Ayolning pinhona kuchi

Ayol. Bir qarashda uni dunyoning zebu ziynati oltinu olmoslariga oshiq deb o‘ylasangiz yana bir kuzatuvingizda uni tamomila boshqacha holatda kashf etasiz… Chindan u shunday xilqatki, uning aqlu farosati, donoligi-yu rejaliligi cizni-da beixtiyor asir aylaydi.

Bir necha yillardan buyon O‘zbekiston teleradiokanalida “Ayol baxti” ko‘rsatuvini tayyorlab kelyapmiz. Jarayonda turli soha, turfa yoshu millat xotin-qizlari bilan hamfikr, hamsuhbat bo‘lib, ularning ko‘ngil olamlariga sayohat qilamiz. Ko‘rsatuvimiz qahramonlarining ana shu darajaga erishgunlariga qadar bosib o‘tilgan yo‘llari, qiyinchiligu muammolar, quvonchu omadlari borasida imkon qadar, mo‘jazgina qilib tomoshabinga hikoya qilamiz. Ana shunday otashqalb ayollarni izlab, xizmat safari bilan Farg‘onaga yo‘l oldik. Yo‘lda bizga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Alimova hamrohlik qildi.

So‘lim Farg‘onaning Toshloq, Yozyovon tumanlaridagi ko‘plab xotin-qizlar bilan uchrash’dik. “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi, fermer Zebixon opa hamda mamlakatimiz mustaqilligining 22 yilligi munosabati bilan “Shuhrat “ medali bilan taqdirlangan Ra’no opa xaqida ocherklar tayyorladik. Ammo, bizning diqqatimizni hamrohimiz – Mavluda opaning tinib-tinchimasligi, jonkuyarligi, har daqiqadan unumli foydalanib, xalq dardiga malham bo‘lishlari tortdi.

Bir kunlik safarimiz davomida Mavluda opa fermerlar, talabalar bilan uchrashuv o‘tkazganidan tashqari, Yozyovonning olis qishlog‘idagi katta ko‘prikning ta’mirlanish jarayonlari, keksa otaxonlar bilan dardlashish, farzandi xastalikka uchragan bir necha xonadon sohiblari bilan uchrashib, ularni yo‘qlashga ham ulgurdi. Hattoki, tushlik paytida Mavluda opaning kelganini eshitgan onaxonu otaxonlarning opaga kelib, dardu quvonchlarini mehr bilan aytishlarini kuzatib, rosti ularga havasimiz keldi va hayratlandik. Charchash, nolish alomatlarini ham sezmadik. Va beixtiyor “Qayerdan shuncha kuchni olasiz, biroz dam olmaysizmi?” deganimizda ular vodiy ayollariga xos nazokat bilan “Ishonavering, kimningdir dardiga malham bo‘lish menga kuch bag‘ishlaydi. Meni hech kim yo‘qlamagan kun – quvvatsiz bo‘lib qolaman. Asli kasbim bolalar shifokori. Shifokor bo‘lib ishlayotgan kezlarimda ana shu xonadonlarning hammasiga birma-bir kirib chiqqanman. Bu insonlarning barchasi birday qadrdon menga,” deya javob berdi. Qizig‘i, tadbirkor, ishbilarmon dugonalarini ham ana shunday saxovatli ishlarga jalb etgan lavhamiz qahramonimiz yo‘l-yo‘lakay homiylik tashkilotlari, tadbirkorlar hadya etgan sovg‘alarni ehtiyojmand insonlarga ulashishga ham ulgurdi. Safar so‘nggida “Bilsangiz, xalq bilan mana shunday uchrashuvlar uyushtirish orqali kimgadir oz bo‘lsa-da yordamim tekkani meni yashnatadi, yoshartiradi, hayotdan kimgadir kerak bo‘lganimdan zavqlanib yashashga da’vat etadi. Xotirjam his etaman o‘zimni. Bir donishmand “Haqiqiy baxt – xotirjamlikda” degan ekan. Demak, men juda baxtli ayolman.” deganida rosti qalbimiz entikib ketdi.

Yana o‘qing:  Ko‘rkam libosi borning ko‘rki – ibosi bor

Bu kabi kishilarning hayot va ijod yo‘llari, balki hamrohimizning-da, saxovatli-yu savob ishlaridan ta’sirlanib, azim Toshkentga qaytar ekanmiz, bizda ham yaratuvchanlik, bunyodkorlik hissi jo‘sh urdi. Huru ozod, obod va go‘zal yurt uchun har birimiz xuddi ana shunday mehnat qilishimiz, xalq koriga yarab, har ishda kamarbasta bo‘lishimiz kerakligini his etdik.

Nozima VOHIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: