Olamni bolalar va ranglarbezaydi

Ranglar – hayotimiz mazmuni. Sariq, pushti, qizil, yashil… Bu hayotiy ranglar tufayli hayotimiz go’zal, dunyo turfa ranglar yog’dusi bilan maftunkordir. Ana shu mo’jiza tufayli inson borliqni o’zicha tasavvur etadi, anglaydi.

Mutaxassislarning fikricha inson ranglarni go’dakligidan his etib, ularni bir biridan ajratib boradi. Shuning uchun ota-onalar o’z farzandlariga o’yinchoqlar tanlashda uning turfa rangliligiga e’tibor qaratishi zarur. Bu orqali bolaning ranglar borasidagi didi, sinchkovligi rivojlanib boradi, uni yetuk inson bo’lib kamol topishiga xizmat qiladi. O’z ijodiy ishlari bilan turli tanlovlarda ishtiroki esa uning bu boradagi mahorati oshishiga zamin bo’ladi.

Andijon shahridagi, «Bolalar sha­har­chasi»da istiqomat qiluvchi Ixtiyor Komiljonov ham rasm chizishga, turli ko’rinishdagi haykalchalar yasab unga ranglar yordamida sayqal berishga qiziqadi. Ixtiyor o’z ichki kechinmalarini mo’yqalam orqali ifoda etishga harakat qiladi. Ehtimol, shuning uchundir, uning ijodiy ishlari hamisha hayotiy, ta’sirchan bo’ladi. Bu yil ham Ixtiyor «Mehribonlik uy»lari tarbiyalanuvchilari o’rtasida o’tkaziladigan an’anaviy «Kamalak jilosi» rasmlar ko’rik tanlovida amaliy san’at yo’nalishi bo’yicha ishtirok etib, 11-16 yoshli bolalar o’rtasida faxrli birinchi o’rinni egalladi. Ana shunday rag’bat va e’tirof insonni hamisha yuqori marralar sari yetaklaydi.

Hukumatga qarashli bo’lmagan «Sog’lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg’armasi tomonidan 1997-yildan buyon «Mehribonlik uy»lari tarbiyalanuvchilari o’rtasida an’anaviy tarzda o’tkazilib kelinayotgan «Kamalak jilosi» rasmlar ko’rik-tanlovida ishtirok etuvchi bolalar safi tobora kengayib bormoqda. Mazkur tanlovdan ko’zlangan asosiy maqsad iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularda tasviriy san’at va badiiy ijodga bo’lgan qiziqish va e’tiborni shakllantirishdan iborat.

– «Kamalak jilosi» tanlovida muntazam ishtirok etib kelyapmiz. Bu kabi tadbirlar ijodkor bolajonlarimizning o’zaro tajriba almashishi uchun xizmat qiladi. Iqtidorli yoshlarimizning ijod namunalari yil sayin mazmundorlik kasb etib, rang-tasvir borasida tajribalari ortib bormoqda. Bu yilgi natijamiz ham ancha yaxshi bo’ldi. Bizning «Mehribonlik uyi»mizda tarbiyalanuvchi Mehrangiz Qalandarova «Oq laylaklar» deb nomlangan ijodiy ishi bilan birinchi o’ringa, Tasviriy san’at yo’nalishida Aziz To’xtayevning «Mening oilam» mavzusidagi ijodiy ishi ikkinchi o’ringa munosib deb topildi, – deydi Navoiy shahri 1-«Mehribonlik uyi» o’qituvchisi Dilbar Bozorova.

Chindan ham O’zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy zalida bo’lib o’tgan ushbu ko’rik-tanlovda respublikamizdagi «Mehribonlik uy»larining 1500 nafar tar­bi­ya­la­nuv­chi­lari ishtirok etib, viloyat bosqichlarida g’olib deb topilgan 100 dan ortiq rasmlar va 80 dan ortiq amaliy san’at na’munalari mazkur ko’rik-tanlovning yakuniy bosqichiga taqdim etildi. Hay’at a’zolari uchun g’oliblarni aniqlash biroz mushkul bo’ldi. Sababi, bu yilgi tanlovga kelgan ijodiy ishlar anchagina rang-barang bo’lishi bilan birga, salmoqli hamdir. Hay’at a’zolari tomonidan tasviriy san’at yo’nalishida yoshiga qarab olti nafar, amaliy san’at asarlari yo’nalishida ham olti nafar yosh ijodkorlar jami o’n ikki nafar bolalar turli yo’nalishlar bo’yicha g’olib deb topildi.

Яна ўқинг:  Илм мангу шуъладир

Bunga ko’ra tasviriy san’at yo’nalishida 4 yoshdan 10 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasida 1-o’rin Jizzax shahridan Dostonbek Berdiyev, 2-o’rin Samarqand shahridan Mehrjon Mannopov, 3-o’rin Navoiy shahridan Aziz To’xtayevlarga nasib etgan bo’lsa, 11 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan ijodkorlar o’rtasida 1-o’rinni Sirdaryo shahridan Ramazon Isroilov, 2-o’rinni Toshkent shahridan Diana Azimova, 3-o’rinni Qoraqalpog’iston Respublikasidan Atabek Alibekov egalladi. Amaliy san’at yo’nalishida 4 yoshdan 10 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasida 1-o’rinni Navoiy shahridan Mehrangiz Qalandarov, 2-o’rinni Andijon shahridan Sardor Yuldashev, 3-o’rinni Sirdaryo viloyatidan Yuriy Savin qo’lga kiritgan bo’lsa, 11 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasida 1-, 2-o’rinlar andijonlik Ixtiyor Komiljonov, Ildar Rahmonqulov va Javohir Ergashevlarga nasib etdi. 3-o’ringa esa toshkentlik Atbert Sodiqov munosib deb topildi.

G’oliblar tadbir tashkilotchilari tomonidan Diplom va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandilar.

– Andijon shahridagi «Bolalar shaharchasi»da tarbiyalanuvchi iste’dodli yoshlarimiz bisyor. Ustozlarimiz ham tasviriy san’at va amaliy san’at yo’nalishida bolalarimizga imkon qadar o’z bilimlarini berib kelishmoqda. Mehnatimiz samarasi o’laroq, bu tanlovda Ixtiyor Komiljonov va Ildar Rahmonqulov amaliy sa’nat yo’nalishida yaratgan asarlari bilan g’olib bo’ldi. Javohir Ergashev esa «Anor naqshi» deb nomlangan ijodiy ishi bilan faxrli ikkinchi o’rinni egalladi. Navbatdagi tanlovda ijodkor bolalarimizning safini yanada kengaytirishga harakat qilamiz, – deydi bolalar to’garagi rahbari Alisher Tojiboyev.

Qalbi go’zallik va san’atga oshno inson, har doim yomonlikdan uzoqlashib, yaxshilikka yondoshib yashaydi. Bu kabi ko’rik-tanlovlarning muntazam o’tkazib borilishi ham yosh bolajonlarimizni dunyoni turfa ranglar yog’dusi ila anglashga va uni o’z mo’yqalamlari orqali ifoda etishga undaydi.

Ma`rifat TOLIPOVA,

“Sog`lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: