BAXTIYOR MUALLIM – baxti bor ustoz
Har yili yurtimizda eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik bayrami arafasida fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat va ma’rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhi mukofotlanadi. Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi
90-umumta’lim maktabida informatika fanidan o‘quvchilarga saboq berib kelayotgan Baxtiyor Karimov ham “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi.
– Alisher, sen bilan o‘tkazgan yozimiz nihoyatda samarali bo‘libdi, – shogirdining informatika fanidan tuzgan dasturini o‘qirkan monitordan ko‘z uzmay, – dedi Baxtiyor aka.
– Ko‘rdingmi, fanni o‘zlashtirmaydigan bola bo‘lmaydi. Faqat ba’zilar tortinchoqlik qilib fikrini ko‘pchilik oldida aytishdan cho‘chiydi, natijada u kundan kunga o‘zlashtirishdan orqada qolib ketaveradi. Qarabsizki, u qoloq o‘quvchi bo‘lib qoladi.
Baxtiyor aka shogirdini yelkasiga mehr bilan qoqib xayrlashdi, beixtiyor yodiga ustozi “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” Dilbar Azimovaning o‘giti tushdi.
– Baxtiyor, o‘qituvchilik murakkab kasb. U, avvalo, o‘quvchini o‘z bolasi deb bilishi, yaxshi o‘qiydiganini erkalatib, yomon o‘zlashtirayotganini bee’tibor qoldirmasligi kerak. Aslida yomon o‘quvchi bo‘lmaydi. O‘qituvchining o‘qituvchiligi darsni o‘zlashtirishga qiynaladigan bolada o‘ziga nisbatan ishonch uyg‘ota olishida. Chinakam pedagog har bir bolada bir dahoni ko‘ra biladi, undagi g‘ayrat, bilimni yuzaga chiqara oladi. Bunday o‘qituvchining fanida qoloq o‘quvchi bo‘lmaydi.
Baxtiyor aka bu o‘gitga butun ish faoliyatida sodiq qoldi. Dangasa, erkatoy bolalar bilan alohida ishlashdan erinmadi.
Informatikaning dastlabki bosqichi bo‘lgan EHM darslarida ham Baxtiyor aka sinfdagi 30 nafar o‘quvchining qalbida bu darsga mehr uyg‘otishga harakat qiladi.
Istiqlolning ilk yillari bozor iqtisodiga o‘tish jarayonida B.Karimov tashabbusi bilan maktabda “Iqtisodiy bilim asoslari” darsi o‘tila boshladi. Garchi bu tashabbus avvaliga uncha ma’qullanmagan bo‘lsa-da, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 138-maktab bu fanni o‘qitishning sinov maydoniga aylandi.
Yangilikka intiluvchi va tashabbuskor o‘qituvchi esa hukumatimizning “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldi.
Baxtiyor aka ta’lim to‘g‘risida, informatika fanini o‘qitish bo‘yicha 500 dan ziyod maqolalar yozdi. AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni kabi 20 dan ortiq davlatlarda bo‘lib, ta’lim jarayonlarini o‘rgandi, tajriba orttirdi. Bilganlarini nafaqat o‘zi xizmat qilayotgan 90-maktabdagi, balki Toshkent shahridagi hamkasblariga, shogirdlariga ham o‘rgatdi.
Informatika darsliklarining rasmiy taqrizchisi bo‘ldi. Bugungi kunda u Osiyo taraqqiyot bankining ta’lim va informatika sohasida xalqaro loyihasi maslahatchisi hamdir.
– O‘g‘lim juda ko‘p vaqtini kompyuterga sarflayapti, – xavotirlanib so‘radi o‘quvchilaridan birining onasi bir kuni maktabga kelib.
– Bu davr talabi. Siz o‘zingiz kompyuterda ishlashni, internetdan foydalanishni bilsangiz, bolangizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata olasiz. Bundan 5-6 yil avval kompyuterda faqat turli o‘yinlar o‘ynashar, jangari filmlar tomosha qilishardi. Bugun unday emas. Internet bolaning, o‘quvchining, ota-onaning ham yaqin do‘sti, ustoziga aylangan. Internetdagi qaysi saytga, qaysi portalga kirishni bilsangiz bas.
ZiyoNET portalida “Ota-onalar uchun bo‘lim” bor. Undan bolangizni va o‘zingizni qiziqtirgan juda ko‘p savollarga javob topasiz. “kitob.uz” portalida esa bolangiz o‘qishi kerak bo‘lgan barcha badiiy adabiyotlar bor. Na kutubxonaga, na kitob do‘koniga borishga zarurat qolmaydi. Siz farzandingiz qaysi saytlarga kirishi kerakligini maslahat bersangiz bas. Uning buzg‘unchi, milliy mentalitetimiz va qolaversa, insoniylik chegaralaridan tashqaridagi saytlarga kirishga vaqti ham qolmaydi.
Kompyuterni bilish – davr talabi. Hozir qo‘l telefoni, televizordan tortib, maishiy texnikani ham raqamli boshqarishga o‘tildi axir. Kompyuter savodxoni bo‘lgan, uni texnikasini, qurilmasini bilgan bola hayotda hech qoqilmaydi. Men sizga o‘z darslarimning elektron variantini beraman, uyda o‘g‘lingiz bilan birga bemalol dars tayyorlayverasiz, – jilmaydi Baxtiyor aka.
B.Halimbekov degan sobiq o‘quvchim sahna dizaynini kompyuter orqali bezashning mohir ustasiga aylandi. Agar uning ham otasi yoki onasi sizga o‘xshab tergab, kompyuterdan qaytarganda shu muvaffaqiyatga erisharmidi?! Yoki o‘g‘lingizning o‘rtog‘i Jaloliddin informatika dasturini bunchalik aniq tuza olarmidi, – yaxshisi siz uni tushunishga harakat qiling.
– Uzr ustoz, o‘g‘lim sizni nega bunchalik yaxshi ko‘radi desam, siz unga qalban yaqin ekansiz, – dedi ayol xonadan chiqayotib. Shunda Baxtiyor aka yana ustozining o‘gitini esladi. “O‘qituvchining uchta ildizi bo‘ladi.
1. O‘qituvchi shakllangan ma’naviy dunyoqarashga ega bo‘lishi;
2. O‘z fanini mukammal bilishi;
3. Bilganini bolalarga yetkaza olishi.
35 yillik pedagoglik faoliyatida bunga amal qilgan Baxtiyor aka shogirdlari qalbida o‘z faniga muhabbat uyg‘ota oldi.
– Men o‘qituvchining yutug‘ini o‘qitgan o‘quvchisining necha foizi uning yo‘lidan ketganligiga qarab baholayman, – deydi Baxtiyor aka, – bu yil maktabimizni 110 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ulardan 16 tasi axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv yurtlariga kirishdi. Bu esa kishiga kasbidan faxrlanish bilan birga, hayotdan mamnunlik hissini ham beradi.
Nokamtarlik bo‘lsa ham aytaman, istiqlolimizning 23 yillik shodiyonalari arafasida Prezidentimiz farmoniga binoan “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” degan yuksak unvonga musharraf bo‘ldim. Bunday e’zoz kuchimga kuch, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi. Maqsadim, farzandlarimizni istiqlolning muhtasham maktab binolarini asrab-avaylash, kitobni qadrlash, chin dildan ilm olishga undamoqlikdir. Zero, yosh avlodni komil inson, el-yurt koriga yaraydigan mutaxassislar etib tarbiyalash biz, o‘qituvchilar va murabbiylar uchun ham qarz, ham farzdir.
Farhod TOLIPOV