Chapaqaylik haqida bilasizmi?

Mendan chapaqaylik haqida ko‘p so‘rashadi. Bu savollarning ba’zilariga javob berib o‘taman.

Savol: Chapaqay va o‘naqay miyasi – qay biri ustun?


Javob: Bosh miya ikkita, ya’ni chap va o‘ng yarim shardan iborat. Bosh miyaning chap yarim sharida nutq markazlari joylashgan. Shuning uchun ham bosh miyaning chap yarim sharida so‘z bilan bog‘liq barcha tafakkur operatsiyalari amalga oshiriladi. Bosh miyaning o‘ng yarim shari ob’yektlarning fazoviy joylashuvini tahlil qilish uchun javob beradi. Masalan, atrof-muhitdagi uylar, daraxtlar, mashinalar, haykallar va boringki, har qanday shaklga ega bo‘lgan ob’yektlarni shakl-shamoyilini tahlil qiladi. Demak, bosh miyaning o‘ng yarim shari dunyoni so‘z ishtirokisiz qabul qiladi va bu yerda, asosan, ko‘rish analizatorining ahamiyati katta. Chap yarim shar esa so‘z bilan ifodalangan ma’lumotlarni qabul qiladi va tahlil qiladi. Obrazli qilib aytganda, chap yarim shar, asosan, so‘z bilan, o‘ng yarim shar esa ko‘z bilan dunyoni idrok etadi. Bu uyg‘unlik saqlangan bo‘lsa, insonning xotirasi ham mustahkam bo‘ladi.
Geometrik shakllarni qabul qilib olish o‘ng yarim sharning vazifasi. Biroq har qanday fazoviy jismlar yoki geometrik shakllarni so‘z bilan ifodalab berish talab qilinsa, bu yerda chap yarim shar yordamga keladi. Demak, chap yarim sharning tili bor. Biroq hozir men keltirib o‘tgan misollar o‘naqaylar uchun xos. Chapaqaylarda esa nutq markazlari bosh miyaning o‘ng yarim sharida joylashgan. Demak, chapaqaylarda chap yarim shar bajaradigan aksariyat funksiyalar o‘ng yarim shar zimmasiga yuklatilgan.
Bundan tashqari, ambidekstrlar, ya’ni oliy ruhiy funksiyalarni bajarishda miyaning ikkala yarim shari bir xilda ishtirok etadiganlar ham bor. Bundaylar ikkala qo‘li bilan ham bir xil ishlay oladiganlardir. Biroq bu degani ikkala qo‘li bilan ham yoza oladi degani emas. Masalan, ambidekstr yozganda qalamni o‘ng qo‘liga olsa, non kesish uchun pichoqni chap qo‘li bilan ushlaydi. «Toza» chapaqaylar 15 foizdan oshmaydi. Bizning oramizda ambidekstrlar va o‘naqaylar ko‘p. Ambidekstrlarda nutq funksiyasini bajarishda bosh miyaning ikkala yarim shari ham ishtirok etadi. Shu bois ambidekstrlarda insult sababli nutq buzilsa, u tez tiklanadi.

Savol: Chapaqaylardan qanday kasb egalari ko‘proq yetishib chiqadi?


Javob: Chapaqaylardan kompozitorlar, rassomlar, futbolchilar, bokschilar va tabiatshunos olimlar ko‘proq yetishib chiqadi. Chapaqaylardan buyuk futbolchilar chiqishi, ular golni aniq va ko‘p urishi kabi holatlar geometrik figuralar uchun javob beradigan o‘ng yarim sharning ustunligi bilan bog‘liq. Ular darvozaning har qanday burchagini to‘g‘ri nishonga olishadi.
Chapaqaylar o‘naqaylarga qaraganda hissiyotga ko‘proq beriladi. Shu sabab ularni xafa qilish oson. Balki shuning uchundir, ularda birovlardan ustunlik qilishga intilish yuqori. Biroq chapaqaylardan yaxshi yozuvchilar chiqmaydi. Bu xususiyat o‘naqaylar uchun xos.

Savol: Kim chaqqon?


Javob: Chapaqaylar ko‘proq amaliyotchi, o‘naqaylar esa nazariyotchi bo‘lishadi. Chunki miyaning chap yarim shari (ya’ni, so‘z markazlari joylashgan yarim shar) ustunlik qiladigan o‘naqaylar narsa va voqealarni tahlil qilib o‘tirguncha, miyaning o‘ng yarim shari ustunlik qiladigan chapaqaylar (amaliyotni yaxshi ko‘radigan o‘ng yarim shar) ishni darrov amalga oshiradi-qo‘yadi. Nazariya bilan amaliyotni birgalikda olib borgan insonlar qaysi tipga kirishidan qat’i nazar, doimo yutuqda bo‘lishini ham unutmang.

Savol: Agar bola chapaqay bo‘lsa, uni majburlab o‘ng qo‘lda yozishga va ovqatlanishga o‘rgatish kerakmi?


Javob: Aslo mumkin emas. Aks holda endi kurtak otayotgan futbol, rasm solish va musiqaga qiziqish kabi chapaqaylarga xos fazilatlar yo‘qqa chiqadi. Shuningdek, chapaqaylikdan o‘naqaylikka o‘rgatish bolani asabiy va uquvsiz qilib qo‘yishi mumkin.
Chapaqaylar o‘naqaylarga qaraganda aqlli va uddaburon bo‘lishadi degan fikr noto‘g‘ri. Chapaqaylar juda kamchilikni, ya’ni bor yo‘g‘i 10-15 foizni tashkil qilgani uchun, ya’ni o‘naqaylardan 7-8 barobar oz bo‘lgani uchun ular orasidagi mashhur odamlar 7-8 barobar ko‘pdek tuyuladi.

Yana o‘qing:  Saratonning oldini olishda 12 ta tavsiya

Zarifboy IBODULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori,

professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: