Beg‘uborlik va hayrat lahzalari

Bolalarsiz dunyoni tasavvur etib bo‘lmaydi. Ular hayotning jon tomirlaridir. Tabassumi dillarga malham, quvonchi baxtimizga hamdam. Kulib turgan munchoq ko‘zlar umr yo‘limizning shamchirog‘idir. Beg‘uborlik va masrurlikni aks ettirgan yuzlari esa porloq toledan so‘zlaydi go‘yo. Darhaqiqat, mamlakatimizda har bir bola taqdiri e’tiborda. Ularning komil inson bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatilayotir. 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizning “Toshkent-Lend” istirohat bog‘ida tashkil etilgan “Har bir farzandga mehr, e’tibor!” mavzusidagi an’anaviy ko‘ngilochar sayr ham jajjilarga bir olam zavq ulashdi.

Mazkur xayriya tadbiri “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi hamda tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, respublika “Sen yolg‘iz emassan” bolalar jamoatchilik jamg‘armasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari hamkorligida tashkil etildi.

Unda Toshkent viloyati va poytaxtimizdagi “Mehribonlik” uylari, “SOS” – bolalar shaharchalarining tarbiyalanuvchilari qamrab olindi. Shuningdek, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari tizimida o‘z xizmat burchini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari ham jalb etildi.

– Biz bu yerga muassasamizdagi o‘rtoqlarim bilan keldik, – deydi Toshkent viloyati Buka tumanidagi 15-“Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchisi Jamol Ismoilov. – Bu kabi xayriya tadbirlari ko‘p o‘tkaziladi. Yurtimizning tarixiy shaharlari Samarqand va Buxoroga sayohatga borganimizda ham bir olam taassurotlar bilan qaytgandik. Vatanimizning shonli o‘tmishi, ulug‘ allomalarimizning boy merosi haqida tushunchaga ega bo‘lgandik. Bugun esa istirohat bog‘ida maza qilib o‘ynayapmiz. Yangi do‘stlar orttiryapmiz. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlikni hech qachon unutmaymiz. Kelajakda yetuk insonlar bo‘lib, Vatanimizga munosib xizmat qilamiz.

Darhaqiqat, Fond tomonidan “Mehribonlik” uylari va “SOS” – bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilarini vatanparvarlik hamda insonparvarlik ruhida kamol toptirish, bilimli va zukko bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlash maqsadida ko‘plab tadbirlar tashkil etiladi. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham iste’dodli yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ota-ona mehridan bebahra bolalarga mehr ko‘rsatish, ularning maroqli hordiq olishlarini ta’minlashdan iborat.

– Aynan shu istirohat bog‘iga kelishni anchadan beri orzu qilardim, – deydi

poytaxtimizdagi “SOS” – bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchisi Begzod Avazxo‘jayev. – Attraksionlarda uchdik, sun’iy ko‘lda sayr qildik. Ayniqsa, ertakmonand hayvonot bog‘i menga juda yoqdi. U yerni aylana turib biz ham tabiatning ajralmas qismi ekanimizni, unga hamisha mehr va e’tiborda bo‘lish lozimligini uqdim. “Charxpalak”ka ham chiqdim. Juda baland ekan. Yuqoridan shahrimiz manzaralarini tomosha qildim. Uzoq-uzoqlardan bo‘y berayotgan zamonaviy binolar, bog‘-rog‘lar, xiyobonu ravon ko‘chalar hayratimni oshirdi. Shunday yurtning farzandi ekanimdan yana bir bor faxrlandim. Bu tadbir taassurotlari umrbod xotiramizda muhrlanib qolsa, ajabmas.

Яна ўқинг:  Шифокорликдан тадбиркорликгача

Shu kuni so‘lim “Toshkent-Lend” bog‘i bolajonlarning sho‘x qiyqiriqlariga to‘ldi. Ularning qalbidagi ko‘tarinkilik, yuzidagi quvonch xalqimizning bolaparvar, mehri daryo ekanining yana bir amaliy ifodasiga aylandi. Ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar farzandlari taklif etilgani yurtimizda ijtimoiy himoya bosh omil sifatida qadrlanayotganidan dalolat beradi. Tadbir davomida Vatanimiz tinchligi uchun jon fido qilgan harbiylarning bolalari timsolida esa mardlik, vatanparvarlik, jasorat va matonat kabi tushunchalarning ulug‘lanayotganini his etish mumkin edi.

– Onam, bobo va buvimning bag‘rida, shu ozod diyorimizning imkoniyatlaridan bahramand ulg‘ayyapman, – deydi sakkiz yoshli Yodgora. – Ularning aytishicha dadam juda mard va jasur kishi bo‘lgan. U o‘z xizmat burchini o‘tash vaqtida, Vatanimiz tinchligi, oilalar osoyishtaligi va menga o‘xshagan millionlab bolajonlarning baxtiyor yashashi uchun umrini fido qilgan. Men shunday dadam bo‘lganidan faxrlanaman. Uning xizmatlarini qadrlagan, xotirasini abadiylashtirgan, bizga mehribonlik qilayotgan barcha-barchadan minnatdorman. Kelgusida men ham Vatanim taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilaman.

Tadbirning tantanali qismida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ijrochi direktori Nozimjon Mo‘minov hamda “Sen yolg‘iz emassan” o‘quv markazi rahbari Matluba Oxunova so‘zga chiqib, yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga, ularning yuksak salohiyatli va Vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi. “Orom” bolalar ansamblining musiqiy chiqishi esa yig‘ilganlarga bir olam zavq ulashdi.

Shu kuni ming nafarga yaqin bola istirohat bog‘idagi attraksionlardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Homiy tashkilotlar tomonidan muzqaymoq va salqin ichimliklar tarqatildi.

Bahodir HALIMOV,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: