Sohibqironning bunyodkorlik va obodlik saboqlari

Har bir millat, har bir xalqning tarixida chuqur iz qoldirgan, moziy qatlarini bamisli mash’aladek yoritib turadigan shaxslar bo‘ladi. Ular xoh davlat arbobi yo shoiru adib, xoh sarkarda yo alloma bo‘lsin, odamlar qalbida mangu yashaydi, doimo e’zoz, ehtirom bilan tilga olinadi.

Eng muhimi, o‘zbek xalqi boshqa millatlar ichida shunday farzandlarining ko‘pligi bilan haqli ravishda faxrlanib, g‘ururlanib kelgan.

Buyuk bobomiz Amir Temurning “Temur tuzuklari” asarini har gal varaqlaganimda xayolimdan shu kabi o‘ylar o‘tadi. Asarni ulug‘ sarkarda va amirning o‘z avlodlari – merosxo‘rlariga qilgan o‘git-nasihatlari, saltanatni boshqarishda o‘z tajribasiga tayanib aytgan xulosalaridan iborat qo‘llanma, deyish mumkin. O‘z millatining haqiqiy jonkuyari, yo‘lboshchisi sifatida Sohibqiron eng avval saltanatining mustahkamligi, sarhadlarining tinchligini ta’minlash uchun harakat qiladi, bor kuch-g‘ayratini shu ishga sarflaydi. Ulkan saltanat barpo etib, uni odilona yo‘riq asosida boshqarar ekan, xalq, ya’ni raiyat holidan mudom ogoh bo‘ladi. O‘z atrofida jipslashgan amirzodalar va bek-a’yonlarni ham shunga da’vat etadi. Adolat uning eng birlamchi tuzugi edi. “Kuch – adolatdadir” kalomi bobomizning bir umrlik shiori bo‘lgan. Bu kalima “Temur tuzuklari”da ham ta’kidlanadi va Sohibqiron o‘z avlodlariga har ishda adolatga tayanib ish ko‘rish lozimligini uqtiradi. O‘z tajribasidan kelib chiqqan holda “Tuzuklar”da shunday yozadi: “Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim”.

Umuman, mazkur asarni sinchiklab o‘qigan kishi bobomizning oqilona ichki va tashqi siyosatdan tashqari yana ikki tamoyil – adolat va bunyodkorlikka tayanib ish ko‘rgani ma’lum bo‘ladi. Bular Temurning har bir ishida, har bir tadbirida ko‘zga tashlanadi. Adolat mezoni bilan ish ko‘rish, uning ko‘plab muzaffariyat va yutuqlariga, saltanat uzra mustahkam turishiga zamin yaratgan edi. Shu bois, Temur bu tamoyilni mahkam ushlagan va avlodlariga ham shuni uqtirgan edi. “Sulton har narsada adolatpesha bo‘lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlar saqlasin, toki podshoh zulm qilgudek bo‘lsa, odil vazir uning chorasini topsin. Agarda vazir zolim bo‘lsa, ko‘p vaqt o‘tmay saltanat uyi qulaydi”, deydi u. Umr bo‘yi shu qoidaga amal qilgan Sohibqironning mamlakatni idora qilish uslubini o‘zga yurt tojdorlari ham kamoli diqqat bilan o‘rganganlari bejiz emas. Zero, tarixdan ma’lumki, o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan qudratli podsholari bizning bobomiz bilan hisoblashganlar, u bilan o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lishga intilganlar.

 “Qudratimizga shak-shubhangiz bo‘lsa, biz qurdirgan binolarga boqing”.

 Bu mashhur ibora Temur ilgari surgan bunyodkorlik g‘oyalaridan kuch olgani sir emas. Ma’lumki, Sohibqiron davrida Movarounnahrning shaharu qishloqlari obod manzillar bo‘lgani, savdo karvonlari qatnaydigan yo‘llar atrofida minglab rabotu karvonsaroylar bunyod etilgani nafaqat tarixchilar solnomalarida, balki chet ellik sayyoh va diplomatlar esdaliklarida ham qayd etilgani barchamizga yaxshi ma’lum. Yurtini obod, xalqini farovon ko‘rishga intilishdek ezgu shiorni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Amir Temur o‘z farmoni bilan ko‘plab masjidu xonaqohlar, madrasayu saroylar qurdirishi barobarida boshqalarni ham shu kabi bunyodkorlik ishlariga da’vat etadi, rag‘batlantiradi:

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

“Xarob bo‘lib yotgan yerlar egasiz bo‘lsa, xolisa tarafidan obod qilinsin. Agar egasi bo‘lsa-yu, lekin obod qilishga qurbi yetmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar bersinlar, toki o‘z yerini obod qilib olsin”.

Temurning amri farmonida doimo bunyodkorlik amaliga katta ahamiyat qaratilgan. Zero, obod yurt taraqqiy topadi, bunday yurtda fayz-baraka bo‘ladi. Shuning uchun buyuk Sohibqiron “Xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga yangi ko‘priklar qursinlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar qursinlar. Yo‘llarga kuzatuvchi va soqchilar qo‘ysinlar, har bir rabotga bir nechta odamni joylashtirsinlarki, yo‘llarni kuzatish va saqlash ishlari shularga tegishli bo‘lsin. Yo‘lovchilar mollarini g‘aflat bosib, o‘g‘irlatib qo‘ymasliklarining vazifasi ham o‘shalarning zimmasida bo‘lsin”, deb uqtiradi.

“Tarix bir maktab bo‘lsa, buyuklar shu maktabning ustozlaridir”, degan edi mutafakkirlardan biri. Bu buyuklarning o‘gitlari bitilgan sahifalar esa sizu biz uchun muqaddas saboq manbaidir. “Temur tuzuklari” juda katta tarbiyaviy ahamiyatga molik asar. Uni barchamiz mehr-muhabbat bilan o‘qisak va uqsak, qalblarimizda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘usi yuksala boradi.

 

Zilola NE’MATULLAYEVA,

Toshkent Islom universiteti

2-kurs talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: