O‘QUV-SEMINARI ISH BOSHLADI
Butun dunyoda dolzarb muammo hisoblangan OIV — OITS hastaliklari hozirgi kunimizda aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlarida birlamchi mavzu hisoblanadi.
Bu haqda qancha gapirsak, tashviqot qilsak, tushuntirish ishlarini olib borsak shuncha kam. Shu bois turli tashkilotlar tomonidan joylarda tadbirlar, seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda. Maqsad aholiga OIV, OITS haqida umumiy ma’lumot berish, uning oldini olishdan iboratdir.
Shu asosida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda xalqimizning mentaliteti, ma’naviy-ahloqiy negizlari va an’anaviy qadriyatlarini hisobga olgan holda aholi o‘rtasida OIV, OITS bilan yashovchi kishilarga nisbatan bag‘rikenglik ko‘lamini kengaytirish maqsadida OAV muxbirlari uchun o‘quv-seminari o‘z ishini boshladi. 7 noyabrdan boshlab to‘rt kun davom etadigan ushbu seminarning birinchi kuni “Grand Toshkent” mehmonxonasining majlislar zalida boshlandi. Unda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulnora Mahmudova ishtirok etdi va o‘quv-seminarni ochib berdi. Shuningdek, bo‘lib o‘tgan tadbirda Respublika OITS markazining mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardilar.
Mayna HASANOVA
“Sog‘lom avlod” muxbiri