiz uchratib to‘y-tomosha bilan olib ketishdi. Bu yaxshi albatta, lekin yuqorida dugonamning vaziyatiga tushib qolgan qizlarning taqdirini ham esdan chiqarmaslik lozim. Zero, sovchilikka bel bog‘laganlarning harakati boshqalar ko‘nglini xufton qilmasligi, do‘stu dugonalari orasida qiz bolani mulzam qilib qo‘yishi haqida o‘ylasalar yomon bo‘lmas edi. Eng muhimi, sovchilar qadriyatlarimiz va mentalitetimizga mos ravishda ish ko‘rishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Yana o‘qing:  OVOZIMDA, SOZIMDA VATAN!

Dildora QARSHIBOYEVA

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: