Ilgirlik – firibgarlik… mi?

Bugun hayotimizni ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Unda har soniyada yangiliklar yangilanib boradi. Odamlar bu yerda o‘zi uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni bir zumda topish imkoniga ega.

Aksariyat hollarda tarmoq foydalanuvchilari tomonidan yozib qoldirilgan izohlar turli tortishuvlarga sabab bo‘ladi. Misol uchun yaqinda “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqarli bir ayolning ilgir haqidagi murojaati turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. E’tiborlisi, ushbu matnga yozilgan izohlar soni 300 dan ortdi. Tabiiyki, barcha mavzu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Kimdir “Ilgirlik yo‘q narsa, ko‘zbo‘yamachilik xolos” desa, yana boshqa birov “Men ilgirdan shifo topganman” deya boshdan kechirganlarini yozib qoldirdi. Xullas, masala o‘z yechimini topmadi. Shundan so‘ng ushbu mavzuga batafsilroq yondoshib, odamlarga bu bo‘yicha zarur ma’lumotlar yetkazishni maqsad qildim.

Ilgir – forscha so‘z bo‘lib, “tozalash” degan ma’noni anglatadi. bu ish bilan shug‘ullanadigan shaxslar odamning tomog‘ida tiqilib qolgan meva urug‘lari, qiltanoq va ayniqsa, sehr-jodu orqali paydo bo‘lgan tugunchalarni turli usullar bilan olib tashlashini ta’kidlaydi.

Bir tanishimning aytishicha, 2 yoshli o‘g‘lining harorati ko‘tarilib, ishtahasi yo‘qolgan. Shifokorlarga yugurgan, ammo davo yo‘q. Kun sayin bolaning ahvoli og‘irlashadi. Afsuski, tibbiyotning hech bir malhami najot bermaydi. So‘ng kimdir ota-onaga bolasini ilgirga olib borishni maslahat beradi. Tanishim shifo istab, ilgirga borganida o‘rta yoshli ayol bolaning tomog‘idan olma urug‘ini oladi. Qarangki, ertasi kuniga bolaning ahvoli yaxshilanib, ovqat yeyishni boshlaydi. Bir hafta o‘tgach esa kichkintoy butunlay sog‘ayibdi.

Yana bir dugonam uzoq yillardan buyon farzandsiz edi. Er-xotin shifokorlarga murojaat qilganida ikkisining ham sog‘lom ekanligini aytishgan. Tushkunlikka tushib qolgan dugonamga qo‘shnisi ilgirga borishni tavsiya qiladi. Ayol so‘ngi chora sifatida eri bilan unga boradi. O‘zini tabib deb tanishtirgan odam ayolda jodu borligini aytadi. Kimdir ularga hasad qilib, sehr qilgan ekan. Ayolning tomog‘idan tuguncha olib, ularga ko‘rsatibdi. Aytishicha tugun ichida soch va tirnoq bor ekan. Shu voqeadan keyin oradan 3 yil o‘tdi. Dugonam hali – hamon farzand kutmoqda.

Har ikkala voqea ilgirlik mavzusida bir to‘xtamga kelishning imkoni yo‘qligini ko‘rsatadi. Shu bois, bu amaliyot bo‘yicha mutaxassis fikri bilan qiziqdik.

Yana o‘qing:  Sambochilarimiz shohsupaga ko‘tarildi

 

Ilgirlik tabobat, ammo…

Mehriniso HAMROYEVA,

O‘zbekiston xalq tabobati akademiyasi rahbari:

Azaldan tabobatda ilgirlik tushunchasi mavjud. Bunda ilgirlar bemorning tomog‘i, aniqrog‘i, qizilo‘ngachning yonidan hazm bo‘lmagan narsalarni chiqarib tashlaydi. Bugungi kunda afsuski, bu ilm egalari deyarli yo‘q. Ko‘zbo‘yamachilik avj olgan. Ko‘pchilik pul topish ilinjida o‘zidan “tabib” yasab olmoqda. Shu bois, odamlar bunday firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmasin.

“Sizga issiq-sovuq qilishibdi, mana tugun chiqdi, soch tolasi, tirnoq chiqdi” deb cho‘ntak to‘ldirayotganlar ko‘zbo‘yamachi, xolos.

 

Duo – har dardga shifo

Odilxon qori YUNUSXON o‘g‘li, Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi Shayx Zayniddin jom’ye masjidi imom-xatibi:

– Islom dinida ilgirlik degan narsa yo‘q. To‘g‘ri, ko‘z tegishi bor. Yana sehr ta’sir qilishi mumkin. Sehr, hasad, ko‘z tegishi va turli vasvasalarga qarshi har kuni “Baqara”, “Ixlos”, “Falaq” va “Nos” surasi o‘qiladi yoki eshitiladi. Keyin suvga dam solib ichsa ham bo‘ladi. Qolaversa, ko‘p-ko‘p istig‘for aytish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot yo‘llash, Allohga duo qilish bilan muammolardan qutulish, qalb xotirjamligiga erishish imkoni bor.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kimda-kim ko‘p istig‘for aytsa, Alloh o‘sha (banda) uchun har qanday g‘am-tashvish va tanglikdan chiqish yo‘lini (paydo) qiladi, uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantiradi” (Abu Dovud, Ahmad, Tabaroniy va Hokim rivoyat qilgan).

 

Odamlar orasida

 

Mazkur mavzu yuzasidan odamlar orasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Unda qatnashganlarning 70 foizi ilgirga ishonishini ta’kidladi. 30 foiz qatnashchi esa bunday odamlarga mutlaqo ishonmasligini aytdi.

 

Gulnora ERGASHEVA,

MTM tarbiyachisi:

– Ilgirga oldindan kattalarimiz ishonishgan. Qizimning tana harorati ko‘tarilganda ilgirga olib borganman. U farzandimning tomog‘idan olma urug‘ini olib bergan. Shundan u yaxshi bo‘lib ketdi.

 

Shahonza RUSTAMOVA,

uy bekasi:

To‘g‘risini aytsam, qo‘shnim ilgirlik qiladi. Uyiga odamlar keladi. Ammo, o‘zimning ishim tushmagan. Shuning uchun, bunga ishonmayman.

 

Malika INAGAMOVA,

shifokor:

Bolaning tomog‘ida turli narsalarning turib qolishi bor narsa. Lekin sehr-jodu qilinibdi, degan gap mutlaqo asossiz.

 

Mana, ayrim yurtdoshlarimizning fikrlarini o‘qidingiz. Xulosa chiqarish esa o‘zingizga havola, azizlar.

 

Yana o‘qing:  O‘qigan qiz “shahar” olib beradi

Dildora FAYZIYEVA

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: