Qandli diabet bilan og‘rigan bemor taomnomasi qanday bo‘lishi kerak?
Zamonaviy tibbiyotda davo vositalarini tanlashda kasallikning og‘ir-engil kechishi, asoratlari bor-yo‘qligi hisobga olinadi. Chunonchi, bemorda irsiyat sababli yoshlik paytida insulin yetishmaganida uning o‘rnini bosish maqsadida insulin yuboriladi. Keksalarda va ko‘proq to‘la kishilarda insulin nisbatan yetishmaganda shifokor tavsiyasiga ko‘ra parhezga amal qilish zarur. Qondagi qand miqdorini kamaytiruvchi vositalardan foydalaniladi. Kasallik yengil kechganda ko‘pincha parhez buyuriladi. Uglevodlar kam iste’mol qilinadi, ular o‘rniga go‘sht, kartoshka, qora non va boshqa mahsulotlarni iste’mol qilsa bo‘ladi. Yog‘li ovqatlar miqdori kamaytiriladi. Kasallik zo‘rayib ketganda bemorga sariyog‘ va boshqa yog‘ mahsulotlari berilmaydi. Ovqat kaloriyasining deyarli 20 foizi oqsillardan iborat bo‘lishi kerak. Xasta kishi iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari vitaminlar, ayniqsa, S va V guruh vitaminlariga boy bo‘lishi lozim. Bemor ovqatni bo‘lib-bo‘lib yeyishi kerak. Insulin bilan davolanishga o‘tgan bemorlar uchun ta’siri 6-8 soatdan 30-36 soatgacha uzaytirilgan insulinlar ishlab chiqariladi. Shifokorning qa’tiy nazoratiga amal qilgan bemorlar kun tartibi va parhezga doir tavsiyalarga aniq rioya qilishi, laboratoriya tekshiruviga o‘z vaqtida kelib turishlari zarur.
Hilola Primuhamedova,
Toshkent farmatsevtika instituti assistenti