Nafosat malikalari
Bundan bir necha yil avval gimnastika mashg‘ulotlarini yoritish uchun yurtimizdagi sport seksiyalaridan biriga borgandim. Esimda, o‘shanda kech kuz mahali edi.
Tashqari sovuq bo‘lgani uchun, yo‘l yurib sport zalida isinishni niyat qildim. Manzilga yetib borgach, barcha umidlarim puchga chiqqanini angladim. Boisi, bu joy sovuqdan anchagina zax bosgan, qolaversa, etni junjiktiradigan darajada fayzsiz edi. Sport zalida mashg‘ulot o‘tayotgan qizlar ustki kiyimda, qo‘lqoplarda mashq qilishlari meni taajjubga soldi. Eng hayratlanarlisi, badiiy gimnastikaning nihoyatda murakkab elementlarini qizlar shundoqqina taxtaning ustida, biron bir to‘shamalarsiz bajarardilar.
Bu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmay, ona Vatanimiz istiqlolga erishdi. Natijada mamlakatimizda nafaqat badiiy gimnastika, balki sport gimnastikasi, batutda sakrash, akrobatika sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Jumladan, yurtimizda Gimnastika federatsiyasi tashkil etilib, dunyoda tengsiz, eng zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlangan muhtasham sport inshooti barpo etildi. Ana shunday e’tibor samarasida terma jamoamiz natijalari ham xalqaro miqyosda yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Bunday zamonaviy sharoitlar nafaqat poytaxtimizda, balki viloyat va tumanlarimizda, chekka-chekka qishloqlarimizda ham yaratilgan. E’tiborlisi, ota-onalar qizlarining jismonan sog‘lom, qaddi-qomati raso bo‘lishini niyat qilib, ularni gimnastika seksiyalariga olib borishayotganini aytishmoqda.
Bolaligida viloyatning chekka tumanida sport bilan shug‘ullanib, mustaqillik sharofati ila Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan qizlar haqida eshitganmisiz? Ha, bu yil badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor Olimpiya o‘yinlarining jamoaviy bahslarida qatnashdi. E’tiborlisi, termamiz tarkibida poytaxtlik qizlar qatorida Qashqadaryo hamda Navoiy viloyati vakilalari ham katta sport bayrami havosidan nafas olib qaytishdi. Bularning bari yurtimizda gimnastika sport turlarining tobora ommalashib borayotganidan dalolat beradi.
– Istiqloldan keyin badiiy gimnastika sport turi rivoji yangi bosqichga ko‘tarildi. Hozirga kelib, respublika bo‘yicha o‘ttiz mingdan ziyod qizlar maktabgacha ta’lim muassasalarida, umumta’lim maktablari seksiyalarida, kollej-litsey hamda sport maktablarida ushbu sport turi bilan shug‘ullanishmoqda, – deydi O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi bosh kotibi Go‘zal Filippova. – Har yili eng so‘nggi rusumdagi anjomlarni harid qilmoqdamiz. Farzandlarimiz eng yaxshi jihozlardan foydalanib, hech kimdan kam emasliklarini his qilishlarini xohlaymiz. Bugungi kunga kelib, yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor tufayli sportchilarimiz xalqaro arenalarda yuqori natijalarga erishmoqda.
Qobiliyatli qizlarimiz turli xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarilganda, ko‘zlari quvonch yoshlariga to‘ladi. Shu muqaddas Vatanda tug‘ilib voyaga yetayotganligidan, O‘zbekiston degan diyorning farzandi ekanligidan faxrlanadi. Dunyo ko‘rgan, jahon arenalarini zabt etgan Jamila Rahmatova, Anastasiya Serdyukova kabi yoshlarimiz barchamizning havasimizni keltiradi.
Ha aytgancha, hikoyam boshida aytgan gimnastika seksiyasi tarbiyalanuvchilari hozirda murabbiylik faoliyatini olib borishmoqda. Yosh murabbiyalar shogirdlarini musobaqa paytida gilamga kuzatishar ekan, ularning ko‘zlaridan ertangi kunga ishonchni payqash mumkin.
Yulduz ORTIQOVA