O‘rik – hayotiy quvvat manbai
O‘rikning har bir turi o‘zining betakror ta’mi bilan barchamizga xush yoqadi. Uni sarxilligida va damlab hamda qaynatib, qolaversa quritib, turshak holida ham iste’mol qilamiz. Zarg‘aldoq, qizil va sariq ba’zida esa yashiltob o‘rikni iste’mol qilish kishining umumiy ahvoliga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu meva inson organizmini quvvatga to‘ldiradi. Yurak-qon tomir va me’da-ichak tizimi kasalligiga chalingan yoki ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi kishilar undan ko‘proq tanovul etishlari lozim.
Bu meva gipovitaminoz (vitaminlar kamayganda) yoki avitaminoz (darmondorilar yetishmovchiligida)da va kamqonlikda yaxshi yordam beradi. U shuningdek, saraton xastaligida ham sog‘liqni mustahkamlaydi. Bu ajoyib, ishtaha ochuvchi meva organizmning turli xastaliklarga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi.
Semirishga qarshi o‘rik parhez mahsuloti sifatida yeyiladi. Butun dunyo diyetolog (parhezshunos)lari o‘rik moddalar almashinuvi va ovqat hazm qilish jarayoni uchun foydali mahsulot degan fikrga keldi. Har kuni undan atigi 100 gramm tanovul qilish muntazam ich kelishiga va ichaklardagi yeldan xalos bo‘lishga sabab bo‘ladi. Temir moddasiga boyligi tufayli o‘rikning 100 grammi 250 gramm jigarning o‘rnini bosadi. Miyaning faolligi uchun magniy va fosforga boy ushbu mevani iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uning tarkibidagi magniy qon bosimi ko‘tarilganda uni pasaytirishda yordam beradi.
Tarkibidagi 10,5 foiz shakar o‘rikka o‘ziga xos mayin ta’m beradi. Bundan tashqari unda yana inulin, olma, limon va uzum kislotalari, hamda organizmdan ortiqcha xolesterin va zaharli moddalarni haydab chiqaruvchi kraxmal va pektin moddasi ham mavjud. Shuningdek, A provitamini organizmda A vitaminining yuzaga kelishiga olib keladi. Bu vitamin esa organizmning yuqumli kasalliklarga qarshiligini oshiradi, teri holatini yaxshilaydi.
Uning tarkibidagi V vitamini esa yurak-qon tomirlari tizimi bilan bog‘liq xastaliklarni davolashda shifobaxsh xususiyatga ega. C vitamini organizmning umumiy qarshiligini oshirib, ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilaydi. Bu darmondori ko‘plab og‘ir yuqumli xastaliklarning oldini oladi.
Qolaversa, o‘rik mevasi juda ko‘p mineral tuzlarga ega bo‘lib, ularning organizmda kamayib ketishi suyaklarning buzilishiga olib keladi. Mineral tuzlar kishining asab tizimi va moddalar almashinuvining me’yorida kechishi uchun ham muhim sanaladi.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi