Mikrokredit aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi
Mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish hamda aholining turmush farovonligini oshirishda moliyaviy xizmatlar harakatlantiruvchi kuchga ega.
Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish, tadbirkorlik faoliyatini investitsiyalash, uy xo‘jaligini yo‘lga qo‘yishga iqtisodiy jihatdan ko‘maklashish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va aholining real daromadlarini oshirish, kichik biznesni yanada rivojlantirishga erishish mumkin. Bunda mikromoliyaviy xizmatlar ushbu sohalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositasi hisoblanadi va bu o‘z navbatida mikrokredit tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, sohaga innovatsion usul va mexanizmlarni joriy etish va buning huquqiy asoslarini takomillashtirishni talab etadi.
2018 yil 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining “Iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlik rivojlantirilishiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qabul qilingan qonun iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirdi.
Jumladan, ushbu hujjatda O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonuniga banklar tomonidan mikrokredit berish normasini mustahkamlovchi qo‘shimcha kiritish nazarda tutilmoqda. Mikroqarz banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga eng kam ish haqining yuz barobari miqdoridan oshmaydigan summada to‘lovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida 1 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jismoniy shaxslarga beriladigan ushbu mikroqarz, eng avvalo, xalqimiz ehtiyojlarini qondirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning moliyaviy xizmatlardan foydalanishini ta’minlash, moliyaviy ommaboplikni yanada kengaytirish, eng asosiysi, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi va “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunlari yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha yillik qarz miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va jarima undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash taqiqlanadi. Shuningdek, litsenziya talab qiladigan faoliyat turlari toifasidan ayrim faoliyat turlarining bir qismini chiqarib tashlash nazarda tutilmoqda.
Rustam RASULOV,
Toshkent viloyati iqtisodiy sudi raisi