Yunus Rajabiy nomidagi mahalla ahli to‘y-ma’rakalarni ixchamlashtirish tarafdori

Oila qurish har bir inson hayotida unutilmas voqea bo‘lib, ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Yangi oila bilan jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini vujudga keladi. Zero, oila sog‘lom bo‘lsa, jamiyat sog‘lom, yurt tinch va osoyishta bo‘ladi.

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan Yunus Rajabiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan tadbirda ana shu masalalar yuzasidan o‘zaro fikrlashildi.

Toshkent shahar “Sog‘lom ona va bola markazi” boshqaruvi raisi Ra’no Zaripova barcha yig‘ilganlarni 2018 yil 29-30 mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida senatorlar ma’qullagan qonunlar bilan yaqindan tanishtirdi. Senatning “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorini batafsil tushuntirib berdi. Mutaxassis oilaviy tadbirlarni tartibga solish nafaqat farzandlar kelajagi uchun, balki jamiyat uchun ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi:

 

– Senatning ushbu qarori bilan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi. Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib ushbu masalaning OAV, jumladan, internet nashrlarida faol muhokama qilinishini tashkil etish, mamlakatimizning har bir hududida oilaviy tadbirlarni o‘tkazish borasida shakllangan o‘ziga xos urf-odat va an’analarni aholi ishtirokida chuqur o‘rganib chiqish belgilandi. Ishchi guruhga muhokamalar yakuni bo‘yicha asoslangan takliflar tayyorlash va loyihani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish belgilandi. Shuningdek, Senatning ushbu qarori bilan tegishli davlat va nodavlat tashkilotlariga mazkur masalalarni chuqur o‘rganib, Ishchi guruhga taklif kiritish topshirildi.

 

Ma’ruzachi Oliy Majlis Senatining mazkur qarorni qabul qilishdan maqsadi aholi tomonidan bildirilgan taklif va fikrlar inobatga olinib, Ishchi guruh mazkur masalani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni yanada mukammal ishlab chiqilishi ko‘zlanganligini ta’kidladi.

Yig‘ilish qatnashchilari so‘zga chiqib, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni ixchamlashtirib o‘tkazish taklifini ma’qulladi va o‘z takliflarini bildirdi.

Mirobod tumanidagi 110-umumta’lim maktab o‘qituvchisi Xurshida Ashurova to‘y arafasida kuyovning uyini bezatish marosimlarini ham tartibga solish lozimligi haqida aytib o‘tdi:

Yana o‘qing:  Mehribon ona ayiq

 

– Qalbingizni bir parchasi bo‘lgan qizingizni butunlay begona xonadonga uzatasiz, kuyovning uyini bezaysiz. Ayrim qudalar yoqmagan buyum, sarpo-suriq haqida bemalol e’tiroz bildiradi. Boshqa odamlar bilan qiz tomon qilgan seplarni solishtiradi. Shu tufayli odob doirasidan chiqiladi, bo‘lajak qarindoshlar o‘rtasida dilxiralik paydo bo‘ladi. Albatta, bu holatlarni tartibga solish kerak.

Ushbu mahalla poytaxtdagi turli millat vakillari ahil-inoq yashayotgan namunali oshiyonlardan biri. To‘ylar borasida ham o‘z an’ana va qadriyatlariga ega. Mahalla idorasi to‘yxona bilan yonma-yon joylashgan. Jamoat birlashmasining ko‘pgina tadbirlari ham shu joyda o‘tkaziladi. Kamtarona, ixcham to‘ylar o‘tkazish borasida mahalla ahli yana bir xayrli an’anani boshladi.

 

Yakkasaroy tumani FHDYo idorasi bilan hamkorlik masalasida shartnoma tuzdik, – deydi mahalla raisi Adham Zohidov. – Nikohdan o‘tayotganlar ota-onasi bilan birga, avvalo, mahalla idorasiga murojaat qiladi. Mahallada bu masala bo‘yicha komissiya tuzilgan bo‘lib, ular ota-onalar va yoshlar bilan FHDYo vakili ishtirokida suhbat o‘tkazadi. Qolaversa, maxsus so‘rovnoma tayyorlanib, suhbat jarayonida to‘ldiriladi. Unda to‘yga bitta san’atkor taklif etish, to‘y oshini 200, nikoh to‘yini 150 kishidan oshirmaslik va boshqa yo‘l-yo‘riqlar bilan tanishtiriladi. Ixcham to‘ylar o‘tkazish haqida davlat siyosatining mazmun-mohiyati tushuntiriladi. Shundan so‘ng, yozma bayonnoma tuziladi. Bu usul bilan har bir oilaning ushbu masala yuzasidan fikrlarini bilish, yoshlarni ixcham to‘ylar o‘tkazishga da’vat etish maqsadlari ko‘zlangan.

 

Qizg‘in munozaralarga boy bo‘lgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tasdiqlagan loyiha asosida o‘tkazildi.

 

Javlon SA’DULLAYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: