Farzand kelajagi tarbiyali ota-onalar qo‘lida
Xalqimizda bir yil keyinni o‘ylasang don, o‘n yil narini ko‘rmoqni istasang daraxt ek, yuz yil narini ko‘rmoqchi bo‘lsang, farzand tarbiyala, degan mazmundagi hikmat bor. Bundan ko‘rinadiki, ilmli, ma’naviyatli har tomonlama sog‘lom avlodni kamol toptirish zamirida ming-ming yillar uzoqni ko‘ra olish – yurtimizdagi tinchlik, turmushimiz farovonligi abadiy bo‘lishini ta’minlashdek ezgu g‘oya yotibdi.
Buni ota-onalar ham chuqur his etib, farzandini ma’nan va jismonan barkamol bo‘lib ulg‘ayishini istab harakat qilayotgani quvonarli holdir. 2014 yilning Sog‘lom bola yili, deb nomlanishida ham mazkur jarayonni tezlashtirish, ota-onalar ongu tafakkurida bolasining taqdiriga bo‘lgan mas’ullik hissini yanada oshirishdek, ezgu g‘oya mujassamdir. Xo‘sh, bugungi tezkor zamonda farzand tarbiyasini qay yo‘sinda olib borish lozim? “Ertaklar haqiqatga aylanayotgan” texnika asrida ming yillardan buyon o‘tib kelayotgan tarbiya usulidan foydalanish qanchalik maqsadga muvofiq?
Ota-ona borki, bir marta bo‘lsa-da shu kabi savollar ustida bosh qotirgan, uning yechimini izlashga uringan.
“Farzandlarimga maktub”, “Mo‘jiza dunyo” kabi publitsistik kitoblar muallifi, shoir, fizika-matematika fanlari nomzodi Hamidjon Tohirjonov bilan suhbatimiz ham bola tarbiyasida oila muhiti, ota-onaning tutgan o‘rni xususida bo‘ldi.
– Sizningcha farzand tarbiyasida ota-onalar qay jihatlarga e’tibor qaratishlari zarur?
– Hech e’tibor berganmisiz, buloq suvini loyqalatib bo‘lmaydi. Hamisha zilol suv qaynab chiqaveradi. Jilg‘aga aylanib billurday tovlanib oqaveradi. Odamlarning o‘zi ham buloq atrofini tozalab, uni tiriklik ne’mati deya e’zozlashadi, asrab-avaylashadi.
Avvalo, har bir ota-ona ma’naviyati ana shu buloq suvidek toza bo‘lishi lozim. Axir, aytishadiku, qush uyasida ko‘rganini qiladi, deb. Ota-ona farzand tarbiyasini eng sharafli vazifa, deb hisoblasa, uning bolasi ezgu ishlarga xayrixoh bo‘lib ulg‘ayadi. Ayni paytda yurtimizda yoshlarning ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lib kamol topishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Xususan, ona homiladorlik paytidanoq bepul polivitaminlar bilan ta’minlanayotgani, ularning taomnomasi tashkil etilgani, tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy nazoratga olingani shular jumlasidandir. Homilaning sog‘lom rivojlanishi bevosita va bilvosita shunga bog‘liq bo‘ladi. Farzand dunyoga kelgach esa, yuqoridagi talablar saqlangan holda, chaqaloqni go‘daklik chog‘idan boshlab o‘z vaqtida va me’yorida ovqatlantirish, uxlatish, yuvintirish, toza havoda sayr qildirish zarur. Chaqaloq shundagina ona mehridan to‘liq bahramand bo‘ladi.
Ming afsuski, hozirgi vaqtda ba’zi oilalarda ayrim sabablarga ko‘ra farzandlari tarbiyasini enagalar qo‘liga topshirish odat tusiga kirib boryapti.
Ota-onalar bo‘sh vaqtlarida farzandlarida ilm olish, kitob o‘qishga muhabbat uyg‘otishlari zarur. Maktabda tahsil olish davridanoq ularning qunt bilan o‘qishlari, darslarni o‘z vaqtida o‘zlashtirishlari uchun sharoit yaratib berishlari, maktab o‘qituvchilari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, o‘g‘il-qizlarining faoliyatini nazorat ostiga olishlari talab qilinadi.
Onalar esa o‘z farzandlariga (ayniqsa qizlar) yoshligidan boshlab uy-ro‘zg‘or ishlarini oz-ozdan o‘rgatib borishlari zarur. Qizlarga bichish-tikish, idish-tovoqni toza tutish, uylarni ozoda saqlash kabi ishlarni o‘rgatishlari lozim. Qizlar ulg‘aygach, dasturxon bezash tartiblari, ovqat tayyorlash, shirin pishiriqlar pishirishni o‘zlashtirib borsalar kelajakda ro‘zg‘or ishlarida qiynalishmaydi. Ota-onalar farzandlariga yaxshi yoki yomon inson qanday ekanini ularning go‘daklik paytidan boshlab, turli xil xalq og‘zaki ijodidagi ertaklarning salbiy va ijobiy qahramonlari orqali ham tushuntirib borishi talab qilinadi.
Ayrim oilalarda ota-onalar bolalarni tartibga chaqirish “vosita”si sifatida “alvasti”, “olabo‘ji”, yalmog‘iz kampir bilan qo‘rqitadi. Ushbu tarbiya asosida ulg‘aygan bolalar keyinchalik sal narsadan cho‘chiydigan, tortinchoq, o‘z fikrini erkin bayon qilolmaydigan bo‘lib qoladi. Aksincha, turli ertak qahramonlarining ezgu ishlari va jasoratini tinglagan bolalar ularga o‘xshashga intiladi. Vatanparvar, mard, jasur, dovyurak bo‘lib voyaga yetadi.
Eng muhimi, ota-onalar farzandlarini kim bilan do‘stlashayotgani, hamsuhbat bo‘layotgani, qanday ishlar bilan shug‘ullanayotganini doimiy nazoratga olishi kerak. Zero, bola ma’naviy olamiga buloq suvi kabi tiriklik ne’mati deb qarash davr talabidir.
– Farzand sog‘lom voyaga yetishi uchun uni go‘dakligidan parvarishlash lozim. Bu borada ota-onalarga qanday maslahat berasiz?
– Oiladagi kattalar dasturxon atrofidagi suhbat chog‘ida ovqatlanish tartiblari va odoblarini o‘zlari namuna va ibrat bo‘lib, farzandlariga o‘rgatib borishlari kerak. Onalar o‘z farzandlariga kiyinish odobi, tana ozodaligi, shaxsiy gigiyenaga e’tibor berishi zarurligini uqtirib borishi talab etiladi. Bu bilan ularning jismoniy va ruhiy salomatligi, kayfiyati yaxshi bo‘lishini ta’minlaydi. Bolalarining kiyimlarini haftada 2-3 marta almashtirib, har almashtirganda ularni yuvintirish joizligini asosiy ishlardan deb bilishlari shart.
Shuningdek, bolani dangasalik kasalidan asrash zarur. Ularni mehnatsevarlik ruhida kamol toptirish, hayot mashaqqatlarini oson yengib o‘tishiga zamin hozirlaydi. Har vaqt bolalarni baqir-chaqir qilmasdan, eng asosiysi, ularni ranjitmasdan tarbiya qilishga odatlanish kerak.
– Bolaga oilada kattalarning o‘rni muhimligi qay tarzda o‘rgatiladi?
– Kattalar fazilati bolalarga yuqadi. Axir, ular taqlidga juda o‘ch bo‘lishadi-da.
Shuning uchun bolaga bobo-yu buvilarning o‘rni nihoyatda muhimligini, ular hamisha cheksiz mehr-muruvvatga loyiqligini bolalarga bot-bot so‘zlab turish lozim. Onalar o‘z farzandlariga go‘dakligidan boshlab, otalarni eng hurmatga loyiq inson sifatida tanitishlari kerak. Ularga otalarini eng aqlli, eng zo‘r, eng ulug‘ va eng g‘ayratli kishi sifatida ko‘rsatishga odatlanish kerak. Otalarining kamchiliklarini bolaga aytib, ular ko‘nglini sovutmaslik zarur.
– Bolaning o‘jarligini qay yo‘sinda barham toptirish mumkin?
– Farzand bilan muomala madaniyatini yaxshi yo‘lga qo‘yish kerak. U bor davrada bo‘lar-bo‘lmas so‘zlarni aytmaslik lozim. Ular bu so‘zlarning farqiga bormay tengdoshlari orasida, yoki biror-bir oilaviy mehmondorchiliklarda bilmay ishlatib yuborishlari mumkin. Farzandni go‘daklik vaqtidan boshlab injiq va o‘jar, yig‘loqi bo‘lib ulg‘ayishlarining oldini olish uchun ular xohlaydigan, so‘raydigan narsalardan ehtiyot qilishga harakat qilmoq kerak. Agarda go‘dak bola bir oz tortinchoq, nisbatan yalqov bo‘lib o‘sayotgan bo‘lsa, bunday paytda undan ko‘ngli istaydigan va ko‘zi tushib, qiziqadigan narsalarni topa bilishi talab qilinadi. Bolaning o‘jarligini yo‘qotish uchun, eng avvalo, u bilan bola tilida so‘zlashmoq lozim.
Agar oilada ota-onalar yuksak odob-ahloq egasi, aqlli, dono, mehribon, samimiy, kamtarin, zahmatkash, tadbirli bo‘lsa, bunday oilalarda, kundalik hayot nihoyatda farovon va ko‘ngilli o‘tadi. Bunday muhitda tarbiya olayotgan farzandlar ham shu fazilatlardan bahramand bo‘lib, hamma havas qiladigan, mehnatkash, qo‘li gul, g‘amxo‘r bo‘lib ulg‘ayadi, voyaga yetadi.
– Oilaviy farovonlikni ta’minlashda qay jihatlarga e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylaysiz?
– Oila deb atalmish og‘ir yukni tortish va yuksakka ko‘tarish er-xotin zimmasiga barobar yuklatilgan. Turmush farovonligi oila a’zolarining bir-biriga mehr-muhabbatli, sadoqatli bo‘lishiga bog‘liq.
Oilada ona zimmasiga farzand tarbiyalashdek og‘ir va nihoyatda mas’uliyatli vazifa yuklatilgan bo‘lsa ham bu jarayonda otaning tutgan o‘rni muhimroqdir.
Odatda biror yigit uylansa, do‘stlari, yaqinlari tomonidan unga qarata “Ola “xurjun” bo‘yinga tushdi”, deya hazil aralash aytiladigan odatiy so‘zlar bor. Haqiqatda esa bu “xurjun” nafaqat kuyovning, balki uning jufti haloli bo‘lmish kelinning ham bo‘yniga barobar tushadi. Uning og‘irligini ikki kishi – er-xotin teng ko‘tarmog‘i zarur bo‘ladi. Turmushning barcha qiyinchiliklariyu, mashaqqatlarini birgalikda, sabr-toqat, ahillik, bir-biriga hurmat bilan yengib o‘tsalargina oilaviy hayotlari shirin va baxtli bo‘lib, ezgu maqsadlar sari borishlari osonlashadi. Ushbu hol oilaviy hayotga go‘zallik va baxtiyorlikni baxshida etadi.
Darhaqiqat, tarbiya jamiyat ishi. Barkamol farzand esa Vatanimiz ravnaqi, uning buyuk kelajagini ta’minlaydi. Har bir ota-ona shuni dildan his etib yashasa, O‘zbekistonimiz yanada gullab yashnayveradi.
J. HAYDAROVA suhbatlashdi