Bolalarning Buxoroga bayram sayohati

eng ulug`, eng aziz ayyomga ajoyib tuhfa bo`ldi

Qadimdan o'zining bolajonligi bilan ulug'lanib kelayotgan o'zbek xalqi qon-qoniga singib ketgan mehr-oqibat, saxovat, odamiylik kabi fazilatlari bilan dunyoga mashhurdir.

O'zaro hamjihatlik va birlikni qadrlagan elning qadri baland. Shundan bo`lsa kerak, bu yurtda qut-baraka, ezgulik, ulug'vorlik hukmron.

Ana shu mehr-oqibat tuyg'ulari «Mehribonlik uylari», Maxsus maktab-internatlarida tarbiya­lanayotgan bolajonlarga ko'rsa­tilayotgan g'amxo'rlikda ham yaqqol nomoyon bo'lmoqda. Mehrga tashna o'ksik ko'ngillarning boshini silab, ularni hech kimdan kam bo'lmasligi yo'lida amalga oshirilayotgan ishlarning ko'lami keng.

Joriy yilning 21-23-avgust kunlari Toshkent viloyatidagi 14-, 15-sonli «Mehribonlik uy»laridagi 9 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan jami 60 nafar tarbiyalanuvchilarning qadimiy Buxoro shahriga sayohati tashkil etildi.

Eng ulug', eng aziz bayram – Istiqlolimizning 22 yilligi oldidan «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'armasi tomonidan tashkil etilgan mazkur sayohatdan ko'zlangan asosiy maqsad yosh avlod qalbida Vatanga bo'lgan mehr-muhabbat tuyg'ularini shakllantirish, ularni har tomonlama komil inson bo'lib voyaga yetishini ta'min­lashdan iborat.

Dastlab tarbiyalanuvchilarni Buxoro temir yo'l vokzalida «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'armasi viloyat mintaqaviy filiali direktori Muborak Ahmedova, Buxoro shahar hokimligi Ma'naviyat – targ'ibot bo'limi rahbari Ro'zimurod Mahmudov hamda Buxoro viloyat yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi, kapitan Ne'matilla Ne'matovlar kutib olib, ularga safar davomida hamrohlik qilishdi.

Sayohat dasturiga ko'ra tarbiyalanuvchilar qadimiy va ko'rkam Buxoroning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, bolajonlarda shahar markazidagi «Ko'hna va boqiy Buxoro» monumenti katta taassurot qoldirdi.

Shu o'rinda aytish joizki, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan monument o'rnatilgan ushbu bog' 117 gektar maydonni egallaydi. Bu ulug'vor obida qarshisida turib, ulug' ajdodlarimiz naqadar buyuk ishlarni amalga oshirganligining guvohi bo'lgan yosh sayyohlarning qalbi cheksiz g'ururga to'ldi. Shundan so'ng bolajonlar Amir Olimxonning yozgi va qishgi saroyi hamda u yerdagi muzeylarda saqlanayotgan qadim qadriyatlarimiz ildizi bo'lmish kashtachilik, chilangarlik va ustachilikka oid noyob durdonalari bilan yaqindan tanishdilar.

Oy va yulduz oralig'idagi eng chiroyli joy

Ushbu ma'noni anglatuvchi Sitorai Mohi Xosaning maftunkor naqshlari ko'zni qamashtiradi. Tarbiyalanuvchilar me'moriy obidadagi 7 yil davomida 400 nafar qo'li gul ustalar tomonidan qurilgan bejirim bezakli noyob san'at asarining guvohi bo'lishdi. Obida yonida joylashgan hovuzdagi zilol suv tanangizga huzur baxsh etadi. «Qadimiy etnografiya va kashtachilik» muzeyida saqla­nayotgan zardo'zi do'ppilar-u rang-barang guldor so'zanalar buxorolik chevarlarning nozik dididan dalolat berib turibdi. Yuz yillik so'za­nalardagi anor gullari serfarzandlik, chamandek ochilgan gullar hayot go'zalligi, g'unchalar yoshlik ramzi bo'lib, qatim ipaklariga tabiiy bo'yoqda ishlov berilgani bois ular hali hanuz o'z husnini yo'qotmagan. Shuningdek, mashhur sopolsoz usta Ibodulla Narzullayev yasagan buyumlar muzeyning ko'rki.

Яна ўқинг:  Мактаб яратган устоз

Buxoro shahrining qadimiy obidalari bilan birga, shahar istirohat bog'ida sayrni davom ettirgan bolajonlar quvnoq arg'imchoqlarda uchishib, istirohat bog'i yonidagi cho'milish havzasidagi qayiqlarda suzishdi. Tarbiyalanuvchilarni Buxoroning ko'rkini namoyish etuvchi yana bir tarixiy obida – Labi Hovuz me'moriy ansambli haqidagi ma'lumotlar ham qiziqtirib qo'ydi. Yosh sayohatchilar u yerda ham o'zlari uchun qiziqarli bo'lgan ma'lumotlar bilan tanishdilar.

Ko'hna Buxoroi sharifning balandligi 46,5 metr bo'lgan me'moriy obidasi – Minorai Kalon XII asrda qurilgan bo'lib, uning tepasida mayoq vazifasini o'tovchi olov yonib turgan. Aytishlaricha, XIII asrda mo'g'ul bosqinchilari tomonidan ishg'ol qilingan Buxorodagi ushbu obida yoniga kelgan Chingizxon uning tepasiga qarash uchun boshini ko'targanida bosh kiyimi yerga tushib ketadi. Bosh kiyimini egilib yerdan olayotgan Chingizxon taajjub ila, «Hech bir mamlakat eliga aslo ta'zim qilmagan edim, ammo bu yerda yerga egildim, bu qanday siru sinoat», – deya uni buzdirmagan ekan. Ushbu tarixiy obida bus-butunligicha saqlangan.

Yurtimizda bola huquqlariga oid 22 ta qonun, 15 ta kodeks va 100 dan ortiq qonunosti hujjatlar qabul qilingan.

Pishiq g'ishtdan 18 xil uslubda terilib bunyod etilgan Ismoil Somoniy maqbarasi turli ko'rinishda toblanib turibdi. Dunyoning sakkizinchi mo'jizasi deya e'tirof etilayotgan maqbara, hozirgi kungacha saqlanib, shahar ko'rkiga ko'rk qo'shib turibdi. Tarixiy rivoyatlarda keltirilishicha, buxoroliklar Chingizxonning kelayotganidan xabar topishlari bilanoq, maqbarani saqlab qolish maqsadida, uni oddiy somonli loy bilan suvab tashlaganlar. Oddiy loy bilan suvalib, o'z ko'rinishini berkitgan maqbarani ko'rgan Chingizxon «Bu yerning xalqi qurilish ilmidan bexabar ekan»- deya, uning yonidan o'tib ketgan ekan.

Keyinchalik maqbaraning loy suvoqlari ehtiyotlik bilan olib tashlanib, asl holiga keltirilgan. Vataniga cheksiz mehr-muhabbati jo'sh urgan el-ulus o'zining tarixiy mulkini mo'g'ullar bosqinidan ana shu yo'l bilan saqlab qolgan ekan. Albatta bu hikoyani eshitgan bolajonlarning qalbida ulug' ajdodlarimizga bo'lgan havasi ortib boraveradi.

Taassurotlar bir olam

Anatoliy Shevchenko,

Toshkent viloyati, Chirchiq shahridagi 14-«Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchisi:

– Ko'hna va qadimiy Buxoro shahrida sayohatda bo'lganimizda bu yerdagi tarixiy obidalarning go'zalligi va ular haqidagi hikoyalar menda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Nasriddin Afandining bronzadan yasalgan haykali menga juda manzur bo'ldi. Shuningdek «Ko'kaldosh» madrasasi va Ismoil Somoniy maqbarasining ulug'vorligidan, yodgorliklarning go'zal naqshlaridan hayratga tushdim.

Яна ўқинг:  YAXSHIYAM BAXTIMGA OYIM BOR

Dilnoza Ayratova,

14-«Mehribonlik uyi» tarbi­ya­lanuvchisi:

– «Mehribonlik uyi» direktori Farida Kenjayeva bizga sayohatdan qaytganimizdan so'ng uning taassurotlari haqida insho yozishimiz kerakligini aytgan edi. Shuning uchun Buxoro shahridagi tarixiy obidalar haqidagi rivoyat va afsonalarni, hikoyalarni, joylarning nomlanish tarixini mukammal yozib oldim. Menimcha, inshoimni yaxshi yozib topshirsam kerak. Chunki bu qadimiy shahar yodgorliklari menda katta qiziqish uyg'otdi.

Nastya Molakova,

Bo'ka tumanidagi 15-«Meh­ribonlik uyi» tarbiya­lanuvchisi:

– Ushbu sayohat davomida menga Buxoro muzeylarida saqlanayotgan turli-tuman kashtalar, so'zanalar, zamin do'zi va zar do'zi do'ppilar juda yoqdi. Ularning rasmini chizib oldim. Gullarini dugonalarim bilan hamjihatlikda tikib ko'rmoqchiman. Chunki mas­kanimizdagi «Mohir qo'llar» to'garagimizda bichish-tikish, kashtachilik uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. «Meh­ribonlik uyi» rahbari Abdurasul Akmalov boshchiligida to'garak ishlarimiz bilan turli ko'rgazmalarda qatnashganmiz».

Shuningdek, tarbiyalanuvchilar O'zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Buxoro shahar Kengashi, «Nuroniy» jamg'armasi Buxoro shahar bo'limi, Ma'naviyat-targ'ibot markazi Buxoro shahar bo'limi hamda «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'armasi viloyat mintaqaviy filiali hamkorlikda «Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O'zbekiston» shiori ostida o'tkazilgan tadbirda quvnoq raqslari bilan ishtirok etishdi.

Sayohat dasturi yakunlanib bir olam taassurotlar bilan Toshkentga qaytgan bolajonlar «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'armasi tomonidan yaratilgan bunday imkoniyatdan cheksiz minnatdor ekanligini izhor etishdi.

Ha, Vatan nafaqat uyimiz ostonasidan, balki qalbimizdan, yuragimizning tub-tubidan bosh­lanadi. Shunday ekan, yurtimizni, kelajagimizning munosib vorislari bo'lmish yoshlarimizni Yaratgan o‘z panohida asrasin, deging keladi.

Jamila Haydarova,

Toshkent – Buxoro – Toshkent

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: