Ixlos
Turmush o‘rtog‘imning yaqin hamkasblaridan birinikiga mehmonga bordik. Ko‘p qavatli uy yo‘lagi yonida bizni xonadon egasi Yusuf aka qarshi oldi:
– Ey, kutaverib qorin ham “tatalab” ketdi-ku. Sho‘rva ham “tagiga olay” deyayotgan edi o‘zi ham, – deya hazil qildi mezbon. So‘ng bizlarni uyiga taklif qildi.
Xonadon eshigini hatlar ekanmiz, bizni uy bekasi va uning qaynonasi Soliha aya qarshi oldi. Aya haqida, to‘g‘rirog‘i, uning yaqin yillarda og‘ir xastalikka chalingani, farzandlari esa onasining shifo topishi uchun ko‘p yugurganlari haqida xo‘jayinimdan eshitganim bois, unga zimdan razm soldim. Uning yuzida kasallikdan asar ham qolmagan. Salom-alikdan so‘ng avvaldan tuzatilgan dasturxon atrofiga o‘tirdik. Men ayaning yonidan joy oldim.
Biz u bilan turli mavzularda suhbatlashdik. Suhbat orasida Soliha ayadan sog‘lig‘i haqida so‘radim. Onaxon esa hozirda o‘zini ancha tetik his qilayotganini aytdi. Garchi, noqulay bo‘lsada, qaysi shifoxonada shifo topgani bilan qiziqdim. U kishi biroz kulimsirab:
– Bilasizmi, qizim, men hech qaysi shifoxonada davolanmadim, – dedi.
– Qanday qilib…? – hayron bo‘ldim.
– Ey, qizim, asti so‘ramang. O‘sha kunlarni esga olishning o‘zi azob. O‘shanda oyoqqa turishdan butkul umidimni uzgandim. Endi bir umr yura olmasam kerak, deb ham o‘ylaganman…
Ayaning aytishicha, bundan besh yil oldin dastlab bo‘g‘imlarda boshlangan og‘riq, biroz vaqt o‘tib, uni to‘shakka mixlaydi. O‘g‘illarning ona dardiga shifo izlab bormagan joyi, ko‘rsatmagan shifokor-u tabibi qolmaydi. Hatto, Soliha ayaga suyak sili deb ham tashxis qo‘yishadi.
Kunlarning birida Soliha ayaning qo‘liga tibbiyot psixologiyasiga oid kitob tushib qoladi. Onaxon bu kitobni o‘qib chiqqach, o‘zini xuddi hayotga qayta kelganday his etadi. Unda yozilgan psixologik tavsiyalarni o‘zida sinab ko‘radi. Vaqt o‘tib, bemor o‘zini yaxshi his eta boshlaydi. Bora-bora shunga o‘xshash kitoblarning bir nechtasini o‘qib chiqadi. Avvalo, Allohdan shifo so‘rab, chin dildan o‘zining sog‘ayib ketishini ko‘z oldiga keltiradi. Butun tanasida kasallikdan asar ham yo‘qligini tasavvur qiladi, o‘zini sog‘lom insonman deb ishontiradi.
– Bilasizmi, qizim, ixlos va tasavvurda gap ko‘p ekan. Avvalo, tuzalib ketishimga chin dildan ishondim, – deydi suhbat chog‘ida mezbon. – Men yura olishimni aniq tasavvur qildim va buni sekin-astalik bilan amalda bajarib ko‘rdim. Ming shukur, hozir o‘zim mustaqil yura olaman.
Har tong badantarbiyani kanda qilmaydigan, quyoshli kun bo‘lmasada, xayolan uning taftidan bahra oladigan Soliha ayaning so‘zlarini tinglar ekanman, ayolning metindek irodasiga qoyil qoldim. U kishi oliy ma’lumotli bo‘lmasada, kitobga, ilmga bo‘lgan mehri, intilishi tufayli haqiqiy ziyoli bo‘lib yetishgan edi.
Qadimda Sharq allomalari har bir ishga inson chin ixlos bilan kirishsa, albatta, niyatiga yetajagini bayon qilishgan. Ajab emas, onaxon ham chin ixlos sababli dardiga davo topgan bo‘lsa.
Mayna HASANOVA