OLIS MANZILLARDA: SALOMATLIK VA INSONPARVARLIK KARVONI

Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasining uzoq hamda borish qiyin bo‘lgan hududlarida istiqomat qiluvchi ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga tibbiy yordam ko‘rsatish hamda insonparvarlik yordamlarini yetkazish maqsadida Toshkent – To‘rtko‘l – Miskin – Toshkent yo‘nalishida “Salomatlik” poyezdi tashkil etildi.

«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tibbiy-ijtimoiy loyihalarning hayotga tatbiq etilayotgani, ona va bolalar salomatligini saqlashga qaratilayotgan e’tibor bunga yorqin misoldir.

«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi bu boradagi vazifalarni keng yo‘lga qo‘yish maqsadida qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Fond tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida chekka hududlarda tashkil etilgan tibbiy loyihalarda uch mingdan ziyod aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi katta ahamiyatga egadir.

Eng uluG‘ ne’mat

Poyezd To‘rtko‘l tumaniga yetib keldi. Vokzal bayramona bezatilgan. Hammaning ko‘zida hayajon, quvonch, mamnuniyat… Ayniqsa, mezbonlarning bu uchrashuvga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rganligi nigohlaridan sezilib turardi. Mehrning qudratini qarangki, ular bilan xuddi uzoq yillik qadrdonlardek ko‘rishib, bir zumda samimiy suhbat boshlandi.

Darhaqiqat, mazkur xayriya aksiyasi yurtimizda inson va uning manfaatlari nechog‘li ulug‘ ekanidan bir nishonadir. «Salomatlik» poyezdi doirasida amalga oshirilayotgan tibbiy va insonparvarlik yordamlari mamlakatimizning olis va ekologik jihatdan sharoiti noqulay bo‘lgan chekka hududlarida ham sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yurtimiz kelajagiga o‘z hissasini qo‘shadigan barkamol avlodni voyaga yetkazishda munosib xizmat qilayotir.

Bu galgi «Salomatlik» poyezdi tarkibidagi malakali shifokorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda fondning hududiy filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasining tajribali mutaxassislaridan tashkil topgan. Ular aholini, jumladan, ayollar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ehtiyojmand aholiga manzilli yordam ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan Orolbo‘yida «Salomatlik kunlari» uyushtirildi. Unda aholining tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ko‘rikdan o‘tkazish, sog‘lomlashtirish ishlari olib borildi. Poyezdda tibbiy ko‘riklarni yuqori saviyada tashkil etish, zamonaviy tibbiy-diagnostika vositalari yordamida kasallikka aniq tashxis qo‘yish, xastalikni erta bosqichlarda aniqlash va sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud.

Yana o‘qing:  MARDLAR ELDA AZIZ

– Ushbu aksiyamiz davomida 1 ming 757 nafar kishiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi, – deydi «O‘zbekiston temir yo‘llari» DAKning «Salomatlik» tibbiy sanitariya yordam poyezdi shifokori Umarjon Alimjonov – Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlarning 495 nafarini ayollar (ulardan 335 nafari fertil yoshidagi ayollar), 456 nafarini bolalar va o‘smirlar hamda 807 nafarini erkaklar tashkil etdi. 141 nafari qariyalar, 11 nafari esa nogironlardan iborat.

Tadbir davomida nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, salomatlikni asrashga munosabat, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari, kelajak nasllar salomatligiga e’tibor mavzularida suhbatlar, uchrashuvlar, tadbirlar o‘tkazildi.

Ma’lumki, chekka, ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan hududlarda yashovchi aholiga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlar o‘tkazish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois tibbiy ko‘rik davomida aniq laborator tahlillarga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yiladi. Jumladan, 313 nafar fuqaro EKG tekshiruvi, 529 nafar fuqaroga 2 ming 625 ta UTT tekshiruvi hamda 720 nafar fuqaroga 2 ming 160 ta laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi.

«Salomatlik» poyezdi tarkibida «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi, «Baxtteks-Farm» va «DiyorBiznes» mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda bir qator xalqaro tashkilotlar mahsulotlari asosida muruvvat yuklari yetkazildi.

Muruvvat sarHad bilmaydi

Aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoyalash fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir. Shu bois mamlakatimizda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar hamda yolg‘iz qariyalarga insonparvarlik, mehr-muruvvat yordamlarini ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotir.

– Ushbu xayriya aksiyasi davomida aholiga va davolash profilaktika muassasalariga 34,7 millon so‘mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak, turli mavzudagi bukletlar, 465 ming 250 AQSH dollariga teng bo‘lgan dori-darmon, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat muruvvat yuklari yetkazib berildi, – deydi «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi «Onalik va bolalik» bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov.

Aksiya davomida To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo tumanlaridagi «Mehribonlik», «Muruvvat» va «Saxovat» uylari, davolash-profilaktika muassasalari, tug‘ruq komplekslari, imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatlariga tibbiy anjomlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va boshqa jihozlar yetkazib berildi.

KO‘ngildan darak

Fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari bilan hamkorlikda To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo tumanlarining uzoq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholiga, ayniqsa, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish bilan bir qatorda kam ta’minlangan, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga jami 1 ming 834 nafar fuqaroga shundan 600 nafariga manzilli tarzda oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon, uy-ro‘zg‘or anjomlari va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordamlari topshirildi.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uchun uchuvchisiz apparatlar ishlab chiqariladi

To‘rtko‘l tumani «Miskin» stansiyasi «Oqqomish» OFYda istiqomat qiluvchi Rasul Amanov xonadoniga mahalla oqsoqoli hamrohligida yo‘lga tushdik. Bu oilaga nogironlar aravachasi topshirib xonadon egalari bilan biroz suhbatlashdik.

– Birinchi farzandim – Asilbek dunyoga kelganida behad quvongandik, – deydi Manzura Amanova. – Biroq vaqt o‘tishi bilan unda ruhiy va jismoniy nuqson borligi aniqlandi. Shifokorlar uning yurolmasligini aytishdi. O‘tgan vaqt davomida bizga hukumatimiz tomonidan yuksak e’tibor ko‘rsatildi. Asilbek doimiy nazorat ostida. Hozirda o‘zini yaxshi his qilyapti. Hukumatimizning bizlarga ko‘rsatayotgan ushbu g‘amxo‘rligidan minnatdormiz.

Mazkur xonadondan chiqar ekanmiz Asilbek yuzida tabassum ila biz bilan xayrlashdi. Endi odimlarkanman, qulog‘imga bir so‘z chalindi: «Rahmat, yana kelinglar». Albatta, kelamiz. Faqat biz kelganda yugurib oldimizga chiqib olasan, degan gap mening ko‘nglimga ham iliqlik bag‘ishladi.

YO’l yakuni

Hayot davomiyligining asosi bo‘lgan ayolni, naslimiz davomchisi farzandlarimiz salomatligini asrash – bu millatni, xalqni asrashdir. Binobarin, ayolga, onaga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Prezidentimiz tomonidan 2014 yilning mamlakatimizda Sog‘lom bola yili, deb e’lon qilinishi zamirida ham ana shunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam.

O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom va intellektual shaxs etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish bu olis safarimizning oliy maqsadi edi.

Navro‘z NORBOBOYEV,

«Sog‘lom avlod» muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: