“TAQDIRIMSAN, BAXTIMSAN, ERKIN VA OBOD VATAN!”
Kecha O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari yakunlari to‘g‘risida” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi faollari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning 21 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li tahliliga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarining asosiy maqsadi o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston tarixidagi yangilanish jarayonlarining mazmun-mohiyati, o‘ziga xos xususiyati va rivojlanish bosqichlarini keng aholi qatlamlariga yetkazish, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilgan tub islohotlarning ahamiyati haqida gapirdilar.
Targ‘ibot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi barcha tumanlar, maktablar, o‘rta va oliy ta’lim muassasalari, chekka qishloqlar, turli millat vakillari istiqomat qiladigan va chegara hududlarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda olimlar, shoir va yozuvchilar mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni aniq dalillar asosida aholiga tushuntirib berdilar. Istiqlolni madh etuvchi, ona yurtga sadoqat va muhabbat ruhidagi she’r va qo‘shiqlar ijro etildi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotining 3,7 barobar, aholining real daromadi jon boshiga 7 barobar, o‘rtacha pensiya miqdori 9 barobar, oylik ish haqi 18 barobar, odamlarning umr ko‘rish darajasi 7 barobarga o‘sganligining o‘zi mamlakatimiz yuksalish darajasini ko‘rsatib turibdi.
Tadbir so‘ngida targ‘ibot ishlarida faollik ko‘rsatgan tashkilotlarga faxriy yorliqlar topshirildi.
M.QURBONBOYEVA