G‘amxo‘r bolalar qanday tarbiyalanadi?
Ota-ona borki, farzandini kelajakda yaxshi inson bo‘lib ulg‘ayishini istaydi. Farzandlarga bolalikdan insoniylik tuyg‘ularini o‘rgatib borish turli illatlarning oldini oladi.
Harvard universitetining bir guruh olimlari bolalarni samimiy, ochiqko‘ngil, g‘amxo‘r qilib tarbiyalashga ko‘mak beradigan 6 ta muhim jihatni aniqladi. Marhamat ular bilan tanishing.
Ko‘p vaqtingizni farzandingiz bilan birgalikda o‘tkazing.
Dilbandingiz bilan bo‘lgan o‘zaro munosabatlar ishonchga asoslansin. Uning orzu-istaklarini nafaqat bilishga, balki tushunishga harakat qiling. Mehringizni vaqti-vaqti bilan izhor etishni unutmang. Zero, oilasida ota-onasidan to‘laqonli mehr ko‘rgan bolalarda atrofdagilarga nisbatan arzimagan narsaga jahl qilish, g‘azablanish holatlari kuzatilmaydi. Oilasida to‘g‘ri tarbiyalangan, mehr berib o‘sgan bola borki, atrofdagilarga faqat yaxshilikni ilinadi.
Minnatdorlik tuyg‘ularini shakllantiring.
Ko‘pchilik insonlar yaqinlarning borligi, g‘amxo‘rligi uchun, minnatdorlik izhor qilish o‘rniga, ulardan noliydi. Siz esa dilbandingizga unga qilingan har qanday katta-kichik yordam uchun minnatdorlik bildirish kerakligini bolalikdan o‘rgating! Masalan, farzandingiz mazali taom uchun sizga, qiziqarli dars uchun ustoziga, u bilan o‘ynagani uchun otasiga rahmat aytishni o‘rgansin. Tadqiqot jarayonida olimlar insonlarning minnatdorlik bildirishi, ularning baxtli va hatto, sog‘lom yashashlariga ta’sir o‘tkazishini aniqlashdi.
His-tuyg‘ularni nazorat qilishni o‘rgating.
Jahl, yig‘i, xafa bo‘lish – insonni yemiruvchi hislar sanaladi. Bu holat bizga foyda olib kelmaydi, faqat asablarning egovlangani qoladi, xolos. Agar farzandingiz jahl otiga mingan bo‘lsa, uni tinchlantiring. His-tuyg‘ularni nazorat qilish kerakligini bolalarga xos usulda tushuntiring. Bunda u bilan birga, chuqur nafas olish va 10 gacha sanash tavsiya etiladi. Shundan so‘ng kichkintoyning nimadan buncha norozi bo‘lgani boisini so‘rang.
Muhtojlarga ko‘mak berish va ularni tushunish ko‘nikmasi.
Bolaga zaiflarga ko‘mak berish zarurligini bolalikdan o‘rgatib borish kerak. Bunda ota-ona shaxsiy namuna ko‘rsatishi, ayni muddao. Farzandingizdan yordamga muhtoj insonni ko‘rganida uning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rishini tushuntirish, g‘amxo‘rlik hissining ortishiga ko‘mak beradi. Dunyoda uysiz-joysiz, oziq-ovqatsiz bolalar borligini, ularga ko‘mak berish uchun ko‘plab insonlar harakat qilishini so‘zlab bering. Ijtimoiy mas’uliyatni o‘rgatish va zaiflarga mehr ko‘rsatishda o‘zingiz unga namuna bo‘ling.
O‘z harakatlariga nisbatan javobgarlik hissini uyg‘oting.
Bolalar ota-onasining harakatlarini juda tez ko‘chirib olishadi va ularni o‘zlariga namuna sifatida qabul qilishadi. Bolalarga amal qilinishi kerak bo‘lgan axloq normalari haqida tushuntirish bering. Dilbandingizga u qilayotgan har bir harakat uchun javobgarlik hissi mavjud ekanligi va u ko‘plab insonlarga jabr qilishi mumkinligini ayting.
Axloq normalari.
Ko‘pchilik ota-onalar farzandining bog‘chadagi, maktabdagi muvaffaqiyatlari uchun juda ko‘p qayg‘uradi-yu, lekin ularning axloqiy tarbiyasiga u qadar ahamiyat qaratmaydi. Aslida bilimning boshi axloqdan boshlanadi. Agar bola atrofdagilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lsa, unga xuddi shu tarzda javob qaytarishadi. Aqlli, odobli bola nimalarga qodir ekanini unga bolalikdan o‘rgating. Bularni atrofdagi insonlar, do‘stlaridan o‘rganib olishini kutmang. Axir, tarbiya aslida oiladan boshlanadi-ku.
Xurshida HUSENOVA