Keksalik – saodat
bu “fasl”da ham ruhan, ham jismonan sog‘lom hayot kechirish ulkan baxtdir
Demensiya masalasi bugungi zamonning muhim muammolaridan biriga aylangan.
Gap shundaki, 2000 yilga kelib jahon miqyosida jami 20 mln. kishida demensiya alomatlari aniqlangan. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti mutaxassislari bergan ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi vaqtda chorasi topilmagan ushbu dardga chalingan bemorlarning umumiy soni salkam 35.6 mln.ni tashkil etadi. 2030 yilga borib bunday bemorlarning umumiy soni yanada ko‘payadi, deb taxmin qilinmoqda.
Bu xastalik aqliy faoliyatga jiddiy zarar yetkazadi
65 yoshdan o‘tgan ayrim kishilarda demensiyaning rivojlanish ehtimoli oshadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 85 yoshdan o‘tgan odamlarning ko‘pchiligida aqliy zaiflik alomatlari kuzatiladi. Bu holat iqtisodiy jihatdan rivojlangan va rivojlanmagan mamlakatlarda birdek keng tarqalgan. Bugungi mavzuimiz aynan shu xastalik ta’rifiga bag‘ishlanadi.
Demensiya deganda psixofiziologik jihatdan odam organizmining butunlay izdan chiqishi nazarda tutiladi. Bu holatdagi bemorning aqli zaiflashgani bois xotirasi keskin pasayadi, shu vaqtga qadar orttirilgan hayotiy ko‘nikmalari, yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish qobiliyati yo‘qoladi. Ushbu kasallikka chalingan bemorlarning ruhiyatida muayyan darajada funksional o‘zgarishlar ro‘y beradi, shunday bo‘lsa-da, demensiyani ruhiy kasalliklardan farqlash lozim.
Mutaxassislar bu sirli kasallikning klinik alomatlari va kechishini o‘tgan asrdan buyon kuzatib borishmoqda. Demensiyani ilk bora 1906 yilda psixiatr Alois Alsgeymer ta’riflab bergani bois keyinchalik xastalik uning nomi bilan ataladigan bo‘ldi. Alsgeymer kasalligida asosan odamning bosh miyasi shikastlanadi. Shuning uchun bemorlarda aqliy zaiflik alomatlari ko‘zga tashlana boshlaydi. Dardga chalingan odamning bosh miyasida birlamchi nutq, xotira, fikrlash jarayonlarining kechishi uchun javobgar bo‘lgan sohadagi asab to‘qimalari nobud bo‘ladi. Buning oqibatida fikrlash qobiliyati susayib boradi.
Demensiyaning uch darajasi – kasallikning boshlanishi, o‘rtacha va og‘ir darajada rivojlangan demensiya farqlanadi.
Xastalikning sabablari qanday?
Zamonaviy tibbiyot odam organizmida demensiya alomatlarini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniq aytib berishga ojizlik qilmoqda. Shuning uchun kasallikning kechishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari mavjud emas.
Shu narsa ma’lum bo‘lganki, demensiya asosan yoshi katta odamlarda uchraydi. Odatda Alsgeymer kasalligi 65-75 yoshdan keyin rivojlanadi. Xastalik jahon aholisining 5 foizini qamrab oladi. 85 yoshdan o‘tgan har ikki odamda shu dardga chalinishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Kasallikning alomatlari va oqibatlari qanday?
Mutaxassislarning e’tirof etishicha, ushbu kasallik har bir odamda individual tarzda namoyon bo‘lar ekan, ammo xastalik uchun umumiy bo‘lgan klinik alomatlar ham aniqlangan. Aksariyat hollarda demensiyaning alomatlarini qarilikka yo‘yib, xatoga yo‘l qo‘yishadi. Kasallikning boshlanish davrida bemorlarda xotira susayishi kuzatiladi. Dardga chalingan odam yaqin orada o‘zlashtirib olgan ma’lumotlarini xotirasida tiklay olmay qoladi.
Bemorda aqli zaiflikning boshlanishidan uning yaqinlari o‘z vaqtida shifokorga murojaat etishi zarur. Bunday vaziyatlarda bemorning ruhiy holatini aniqlash uchun maxsus ishlab chiqilgan odamning ruhiy holatini baholash uchun mo‘ljallangan testlardan foydalanishadi. Lozim topilsa, magnit-rezonansli tomografiya qilinadi.
Klinik nuqtai nazardan olganda Alsgeymer kasalligi juda sekinlik bilan rivojlanadi. Kasallik boshlanayotganidan eng avvalo, qisqa muddatli xotira yo‘qolishi kuzatiladi. Bemor yaqin orada bo‘lib o‘tgan voqealarni, gap-so‘zlarni, o‘z yaqinlarining ismini eslay olmaydi. Ushbu alomatlarga e’tiborsizlik qilinsa, vaqti kelib bosh miyada jiddiyroq o‘zgarishlar yuz beradi. Dardga chalingan bemorlar kasallik ancha jiddiy tus olgach, yana 8-10 yil umr ko‘radi.
Demensiya rivojlanib boraversa, bemor odam juda tajang, serzarda, jahldor, kayfiyati o‘zgaruvchan bo‘lib qoladi. Asta-sekin bemorning nutqi buziladi, shu bilan birga unga qarab aytilgan gap – so‘zlarning ma’nosini anglab yetish xususiyati yo‘qoladi. Shu asnoda yozish, o‘qish va uqishni unutib qo‘yishi mumkin. Keyinchalik bemor odamning uzoq muddatli xotirasi izdan chiqadi. Shu vaqtdan boshlab uning ruhiy holatida jiddiy salbiy o‘zgarishlar avj oladi. Kezi kelsa, bemor shaxsiy gigiyena qoidalarini unutib qo‘yadi. Yaqin qarindoshlarini, tevarak-atrofdagi ob’yektlarni, tanish joylarini tanimasdan qoladi. Mo‘ljal olishni uddalay olmaydi.
Ahamiyatlisi shuki, demensiyaga chalingan bemor to‘satdan uydan chiqib ketishni ixtiyor qilishi mumkin. Aqli zaiflik alomatlari bor odamning uydan chiqib ketishi qanday ayanchli holatlarga olib kelishi mumkinligini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak.
Alsgeymer xastaligi ancha rivojlanib ketsa, bemorda gallyusinatsiyalar, aljirash, vahimaga tushish holatlari kuzatilishi mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda bemorning yurish-turishi o‘zgarib qoladi, bunday odamlar qaltirab-qaltirab va oyoqlarini sudrab yuradigan bo‘ladi. O‘z yaqinlari va tanish chehralarni farqlay olmaydi. Ba’zan ularni tutqanoq tutadi.
Bemorlada kuzatiladigan aqliy zaiflik negizida turli xil infeksiyalar bilan zararlanish, osongina shikastlanish, jarohat olish kabi holatlar kuzatiladi. Ular aksariyat hollarda o‘z vaqtida ovqatlanishni unutib qo‘yishadi.
Kasallikka tashxis qo‘yilishi
Bemorning bosh miyasi maxsus usulda tekshirilganida uning chakka sohalarida hujayralarning nobud bo‘lish jarayonlari kuzatiladi. Klinik nuqtai nazardan olganda, bemorning shikoyatlari, uning xulq-atvori, kayfiyatlarida yuz bergan o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlarga (anamnez) asoslanib, shuningdek, nasliy kasalliklari, o‘tgan davrdagi nevrologik va neyropsixologik o‘zgarishlar xususiyatini e’tiborga olib tashxis qo‘yiladi. Tashxisga aniqlik kiritish maqsadida bemorlarning intellektual qobiliyatlari, xususan, xotirasi tekshirib ko‘riladi.
Dardning oldini olish uchun nimalar qilish zarur?
Yana bir bora ta’kidlashimiz joizki, zamonaviy tibbiyot Alsgeymer kasalligini davolashning samarali uslublarini topishga hamon ojizlik qilmoqda. Taassufki, dori-darmonlar, tibbiy muolajalar vositasida bu kasallikni batamom yengib bo‘lmaydi. Hozirgi vaqtda mutaxassislar bemorning bosh miyasida yuz berayotgan salbiy jarayonlarning oldini olish yoxud ularning kechishini nisbatan to‘xtatib qo‘yishga imkoniyat beradigan chora-tadbirlarni taklif etadilar.
Alsgeymer kasalligi rivojlanishining oldini olish uchun intellektual faoliyatni kuchaytirish (masalan, shaxmat, shashka o‘yinini o‘ynash, doimiy ravishda biron kimsa bilan muloqot qilish) tavsiya etiladi. Har holda bugungi kunga kelib demensiyaning oldini olishning aniq va ishonchli choralari topilmagan.
Mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim hollarda parhez saqlash, yurak-qon-tomir kasalliklarining oldini olish, shifokor tavsiya etgan dori vositalarini qabul qilish, aqliy faoliyatni susaytirmaslikka intilish yaxshi samara beradi. Biroq, bu fikr-mulohazalar nisbatan keng ko‘lamli klinik tadqiqotlarning natijalariga asoslanishi lozimligini unutmaslik kerak.
Nima bo‘lganida ham shifokorlar yoshi katta kishilarda aqliy zaiflik alomatlari namoyon bo‘lishi bilanoq parhezga alohida e’tibor berishni maslahat berishadi. Bunday vaziyatlarda bemorning taomnomasiga ko‘proq meva va sabzavotlar, bug‘doy va boshqa shu kabi don-dunlar, baliq, qizil sharbat, zaytun moyini kiritish tavsiya etiladi. Vitaminlardan V12, V3, S, foli kislotasi ham kasallikning rivojlanishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qilishi haqidagi dastlabki natijalar olingan. Laboratoriya kalamushlarida o‘tkazilgan sinovlarning natijasini, ayrim ziravorlar, jumladan, kurkuma bosh miyadagi patologik jarayonlarning kechishini sekinlashtirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Demensiyaning rivojlanishiga organizmdagi xolesterin miqdori, gipertenziya, qand kasalligining mavjudligi, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish yoki qilmaslik kabi omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shamollashga qarshi nosteroid xususiyatli dori vositalarini nisbatan uzoq vaqt davomida qabul qilish ham ba’zi vaqtlarda demensiyaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi haqidagi fikrlar mavjud.
Olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning natijasiga ko‘ra, kitob mutolaa qilish, krossvordlarni yechish, faollik talab qiluvchi ayrim sport turlari (masalan, stol tennisi), qo‘l yordamida chalinadigan musiqiy asboblardan foydalanish, insonlar bilan doimiy muloqot ma’lum darajada kasallikning rivojlanishini oldini olishga imkon beradi yoki uning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Yana bir qiziq ma’lumot, o‘z ona tilidan tashqari biror xorijiy tilni o‘rganish ham demensiyaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilar ekan.
Ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, magnit maydonlarining ta’siri ostida uzoq vaqt davomida bo‘lish, organizmga turli xildagi metallarning, ayniqsa, alyuminiyning tushishi, turli xildagi eritadigan suyuqliklar bilan ishlash oxir-oqibatda aqli zaiflikka olib kelishi mumkin.
Muxtasar qilib aytganda, bu og‘ir xastalikni davolashda ruhiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash farmokologik davo choralarini amalga oshirish barobarida bemorning yaqinlari uni parvarishlashga katta ahamiyat berishlari kerak.
Halima RUSTAMOVA tayyorladi