Revmatizm – yurakni “tishlaydi”

Bolalarda yurakni shikastlanishi bilan kechadigan kasalliklar orasida revmatizm yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Bu kasallik eramizga qadar V asr oldin ham ma’lum bo‘lgan. Butun dunyoga mashhur olim Gippokrat o‘zining “Kasalliklarning to‘rt kitobi” deb nomlangan asarida yozishicha: “Revmatizmda isitmalash paydo bo‘lib, o‘tkir og‘riq hamma bo‘g‘imlarni qamrab oladi va ushbu og‘riqlar ba’zan keskin, ba’zan kuchsiz, ba’zan bir bo‘g‘imni, ba’zan boshqa bo‘g‘imlarni shikastlaydi”.

Afsuski, keyingi yillarda bolalar o‘rtasida revmatik kasalliklar tez-tez uchrab turibdi. Ammo, shuni ta’kidlash lozimki, kasallikning klinik manzarasi sezilarli o‘zgargan bo‘lib, uning fojiali kechishi amaliy uchramayapti, bundan tashqari, ushbu kasallikning shakllari, yurak nuqsonlarining rivojlanishi va o‘lim holatlari kamaygan.

Revmatizm – biriktiruvchi to‘qimaning shikastlanishi, yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallik bo‘lib, bu jarayon o‘tkir infeksiya bilan bog‘liq holda unga moyil bo‘lganlarda asosan, bolalar va o‘smirlarda rivojlanadi. Kasallik yurak-qon tomir tizimida joylashadi va katta yoshdagi aholi orasida mehnatga qobiliyatsizlarning sonini oshiradi.

Bu kasallik irsiy moyillik xususiyatiga ega bo‘lib, ota-onalarning biri revmatizm bilan kasallangan oilalarda bolalarning ko‘proq xastalanishi buning isbotidir.

Surunkali tonzillit, ya’ni tomoqning tez-tez og‘rib, yallig‘lanib turishi kuzatiladigan bolalarda va bodomcha bezlari yallig‘lanishi (angina) o‘z vaqtida davolanmay oyoqda o‘tkazilgandan so‘ng 10-14 kun o‘tgach revmatizm boshlanishi mumkin. Kasallik aynan bolalarda kattalardagiga nisbatan anchayin o‘tkir va og‘ir shaklda kechib, qaytalanishlarga moyil bo‘ladi va ko‘pincha yurakning jiddiy shikastlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Revmatizm asosan maktab yoshidagi bolalarni shikastlaydi. Bola qanchalik kichik yoshda bo‘lsa, unda kasallik shunchalik o‘tkir, anchayin og‘ir va tarqalgan shaklda kuzatiladi. Ushbu xastalik tufayli yurakning orttirilgan nuqsonlarining rivojlanishi, xoreya, poliartrit va boshqa asoratlar uchraydi.

Bolalarda revmatizmning rivojlanishida uch davrni ajratish mumkin: latent-yashirin davr, revmatik jarayonning rivojlanishi davri va qaytalama revmatizmning klinik sindromlari kechishi davri.

1. Latent-yashirin davr, oyoqda o‘tkazilgan angina (bodomcha bezlarining yallig‘lanishi)dan so‘ng 10-14 kun o‘tgach boshlanib, 2-4 hafta davom etadi. Bola holsizlanishi, tez charchashi, ishtahasi pasayishi, kechqurunlari biroz isitmasi ko‘tarilishi mumkin. Ba’zan bo‘g‘imlarda og‘riq, bosh og‘rishi, yurak o‘ynashi, hansirash kabi kasallik belgilari kuzatiladi.

2. Kasallikning klinik belgilari davrida bemorda tana haroratining 38-39° S gacha ko‘tarilishi, umumiy holsizlik, charchash, rangparlik paydo bo‘ladi. Shu bilan birga bu davrda turli a’zo va tizimlar shikastlanadi. Bo‘g‘imlar sohasidagi teri ostida mayda, no‘xatdek, qattiq, og‘riqsiz “revmatik tugunchalar” va yana terida chetlari notekis, pushti rangli, qaytalanuvchi halqasimon shaklli toshma “halqasimon eritemalar” kuzatiladi. Bemorning yurak sohasida og‘riq bezovta qiladi. Uning yuragi tez uradi, oddiy harakatlarda ham bola hansiraydi, ko‘p terlaydi. Bo‘g‘imlarda og‘riq, shish, qizarish kuzatiladi va shu sohada teri issiq bo‘ladi. Harakat cheklanadi. Revmatizmdan asab tizimi shikastlanganda “kichik xoreya” belgilari paydo bo‘lib, bola serjahl, kayfiyati va xulq-atvori o‘zgarib, behalovat, e’tiborsiz bo‘lib qoladi. Uning dastxati xunuklashadi, xotirasi pasayib ketadi. Bemor bola beixtiyor tartibsiz, beo‘xshov va keraksiz harakatlar qiladi. Uning ko‘zlari pirillaydi, yuz mushaklari tortiladi. Natijada bola o‘z-o‘ziga xizmat qila olmaydi. Bola kiyinib-echina olmaydi, mustaqil ovqatlana olmaydi. Shuningdek, bola yurganida turtinib-surtinib yuradi.

Yana o‘qing:  Bahordagi surunkali charchoq sindromi nimaning alomati?

3. Qaytalama revmatizm davri ushbu kasallikning qaytalanib kechishida kuzatiladi. Bunda organizmda immunologik va biokimyoviy buzilishlar sodir bo‘lib, yurakda yallig‘lanish jarayoni kuchayadi. Kasallikning har bir keyingi qaytalanish davrida yurakning shikastlanishi tezlashadi va og‘irlashadi,unda nuqsonlar rivojlanadi. Revmatizmning qaytalanishi o‘tkir boshlanishi mumkin. Bolada lohaslik, tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rishi, bo‘g‘imlarda kuchli og‘riqlar kuzatiladi. Bemorda kasallikning har bir qaytalanishida hansirash, yurakning o‘ynashi, charchash kabi shikoyatlar ham ortadi. Yallig‘lanish jarayoni yurak mushaklarining yangi bo‘limlariga tarqaladi va revmatizm yana yangi bo‘g‘imlarni shikastlaydi.

Kasallikning salbiy oqibatini belgilovchi omillar quyidagilardir:

Revmatizm kechishining og‘irligi, takroriy qaytalanishlar, bolaning yoshi, noto‘g‘ri yoki bevaqt o‘tkazilgan davo.

Agar revmatizmning davosi erta va albatta, statsionar sharoitida kompleks ravishda, davomli (3-4 oydan kam emas) o‘tkazilsa kasallik asoratsiz kechib yurakning va boshqa a’zolarning shikastlanishi kam kuzatiladi. Davo uch bosqichdan iborat bo‘lishi kerak. Ya’ni, bemor statsionar sharoitida davolanib sanatoriy va dispanserda shifokor nazoratida bo‘ladi. Statsionardagi davo birinchi va asosiy bosqich bo‘lib, imkon boricha kardiorevmatologiya bo‘limida o‘tkazilishi kerak. Ikkinchi bosqich sanatoriyda bo‘lib, davolanishning samaradorligi bemor kasalxonadan bevosita sihatgohga yo‘llanganida yuqori bo‘ladi. Uchinchi bosqich-dispanser kuzatuvi (poliklinikada davolanish bosqichi) bola sihatgohda mahalliy pediatr va kardiorevmatolog kuzatuvi ostiga olinadi.

Tibbiyot sohasida shifokorlar orasida shunday ibora bor, ya’ni “revmatizm bo‘g‘imlarni yalaydi, yurakni “tishlaydi” ”. Oddiygina ko‘ringan kasallik – bodomcha bezlarining yallig‘lanishi (angina)ni o‘z vaqtida davolatmaslik xastalikning tez-tez qaytalanishi sababli kasallikning surunkali turi-surunkali tonzillitni keltirib chiqaradi. Oqibatda revmatizm rivojlanishiga keng yo‘l ochiladi. Revmatizmni o‘z vaqtida davolatmaslik esa yurak porogi (nuqsoni)ni keltirib chiqaradi.

Feruza OQILOVA,

Toshkent shahri 4-son Bolalar shahar klinik shifoxonasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: