Kreativ fikrlash – bu…
Jamiyatdagi barcha korxona, tashkilotlarda innovatsion hamda kreativ fikrlashga zarurat tug‘diradigan global muammolarni hal qilish uchun innovatsion bilim va yaratuvchanlik qobiliyatiga
tobora ehtiyoj sezilmoqda.
Ta’limning asosiy roli o‘quvchilarni jamiyatda muvaffaqiyat qozonish uchun zarur va kerak bo‘ladigan sifatli ta’lim berish hisoblansa, kreativ fikrlash hozirgi yoshlarning rivojlanishi uchun zarur ehtiyojdir.
2021 yilda o‘tkaziladigan PISA xalqaro dasturida kreativ fikrlashni baholash ilk marta amalga oshirilayotgan bo‘lib, bu OECDning kreativ fikrlashni rivojlantirishga qodir yangi pedagogikalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq yana bir yangi loyihasidir.
Bundan maqsad, faqat ijodkor shaxslarni ajratib olish emas, aksincha, o‘quvchilar g‘oyalarni qidirish, ifodalashda kreativ fikrlash qobiliyatining o‘qitish yondashuvi, maktab faoliyati hamda ta’lim tizimining boshqa xususiyatlari bilan qanday bog‘liqligini tavsiflaydi.
Kreativ fikrlash – bu innovatsion (yangi, novator, original, nostandart, noodatiy va hokazo…) va samarali (amaliy, natijaviy, tejamli, optimal va hokazo) yechimlarni topish, yangi bilimlarni egallash, tasavvurni ta’sirchan ifodalashga qaratilgan g‘oyalarni ishlab chiqish, baholash va takomillashtirish jarayonida samarali ishtirok etish qobiliyatidir.
Kreativ fikrlash bizga muammolarni hal qilishda noodatiy yechim topishga yordam beradi. Biroq biz uni tanqidiy fikrlash bilan adashtirib yubormasligimiz, aksincha, bizga imkonsiz muammolarni hal qilishda bir-birini to‘ldirib turuvchi yechimlarni topishda yordam beradigan “aka-ukalar”dek qarashimiz kerak.
PISA tadqiqotlarida o‘quvchidan kreativ fikrlashni baholash modeliga ko‘ra ilmiy muammolarni yoki ijtimoiy muammolarni hal qilish, o‘z g‘oyalarini yozma yoki vizual ifodalash talab etiladi.
Kreativ fikrlashni baholashda turli g‘oyalarni ishlab chiqish, kreativ g‘oyalarni ishlab chiqish hamda g‘oyalarni baholash va takomillashtirish kompetentligiga e’tibor qaratiladi.
Agar ibtidoiy odamlarning kreativ fikrlashi bo‘lmaganida edi, ikkita chaqmoqtoshni bir-biriga urib olovni, Tomas Edison elektr lampasini, Leonardo da Vinchi parashyutni ixtiro qilmagan bo‘lar edi.
Har bir o‘quvchida ta’lim olishga bo‘lgan istak bor. Faqatgina biz shu istakning nuqtasini topishimiz kerak.