Hayotga tabassum ila boqing

Insonlardagi xastaliklarning aksariyati asabiylashish ortidan yuzaga keladi. Odam asabiylashganda miya, jigar, buyrak va yurakka boruvchi qon tomirlar siqiladi. Ko‘z qorachig‘i kengayib, yurak urishi tezlashadi. Bunday vaqtda jigardan safro (o‘t suyuqligi) ajrala boshlaydi. A’zolarning bunday pala-partish ishlashi ko‘pgina kasalliklar (stenokardiya, infarkt, insult)ning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan har doim yaxshi kayfiyatda bo‘lishga va asablarni asrashga odatlaning.

Tabassumning organizmga ijobiy ta’siri

Asab tolalarining toliqishi odamdagi ruhiy quvvatning kamayishiga olib keladi. Masalan, qonda kalsiy moddasi yetishmasa, mushaklarimiz og‘rib, suyaklarimiz mo‘rt bo‘lib qoladi. Yuzimizda tabassum paydo bo‘lishi bilan miya qonda asabiylikni yo‘qotuvchi moddalar ishlab chiqara boshlaydi. Bu orqali biroz bo‘lsada tanamizga iliqlik kiradi. Yaxshi kayfiyat ruhimizga kun davomida ijobiy ta’sir etadi.Shunday ekan hayotda har doim tabassum ila yashashni o‘zingizga shior qiling. Bu esa muammolarni unutishga katta yordam beradi.

Tabiat qo‘ynida dam oling

Hordiq chiqarish inson sog‘lig‘i uchun juda muhim hisoblanadi. Sog‘lom turmush tarziga amal qilish, ochiq havoda sayr qilish organizmga ijobiy ta’sir qiladi. Muntazam badantarbiya, kechki sayr, ayniqsa, uyquga yotishdan oldin o‘n-o‘n besh daqiqa piyoda yurish sog‘liq uchun juda foydali. Bundan tashqari tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish, suv havzalarida cho‘milish organizmni chiniqtiribgina qolmay, balki uni turli kasalliklardan himoya qiladi.

Yaxshilikka intilib yashang!

Inson o‘z kelajagi uchun o‘zi mas’ul.  Shunday ekan hayotdagi chiroyli va zavqli onlarni doimo eslash kishi ruhini ko‘taradi. Ezgu niyat, chiroyli so‘z, yaxshi amal, ota-ona, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatda bo‘lish ham asablar mustahkamligini ta’minlaydi. Demak, imkon boricha turli asabbuzarliklarning oldini olishga intilish, yaxshilikka ishonch va kelajakka umid bilan yashashni o‘rganish zarur!

Ishoning, hammasi o‘z qo‘lingizda

Barchamizning eng ezgu niyatimiz farzand­larimizni komil inson qilib tarbiyalashdir. Bu bizning ota-onalik burchimiz hisob­lanadi. Ezgu orzularning amalga oshishi uchun avvalo, oiladagi muhitni ijobiy tomonga o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Bolalardagi ruhiy tushkunlik, o‘ziga ishonchsizlik hissini yo‘qotishning yagona chorasi ularga hayotning har bir daqiqasidan quvonishga, bo‘lib o‘tgan voqea-hodisaga ijobiy fikr bildirishga o‘rgatishdir. Ota-onaning hayotga ishonch bilan qarashi, albatta, farzandlari hayotida ham aks etadi. Kichkintoyingizni ertalab chiqqan quyoshdan, oyisi pishirgan kulchadan, olgan “besh” bahosidan chin dildan xursand bo‘lishga o‘rgating. Bolaning hayotdan zavq oladigan xushchaqchaq inson yoki odamovi bo‘lib ulg‘ayishi aynan ota-onaning dunyoqarashiga bog‘liqligini unutmang.

Yana o‘qing:  Mamlakatimizning 23 tumanida za’faron plantatsiyalari tashkil etiladi

Kishi umidsizlikka berilsa, qattiq siqilsa, qondagi adrenalin va kortizol gormonlarining miqdori keskin oshadi. Adrenalin esa qon bosimini ko‘taradi. Qonning tez quyulishiga ham shu “jizzaki” gormon sababchi bo‘ladi. Kortizol esa tanada yog‘ qatlamini hosil qilishda qatnashadi. Bu xavfli “juftlik” esa o‘zaro “hamkorlikda” yurak xastaliklarining rivojlanishiga qulay zamin yaratadi. Vaqtingizni behuda siqilishlar va aldamchi xayollar egallab olishiga yo‘l qo‘ymang. Buning foydasi yo‘q. Hadeb o‘tgan voqealarni, omadsizliklarni eslamang! Ertangi muammolardan xavotirga tushmaslik uchun bugundan hayotga katta ishonch va umid bilan boqing. Oldinga dadil qadam bosing hamda shijoat bilan harakat qiling. Ya’ni, bugun rejalashtirgan har bir ishingizning uddasidan chiqing. Shundagina ruhiy zo‘riqishlardan saqlanib, kelajakdagi rejalarga ishonch bilan qaray olasiz.

Aziz yurtdoshim, hayotga jilmayib boqing. Shundagina u sizga ham kulib boqadi!

Psixolog Aziza TOSHXO‘JAYEVA

tavsiyalari asosida

Dilfuza AZIMOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: