Chaqaloq nega tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi?
Shu kunlarda tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan 2 ming nafar bola davlat tomonidan ajratilgan 64 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga yuqori texnologik operatsiyalar orqali og‘ir darddan xalos bo‘lmoqda. Ularning barchasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlaridir.
Yurakning tug‘ma nuqsonlari og‘ir kasallik bo‘lib, uning rivojlanishining asosiy 6 ta sababi bor. Ular quyidagilardan iborat: stress, onaning surunkali yoki o‘tkir infeksiyali kasalliklari, virusli xastaliklar, gormonal va neyrogumoral faktorlar hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh.
Shuningdek, homilador ayollardagi anemiya, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, ba’zi dorilardan foydalanish ham homilaning sog‘lom rivojlanishiga salbiy ta’sir etishi, natijada, bola tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelishi mumkin.
Kasallikka chalingan bolalarda lablar, quloqlar va tirnoq ostidagi terining ko‘karishi, terlash, yurakda shovqin, tez nafas olish, charchoq, ishtahaning pastligi, tana vazni ortishining sustligi, nafas olish paytida qovurg‘alarning siqilishi, yurakning tez urishi kabi bir necha simptomlar kuzatiladi.
Uning oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirishdan avval bo‘lajak ota-ona tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tishi va aniqlangan xastaliklardan to‘liq davolanishi lozim. Buning eng samarali yo‘li homilador ayollarni skrining ko‘rigiga o‘z vaqtida jalb etishdir.
Hakimjon ABROLOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor