Kesarcha kesish amaliyoti ilk bor qachon va qayerda o‘tkazilgan?
Shifokorlar ona va bola hayotiga xavf soluvchi omillarni taroziga solib,chuqur tahlil va mushohadadan so‘ng kesarcha kesish amaliyotini taklif qilishadi. Ushbu amaliyot aniq ko‘rsatmalar bo‘lgandagina bajariladi. Operatsiya rejali yoki shoshilinch o‘tkazilishi mumkin. Xo‘sh, tug‘uruqning bu usuli qachon paydo bo‘lgan? U ilk marotaba qayerda va kim tomonidan amalga oshirilgan?
G‘ayrioddiy bolalar …
Kesarcha kesish amaliyoti qaysi davrda yuzaga kelgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ayrim manbalarda yozilishicha, homilador ayol ko‘zi yorimay vafot etsa, bolani saqlab qolish maqsadida qorin terisi kesilgan va go‘dak qutqarib olingan. Ammo bu kesarcha kesish deyilmagan. 1500 yilga qadar bo‘lgan tarixiy manbalarda kesarcha kesish amaliyoti tug‘uruqning noodatiy usuli, deb hisoblangan. Mazkur yo‘l bilan dunyoga kelgan bolalarni g‘ayrioddiy tilsimga ega, deb o‘ylashgan.
Sezarning nima aloqasi bor?
Ko‘p yillar davomida kesarcha kesish atamasi Yuliy Sezar nomi bilan bog‘langan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Rim imperatorining rafiqasi tug‘uruq paytida vafot etadi. Shoshib qolgan doya homila tirikligini bilib, uni qutqarib qolishga oshiqadi va ayol qornini yorib, bolani oladi. Bu chaqaloq – Yuliy Sezar bo‘lgan. Shu voqeadan so‘ng ushbu jarrohlik amaliyoti imperatorning grekcha nomi «Kesar» deb atala boshlangan.
Boshqa tarixiy manbalarda yozilishicha, kesarcha kesish atamasi Yuliy Sezar tug‘ilguniga qadar qo‘llanilgan. Xususan, eramizdan avvalgi VII asrda yashagan qadimgi rim podshohi Num Pompiliy shunday qaror chiqargan: homilador ayol vafot etsa, homila ona qornidan olinmagunicha jasadni dafn etishga ruxsat berilmaydi. Qadimgi Rimda «kesar» imperator unvonlaridan biri bo‘lgan.
Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan
«Mlada Fronta Dnes» (Chexiya) nashrida chop etilgan maqolada eng birinchi kesarcha kesish amaliyoti (hozirgi tibbiyot me’zonlariga mos keluvchi) 1337 yil Pragada o‘tkazilgani haqida yoziladi. Operatsiya muvaffaqiyatli yakun topib, ona-bola hayoti saqlab qolingan.
Bunga qadar tirik ayolda bolani saqlab qolish maqsadida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti 1500 yil shveysariyalik shifokor Yakob Nyufer tomonidan amalga oshirilgan, deyilardi. Aytilishicha, Nyufer kesarcha kesish yordamida rafiqasi va farzandining hayotini saqlab qolgan. Voqea aslida bunday bo‘lgan: Nyuferning rafiqasi birinchi farzandiga homilador edi. Oy kuni yetganida ayolning tug‘uruq dardi bir necha kunga cho‘ziladi. Unga yordam berish uchun to‘plangan 13 ta doya hech nima qila olmaydi. Shunda jarrohlikdan xabari bo‘lgan Nyufer tegishli tashkilotlardan ruxsat olib, qorin bo‘shlig‘ini kesish amaliyotini o‘tkazadi. Operatsiya omadli o‘tadi. Shundan keyin Nyuferning rafiqasi yana yettita farzandni dunyoga keltiradi. Shulardan ikkitasi egizak bo‘lgan.
«Mlada Fronta Dnes»da yozilishicha, chexiyalik tarixchi, olim va tibbiyot fani mutaxassislari qirollik oilasiga oid tarixiy hujjatlarni o‘rganish davomida jarrohlik amaliyoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarga duch kelishgan. Hujjatda, Chexiya qiroli Iogan Lyuksemburgsning rafiqasi Beatris de Burbon xonimning ko‘zi yorishi qiyin kechgani hamda shifokorlar qorinni yorish orqali bolani qutqarib qolish operatsiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazishgani qayd etiladi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng ona va bola o‘zlarini yaxshi his qilishgan.
1870 yilga qadar shifokorlar qorin bo‘shlig‘ida jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga xavfsirashgan. Chunki u paytlari anasteziya vositalari bo‘lmagan. Kamdan-kam hollarda kesarcha kesish asoratlarsiz o‘tgan.
1876 yili italyan shifokori Eduard Perro amaliyot vaqtida bachadonni olib tashlash usulini taklif qiladi. Bu kesarcha kesishdan keyin kuzatiladigan qon ketishi va yallig‘lanish jarayonlari tufayli kelib chiqadigan ayollar o‘limini 25 foizga qisqartirdi.
1882 yili tibbiyot tarixida yangi usul qo‘llanildi: bachadonga chok tushirildi. Bu ayollar o‘limi sonini ikki baravar qisqartirilishiga xizmat qildi.
XX asrda antibiotiklar davri boshlandi. Shifokorlar har bir operatsiyadan so‘ng antibiotik preparatlarini qo‘llay boshlashdi va bu amaliyotdan keyin kuzatiladigan asoratlarni sezilarli kamaytirdi.
Dildora NAZAROVA