90 nafar odam ovqatdan zaharlandi: bemorlarning ahvoli qanday?
Joriy yilning 27 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan “Shirin niyat baraka” MCHJga qarashli “Baxtli oila” to‘yxonasida 90 nafar odam ovqatdan zaharlanib, o‘tkir gastroenterit tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak.
Aytish kerakki, so‘nggi kunlarda ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kimdir mazkur holatda to‘yxona egasini, yana kimdir marosim sohiblarini, ba’zilar esa jabrlanuvchilarning o‘zlarini aybdor sifatida ko‘rsatishmoqda. Hatto, ayrimlar bemorlar orasida o‘lim holati qayd etilganligini aytib, «mish-mish» tarqatishga urinmoqda. Xo‘sh, aslida vaziyat qanday? Bemorlarning ahvolichi?
Ayni paytda barcha bemorlarning holati qoniqarli, – deydi Qashqadaryo viloyati, sog‘liqni saqlash boshqarmasining Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Sherboy Sherov. – O‘lim holati qayd etilgani haqidagi barcha xabarlar yolg‘on. Shu kunlarda bemorlarning 48 nafari sog‘lom holda o‘z uylariga jo‘natildi. Qolgan 42 nafari yana bir kun shifokorlar nazoratida bo‘ladi va shundan so‘ng ular ham oilasi bag‘riga qaytadi. Shuningdek, to‘yda ishtirok etgan qolgan fuqarolar ham o‘zlari yashaydigan hududdagi shifoxonalarda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, ayni paytda Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining malakali mutaxassislari ushbu shtabga jalb etilgan. Mutaxassislar voqeani o‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi: to‘yxona oshxonasida mahsulotlarga ishlov berish sexlari (xonalari) tashkil etilmagan. Oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, tez buziladigan go‘sht va go‘sht, sut va sut, qandolat mahsulotlarini saqlash uchun sovutgichlar yetarli emas. Mavjud 1 ta sovutgich kamerada xom va tayyor mahsulotlar ularni saqlash qoidalariga rioya qilinmagan holda birga saqlanmoqda. Oshxona asbob-uskunalari (stollar, taxtakachlar, pichoqlar, chelaklar, kastryulkalar va boshqalar) markirovka qilinmagan. Idish-tovoqlarni yuvish uchun sharoit yaratilmagan, ketma-ketlik qoidasiga rioya qilinmagan. To‘yxona xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, ular sanitariya minimum o‘quv kurslarida o‘qimagan. Tekshirish vaqtida 21 nafar oshxona ishchi-xodimidan biologik namunalar hamda tashqi muhit ob’yektlaridan 158 ta namuna olinib, laboratoriyaga topshirildi.
To‘y marosimidagi 3 xil salat Qarshi shahar, Bog‘obod mavzesi, 1/26 kottejda yashovchi fuqaro M.Shukurov xonadonida tayyorlangan bo‘lib, bu yerda ham sanitariya nazorati o‘tkazilganda salat tayyorlash uchun umuman sharoit yaratilmaganligi aniqlandi. Jumladan, salat tayyorlash 1 ta xonada amalga oshirilgan, xom mahsulotlarni yuvish uchun 1 ta vannadan foydalanilgan, fuqaro M.Shukurov tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan va ushbu faoliyat uchun tegishli ruxsatnoma olmagan. Sanitariya-epidemiologiyaga qarshi talablarni buzganligi uchun fuqaro M.Shukurovga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, eng kam ish xaqining 5 barobar miqdorida jarima solindi.
Mazkur muammo kelajakda qaytarilmasligi uchun mutasaddi xodimlar shahardagi to‘yxona egalarini jamlab, trening o‘tkazmoqda.
Dildora MURODOVA