OTA-ONALIK zavqi va MAS’ULIYATI

Inson dunyoga kelishi bilanoq, hali ko‘zlarini ochmasdan mehr-muruvvat izlab, bor ovozi bilan yorug‘ olamga jar soladi. Onaning issiq bag‘rini, hayotbaxsh siynasini, uning yumshoq kaftini qo‘msaydi. Tezroq bu mitti go‘dakni bag‘ringizga bosing. U ham bizning vujudimizdagi iliqlikdan bahra olib, ko‘zlarini ochadi, bizning ko‘zlarimizdan mehr izlaydi.

Darhaqiqat, kimningki qalbiga mehr-oqibat urug‘lari sepilgan bo‘lsa, u dunyodagi eng baxtli kishilardan biridir. Ota-onalarimiz keksaygan paytlarida ayanchli ahvolga tushib qolmasliklari uchun nima qilmog‘i, farzand tarbiyasida qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor bermog‘i lozim? Qolaversa, farzand tarbiyasida uni nafaqat moddiy jihatdan ta’minlash, balki bola qalbiga mehr urug‘ini sochish, avvalo, ota-onaning ma’sulyatli vazifalaridan biri sanaladi. Bu mavzuda turli soha vakillari fikri bilan qiziqdik.

Zebo Ahmedova, psixoterapevt:

– Psixologiyada bir qonun bor, u Pigmalion qonuni deyiladi. Unga asosan “Sen nimani kutsang, o‘shandek javob olasan”, deganidir. Shu tufayli bu qonunni hamma joyda ham qo‘llash mumkin. Misol uchun, farzand tarbiyasida ham. “Farzanding kim bo‘lishini xohlasang, unga xuddi o‘shanday muomala qil”, deyiladi. Bu qonun o‘zbekona tarbiyamizni yaxshi ifodalaydi. Bolalarimizning aziz bo‘lishini xohlaymiz, shuning uchun mehr berib, katta qilamiz va tarbiyalaymiz.

Gulnoza Nazarova, jurnalist:

– Hayotdagi eng murakkab, katta mas’uliyat va sabr talab etadigan bu nima deb so‘rashsa, hech ikkilanmay bola tarbiyasi deb javob bergan bo‘lardim. Albatta, bola tarbiyasi o‘z navbatida ota-onadan yetarli bilim talab etadi. Ota-ona o‘z farzandi uchun yaxshigina ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Bu qay yo‘nalishda bo‘lmasin, bola birinchi xulosani o‘z oilasidan oladi.

Bola tarbiyasiga bir tomonlama yondashish kerak emas. Axir, uning kelajakda komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun hamma birdek mas’ul-da! Ota-ona, o‘qituvchi va boshqa yaqin kishilar bola tarbiyasida birdek xizmat qilishi zarur. Oilasidan mehr ko‘rmagan bola keyinchalik qabih ishlarga qo‘l urmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi.

341-sonli “Kamalak” nomli MTM tarbiyachisi Sayyora Muhammadieva:

– Tarbiya ishi asosan, ona tomonidan amalga oshirilishi lozim. Onaning farzandiga bo‘lgan munosabati unda insonlarga, hayotga va atrofdagi kishilarga nisbatan dunyoqarash shakllanishiga xizmat qiladi. Shu tufayli bolaning fe’l-atvori ham onasiga qarab rivojlana boradi. Chunki, u ko‘p vaqtini o‘z onasi bilan o‘tkazadi.

Yana o‘qing:  Minnatdorlik maktubi (2015-40)

Bola tarbiyasida ona zimmasiga tushadigan asosiy vazifa bu hayot tajribasiga ega bo‘lish, o‘zini eng namunali va eng yaxshi ona qilib ko‘rsata olishdir. U farzandini tarbiyalarkan, har qanday vaziyat bo‘lmasin undan mehr-muhabbatini ayamasligi darkor. Chunki, mehr va shafqatdan uzoq bo‘lgan tarbiya na ijobiy natija beradi, na maqsadga erishishni ta’minlaydi. Zero, har qanday tarbiyaning negizi bu mehrdir.

Biz tarbiyachilar esa bola bilan kun davomida turli mashg‘ulotlar va mashqlar o‘tkazamiz. O‘zbek xalq ertaklari asosida bola ongini shakllantirishda ijobiy va salbiy qahramonlardan foydalanamiz. Bundan tashqari bolaning yaqin kishilari uchun atab turli sovg‘alar yasashni, chizishni, qo‘shiq va she’rlar aytishni o‘rgatamiz. Ota-ona, aka-uka va buvi-buvalari bilan qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi jajji bolakaylar bilan o‘yin tariqasida olib boriladi.

Avvalo, ota-ona o‘z farzandi uchun kerakli vaqt ajrata bilishi va uning maktabgacha ta’lim muassasasi yoki maktab dargohida o‘rgangan bilimlarini birgalikda takrorlashi, amalda bajarishi lozim. Oilasidan yetarli mehr ko‘rgan farzand ham bir kun kelib atrofidagi insonlardan o‘z mehrini ayamaydi, insoniylik tuyg‘ulari uning qalbida uyg‘unlashadi. Bolaning kelajakda barkamol inson sifatida voyaga yetishi va mehr-oqibatli bo‘lib kamol topishida birgina inson emas, aksincha hamma mas’uldir!

Shunday ekan, aziz ota-onalar o‘z farzandingizga bee’tibor bo‘lmang. O‘qituvchi, tarbiyachi va murabbiy bolaga faqat to‘g‘ri yo‘nalish bera oladi. Uning qo‘lidan yetaklab maqsad sari birgalikda qadam tashlash esa sizdan.

Zero, muhtaram Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek: “Agar biz bu masalada hushyorlik va sezgirligimizni, qat’iyat va mas’uliyatimizni yo‘qotsak, bu o‘ta muhim ishni o‘z holiga, o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yadigan bo‘lsak, muqaddas qadriyatlarimizga yo‘g‘rilgan va ulardan oziqlangan ma’naviyatimizdan, tarixiy xotiramizdan ayrilib, oxir-oqibatda o‘zimiz intilgan umumbashariy taraqqiyot yo‘lidan chetga chiqib qolishimiz mumkin”.

Nargiza UGLAMOVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: