Yurtimizda yangi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi
Shu kunlarda butun musulmon ahli eng quvonchli kun – Ramazon hayiti ayyomini nishonlash arafasida turibdi. Yilda bir marotaba nishonlanadigan bu bayram keksayu yosh uchun o‘ziga xos kun hisoblanadi. Bu kunda yaqinlar yod etilib, gina-kudratlar unut bo‘ladi. Bu kabi amallar islom dinining o‘ziga xosligini ifodalaydi. Shu bois islom diniga yurtimizda katta e’tibor qaratilib, bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bayram arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining tashkil etilishi bu boradagi yana bir muhim ishlardan biri bo‘ldi.
Nuriymon ABULHASAN,
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari:
– Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilgani fikrimiz isbotidir. Shuni qayd etish kerakki, amalga oshirilayotgan ushbu ishlar farmonda belgilangan vazifalarning boshlanishi. Birgina ushbu fondning tashkil etilishi aholiga katta qulaylik yaratadi. Ya’ni, innovatsion texnologiyalar sohaga joriy qilindi. Avvallari fuqarolarimiz diniy majburiyatlarni bajarish chog‘ida kimga va qanday tartibda zakot berish lozimligini bilmagan. Hozirda esa bu muammolarni bartaraf etish uchun alohida fond tashkil etildi.
Jaloliddin HAMROQULOV,
“Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi:
– Aholi qulay elektron tizimi orqali ham zakot va ehsonlarini ko‘rsatilgan hisob raqamiga yuborishi va bu bilan masjid, ziyoratgoh, diniy ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlash ishlari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘plab boshqa ezgu maqsadlarga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Fondga naqd pul, plastik kartochkalari va elektron to‘lov tizimlari orqali tushayotgan mablag‘lar maxsus dastur yordamida yagona serverda to‘planib, tahlil qilinadi. Fondning alohida hisob raqamida to‘plangan mablag‘larning maqsadli sarflanishida shaffoflikni ta’minlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham taqdim etib boriladi. Ushbu qutlug‘ damlar saxovat, xayr-ehsonning ayni fursati. Ramazon oyida har bir amalning savobi 700 barobar ziyoda qilib berilishi hadisi shariflarda keltirilgan. Shu sabab mamlakatimizda dinimizning ustunlaridan biri bo‘lmish zakot ibodatini yilda bir bor Muborak Ramazon oyida ado etishadi. Zero, Zakot – poklik va baraka demak.
Vaqf o‘zi nima?
“Vaqf” so‘zi lug‘atlarda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarida keladi. “Vaqf – narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir”. Ya’ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Undan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allar va hokazo) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.
Fondning asosiy mulki nimalardan iborat?
Fondning mablag‘lari 3 qismga bo‘linadi. Bular: xayriya, vaqf bo‘limi hamda zakot, ushr, fitr, fidya bo‘limidan iborat. Kim qaysi bo‘limga mablag‘ o‘tkazsa, o‘tkazilgan mablag‘ o‘sha bo‘limga borib tushadi. Ya’ni, shariatda aytilgan o‘rinlar uchun sarf qilinadi. Bir so‘z bilan aytganda, fond faqat vaqf mulkidan iborat emas.
Mablag‘lar qay tartibda yig‘iladi?
Hozirgi vaqtda fond xayriya mablag‘lari odamlarga qulaylik yaratish maqsadida elektron to‘lov tizimlariga ulanmoqda. Jumladan, “slick”, “payme” tizimlari orqali zakot, vaqf yoki xayriya mablag‘larini fondga o‘tkazishingiz mumkin. Shu bilan bir qatorda, poytaxtimizdagi 12 ta masjid hamda Toshkent viloyatidagi Zangiota majmuasiga infokioska o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali fondning istalgan bo‘limiga naqd yoki plastik kartochka orqali pul o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, xorijda istiqomat qiladigan fuqarolar ham ushbu tizimdan foydalanishlari, valyuta mablag‘larini fondga hech qanday muammolarsiz tushirishlari uchun ham bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
X. HUSENOVA