Ohanglar parvozi

Kuyga, qo'shiqqa oshufta dil ohanglar og'ushida. Qalbidagi cheksiz hayajon yuzu-ko'zlariga ko'chgan. O'zbekiston degan nom yangrashi bilan sahnaga ko'tarilgan Shahrizoda nozik barmoqlari bilan fortepiano chalishga kirishdi. Qora qoshli, qora ko'zli navnihol qiz tomonidan ijro etilgan kuy yakuni tomoshabinlarning gulduros qarsaklariga ulanib ketdi…

Rossiyaning Kemerova viloyatida bo'lib o'tgan “Mетелица” nomli Xalqaro vokal tanlovida vatanimiz sharafini himoya qilgan Shahrizoda Abdullayeva faxrli III o'rinni egalladi. San'atkor qizning katta sahnadagi erishgan muvaffaqiyatida, avvalo, uning iqtidorini to'g'ri yo'naltira olgan ota-onasining, qolaversa, musiqa fani ustozi Manzura Hikmatovaning hissasi katta.

Kuyni yoki qo'shiqni ijro etish uchun, avvalo, unga dil payvasta bo'lishi lozim. Yurak tubidan qo'yilib kelgan ilhom manbai bo'lmasa, ohang sehri o'zgalar ko'nglidan joy olmasa harakating besamar ketadi. Buni dildan anglagan san'atkor qiz tinmay izlanadi. Urganch shahar 1-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabining 5-sinf vokal guruhida tahsil olayotgan Shahrizoda bir necha bor viloyat va respublika miqyosidagi ko'rik-tanlovlar g'olibi.

U yaqindagina Sankt-Peterburg shahrida o'tkazilgan “Окно в Европу” xalqaro festivali sоvrindori bo`ldi. San'atsevar qizning estrada yo'nalishida ijro etgan xorazmcha “Chag'alla”, “Tango” qo'shiqlari hakamlar hay'ati tomonidan yuqori baholandi.

Ta'lim maskanida Shahrizoda singari iqtidorli o'quvchilar ko'pchilikni tashkil etadi. Bu yerda tahsil olayotgan bolajonlarning san'at sirlarini puxta egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biz esa Shahrizoda kabi san'atga oshufta yuraklarga yanada yuksak parvozlar tilab qolamiz.

Jamshid XALILOV,

Mehrixon ORTIQOVA

Яна ўқинг:  2016 йил – Соғлом она ва бола йили: БАРДАВОМ ЭЗГУ МАҚСАД САРИ

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: