Qandli diabetdan saqlanishning 8 usuli
Bu kasallikka chalinganlar haqida eshitsak, darhol sog‘ligimiz haqida o‘ylab qolamiz. Zero, qandli diabetning o‘zidan ham asorati xavfliroq sanaladi. Ma’lumki, har qanday xastalikni davolashdan ko‘ra, oldini olish oson. Diabetning ham oldini olsa bo‘ladi!
Bolani kamida 1,5-2 yoshgacha ko‘krak suti bilan emizish
Ma’lum bo‘lishicha, erta kunda boshlangan qo‘shimcha ovqatlar bolani semirtirib, diabetga moyilligini oshiradi.
Yuqumli kasalliklardan saqlanamiz
Gripp, tepki, qizamiq, sariq kasalligi bilan og‘rish organizmni holsizlantiradi, natijada odam qandli diabetga bir qadam yaqinlashadi. Bunday bo‘lmasligi uchun bolani kichikligidan kasalliklarga qarshi emlatish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish va albatta, shamollashni vaqtida davolash zarur.
Taomnomadagi tabiiylik
Yoshlikdan ovqatlanishda tabiiy mahsulotlar – meva-sabzavotlar, dukkaklilar, sut-qatiq, yong‘oq, ko‘katlarni pishiriq, kremli, yog‘li, qovurma taomlardan ustun qo‘yishga o‘rganish kerak. Ya’ni taomnomada tabiiy mahsulotlar qancha ko‘p bo‘lsa, kasallik yaqinlashishi shuncha qiyin bo‘ladi. Chunki ular tarkibida kletchatka ko‘p bo‘lib, u organizmni zararli xiltlardan tozalaydi va qonda qand miqdorini bir maromda ushlab turadi.
Bilasizmi?
Qandli diabetga chalinmaslik uchun bir kunda 4 dona meva va 3 dona xom sabzavot yoki ko‘kat yeyish kerak. Ayniqsa, salat bargi, ismaloq, gulkaram, qizil qorag‘at, olcha, olma (albatta po‘sti bilan), rediska, ko‘kpiyoz, yernoki (topinambur), baqlajon foydali.
Faol va quvnoq bo‘lish
Jismoniy harakat – u xoh piyoda yurish, xoh uy yumushlari bilan shug‘ullanish bo‘lsin, qand darajasini tushiradi. Muammolarga yengilmaslik va doimo ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lish esa immun tizimni kuchaytiradi. Natijada, qandli diabet oldida kuchli qalqon bo‘ladi.
Me’yorga e’tibor berish
4 kg.dan yuqori tug‘ilgan chaqaloqlar va shunday pahlavonlarni dunyoga keltirgan ayollarda turli omillar sabab kelajakda qandli diabetga moyillik paydo bo‘lishi mumkin.
Vaznni nazorat qilish
Ortiqcha vazn tanaga ortiqcha yuk ekanligi bilan bir qatorda qandli diabetni yetaklab keluvchi sabablardan biri hamdir. Shunday ekan, me’yordagi vazn 3-5 kg.ga ko‘paysa, darrov vaziyatni qo‘lga olib, parhez va harakatlar yordamida avvalgi holatga keltirish lozim.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tish
40 yoshdan keyin har olti oyda shifokor-endokrinolog ko‘rigidan o‘tib turish lozim. Bu yoshda har oy qondagi qand miqdorini tekshirtirib turish foydadan holi emas. Ayniqsa, yaqinlar orasida qandli diabet bilan og‘riganlar bo‘lsa, qon tahlilini vaqtida topshirish shart.
Eslatma:
Ko‘pchilik qandli diabetning belgilari sifatida charchash va ko‘p hojatga qatnashni bilishadi. Aslida qonda qand miqdorining asta-sekin oshishi haqida sizning beholligingiz, qo‘l-oyoqning uvishishi, terining o‘z-o‘zidan qichishi, asabiylik ham darak berishi mumkin.
Zararli odatlarni tashlaymiz
Chekish, ichish kabi zararli odatlar natijasida tanadagi qon aylanishi buziladi. Oshqozon osti bezi va jigar ishdan chiqadi, bunga javoban qondagi qand miqdori sezilarli darajada ko‘tariladi. Kishi noxush odatlardan qancha tez qutulsa, diabetning xavfli asorati – qorason va ko‘rishning yo‘qolishidan shuncha himoyalangan bo‘ladi. Yorug‘ dunyoni ko‘ra olish va oyoqlar bilan mustaqil yurish ichish va chekishdan muhimroq. Bu chekish va ichish kabi illatlar domiga tushib qolgan ayollarga ham birdek taalluqlidir.
Shahnoza MUSAYEVA,
shifokor-endokrinolog