El-yurt e`zozida
– Bu yil mamlakatimiz Mustaqilligining 22 yilligi arafasida Yurtboshimiz Farmoni bilan mukofotlangan yurtdoshlarimiz safida bo'lganimdan qalbim cheksiz quvonch va shodlikka to'ldi. Bu mukofot nafaqat menga, balki men faoliyat yuritayotgan 21-umumta'lim maktabi jamoasiga, pedagoglarga bo'lgan yuksak e'tibor namunasi deb bilaman.
Albatta, bunday sharafga erishishimda ustozlarim Salomat opa Ro'zmetova, G'oyibnazar aka Rahimovlarning munosib hissasi bor. Ayni paytda ularning ta'lim sohasi bo'yicha tajribalarini, boshlang'ich sinf o'quvchilari ongidagi psixologik jarayonlarni e'tiborga olgan holda hamda didaktik o'yinlar orqali dars o'tish (metodikasi) uslublarini o'rganib, faoliyat olib bormoqdaman. Menga bildirilgan ishonch uchun, avvalo Prezidentimizga, ustozlarim, jamoadoshlarimga o'z minnatdorligimni bildiraman.
Kelajakda shogirdlarim va o'quvchilarimni yurtimizning fidoyi insonlari bo'lib, ustozlaridan ham o'zishlarini va ular bilan faxrlanishni istayman. Eng asosiy tilagim yaratilgan sharoitlardan har birimiz unumli foydalanib, vaqtning qadriga yetaylik. Ana shunda ko'zlagan marralarni zabt etamiz.
O'zbekiston xalqi uchun qadrli bo'lgan Mustaqillik bayrami arafasida barchaga mustahkam sog'liq, yoshlarimizga yuqori bilim cho'qqilarini egallash baxtini tilagan holda obod va tinch yurtimizga ko'z tegmasin, deyman.
Feruza ALLABERGANOVA,
Xorazm viloyati, Qo'shko'pir tumanidagi 21-umumta'lim maktabining boshlang'ich sinf o'qituvchisi, II darajali «Sog'lom avlod uchun» ordeni sohibasi