Tirnoq et ichiga o‘sganda…

Onixokriptoz – bu tirnoq plastinkasining bir qismini tirnoq burmasi to‘qimalariga (aniqrog‘i, tirnoq chekkasiga) kirib borishi. Ko‘pincha, oyoqning katta barmoqlarida et ichiga o‘sgan tirnoq topiladi.
Yallig‘lanish, shishish, qizarish va og‘riqli hislar paydo bo‘ladi. Ko‘pincha, faqat og‘riq shifokorga borishga majbur qiladi, lekin bu holda og‘riq chidab bo‘lmaydigan bo‘lsa yiringlash jarayoni mavjudligini bildiradi. Shu sababli, muammo surunkali holatga aylanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bemorlarning yarmi surunkali onixokriptozga ega.

Et ichiga o‘sgan tirnoq sabablari


Tirnoqlar et ichiga o‘sishi sabablari har xil va shartli ravishda tashqi omillar va kasalliklarga bo‘linadi.
Tashqi sabablari:
Pedikyur qoidalariga rioya qilmaslik. Onixokriptoz rivojlanishining asosiy sababi aynan tirnoq qay­chisi bilan ishlay olmaslik va tirnoqlarni kesishda ehtiyotsizlikdir. Tasodifan tirnoq burchagini kesib tashlaysiz. Natijada tirnoqning o‘tkir burchagini yoki uchini qoldirishingiz, teri chetini qaychi bilan shikastlashingiz va tirnoqni juda qisqa qilib kesishingiz mumkin. Bularning barchasi xavfli va aksariyat hollarda tirnoqlar et ichiga o‘sishini keltirib chiqaradi.
Oyoqlarning juda ko‘p zo‘riqishi. Noqulay (sizning o‘lchamingizda bo‘lmagan) va qattiq poyabzal (shu jumladan tor uchli).
Kasalliklar:
Valgusli oyoq kafti va yassi oyoqlar. Ikkinchi barmoqning bosimi va katta barmoq bukilgani tufayli oyoq deformatsiyaga uchraydi.
Homiladorlik va tug‘ruqdan keyingi davr. Ayollarda tirnoqlar et ichiga o‘sishi ham homiladorlikning kech davrida, ham laktatsiya davrida yoki tug‘ruqdan keyingi bir yarim oydan ikki oygacha bo‘lgan davrlarda uchraydi.
Tirnoq plastinkasining noto‘g‘ri oziqlanishi bilan bog‘liq kasallik­lar. Ular orasida qandli diabet, qon tomirlari va yurak kasalliklari, barcha turdagi endokrin patologiyalar va semirish kasalliklari.

Tirnoqlar et ichiga o‘sishi ya’ni onixokriptozning beshta asosiy belgisi mavjud, ba’zilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasallikning ma’lum bir bosqichi haqida gapiradi:
– tirnoq yaqinidagi doimiy og‘riq, ayniqsa, poyabzal kiysangiz va yursangiz og‘riq kuchli bo‘ladi;
– qizarish, shishish, og‘riqli pulsatsiya va yiringli oqindi. Bu tirnoq go‘shtiga infeksiya olib kelinganligining dalilidir;
– yara, odatda, jarohatlarda yuzaga keladi;
– xom go‘shtga o‘xshash tirnoq atrofidagi ortiqcha to‘qimalarning o‘sishi;
– platsinkaning deformatsiyasi, uzunligining pasayishi va zichligining oshishi, yiring paydo bo‘ladi, yumshoq to‘qimalar qattiq bo‘ladi. Bularning barchasi surunkali kasallikka xosdir.

Yana o‘qing:  Karkadening shifobaxsh xususiyatlarini bilasizmi?

Diagnostikasi


Onixokriptozdan shubhalansangiz, oyoq kasalliklari bo‘yicha mutaxassis yoki jarroh bilan bog‘laning.
Shifokorlar tashxisni iloji boricha aniqroq qilish uchun bir necha oddiy laboratoriya sinovlaridan o‘tishingizni so‘rashadi. Bu qon testlari:
– Umumiy. Yallig‘lanishning qaysi bosqichida ekanligini tushunishga yordam beradi.
– Glyukoza. Qandli diabet mavjudligini istisno qilish.
– Agar sizda zamburug‘ bo‘lsa, dermatologga murojaat qiling va keng qamrovli davolanish rejimiga rioya qiling. Ba’zida bitta usul yetarli bo‘lmaydi. Asoratlar vujudga kelsa qo‘shimcha diagnostikasiz davolanishni boshlab bo‘lmaydi.
Jarroh, shuningdek, oyoqning rentgenogrammasidan o‘tishingizni aytadi, uning yordamida suyakda yiringlash bor yoki yo‘qligi aniqlanadi va barmoqda suyak o‘smasi (otseofit) ko‘rinadi.

Agar bolada onixokriptoz bo‘lsa…


Agar bolangizda onixokriptoz, ­ya’ni et ichiga o‘sgan tirnoq aniqlansa, uy sharoitida davolanish usullarini sinab ko‘rmang, chunki bolalar uchun bunday holat jiddiyroq. Zudlik bilan shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Uy sharoitida davolanish


Uyda davolanish faqat onixokriptozning dastlabki bosqichlarida yoki profilaktika maqsadida qo‘llaniladi. Onixokriptozni davolash va oldini olish uchun quyidagi shartlarga rioya qiling:
– faqat qulay poyabzal kiyish;
– gigiyena qoidalariga rioya qilish;
– tirnoqlarni to‘g‘ri kesish;
– kuniga ikki marta paypoq almashtirish.
Et ichiga o‘sgan tirnoqlardan xalos bo‘lish uchun uy sharoitida yettita davolash usuli mavjud. Quyida ularni qisqacha tavsiflab beramiz.
Steroid bo‘lmagan yallig‘lanishga qarshi dorilarni qabul qilish. Bu qattiq og‘riq paytida ko‘rsatiladi.
Dezinfeksiyalovchi vannalar. Yaxshi ta’sir uchun kuniga ikki yoki to‘rt marta muntazam ravishda oyoq vannalarini bajaring. Suvda soda yoki tuz eritiladi. Oyoq vannalari terini yumshatadi va tirnoqni muloyimlik bilan olib tashlashga yordam beradi. Agar o‘sgan tirnoqni olib tashlay olsangiz, davolangan joylarni yod bilan artib tashlashni unutmang.
Dorivor kompresslar. Yallig‘lanishni yumshatish uchun mo‘ljallangan. Shifokor tavsiyasi orqali tayyorlangan kompress bir kecha ushlab turiladi, muolajani uch-to‘rt kun davomida bajarish kerak. Agar bu belgilangan vaqt ichida yallig‘lanish o‘tib ketmasa, shifokorga murojaat qiling.
Qaynatilgan suv. Bu faqat kasallik boshlanganda qo‘llaniladi. Shishgan, yallig‘langan barmoq bir necha soniya davomida juda issiq suvga qo‘yilib, qaytib chiqariladi. 10-20 daqiqa davomida muolaja takrorlanadi. Taxminan 20-30 marta qaytarilishi kerak.
Xlorgeksidin eritmasi. Xlorgeksidin bilan steril bint namlanadi va teri yostiqchasi va tirnoq orasidagi joyga qo‘llaniladi. Qurigandan keyin yana antiseptik bilan ishlov beriladi. Tirnoqni bo‘shatish uchun har kuni bintni biroz oldinga siljiting.
Vishnevskiy malhami. Bu malham infeksiyalar uchun qo‘llaniladi. Qayin smolasi, katsor yog‘i va kseroformdan iborat. Kechasi bandaj ostida qo‘llang, ertalab olib tashlang. Agar tirnoq teri yostiqchasi ostidan chiqsa, uni kesib tashlashingiz mumkin.
Ixtiol moyi. Yallig‘lanish, og‘riq, bakteriyalar va lo‘qqilab og‘rishda yordam beradi. Tarkibida ihtammol va vazelin mavjud. Ertalab tirnoqni kesib olish uchun kechasi malhamli bandaj tayyorlanadi.

Yana o‘qing:  Homilador ayolda qandli diabet aniqlansa...

Jarrohlik orqali davolash

  1. Lazerli kuydirish. Odatda, ushbu muolaja, agar tirnoq kutikula darajasida o‘sgan bo‘lsa qo‘llaniladi. Yuqori texnologiyalar barqaror remissiyaga erishishga imkon beradi. Lazer nurlari yordamida tirnoq va o‘sish hujayralarining bir qismi kuyib ketadi, granulyasiya va yallig‘langan to‘qimalar olib tashlanadi.
  2. Tirnoq plastinkasini yoki ingichka qirrasini rezeksiya qilish.
    Yiring mavjud bo‘lsa, tirnoq plas­tinkasini butunlay olib tashlash kerak, yangisi to‘qson kundan keyin paydo bo‘ladi. Texnika uzoq muddatli natija bermaydi, ko‘pincha to‘rt oydan keyin odamlar yana onixokriptoz belgilariga duch kelishlari mumkin. Kasallik xavfi oldini olish uchun profilaktika choralari ko‘riladi: tirnoq go‘shti plas­tinka bilan aloqa qilmasligi uchun terining bir qismi barmoqning lateral yuzasi bo‘ylab, qo‘shimcha ravishda granulyasiyalar olib tashlanadi.

Jarrohlikdan keyin nima qilish kerak?


Teriga o‘sgan tirnoq rezeksiyasi – bu uzoq vaqt tiklanishni talab qiladigan juda jiddiy operatsiya. To‘liq davolanish bir oy ichida sodir bo‘ladi va doimiy nazorat talab qilinadi: tirnoq go‘shtini infeksiyadan iloji boricha himoya qilish kerak. Shuningdek, quyidagi choralar ko‘rilishi kerak:
– uch-besh kun davomida operatsiya qilingan joy antiseptik vositalar bilan davolanadi, masalan, xlorheksidin yoki antibakterial malhamlar ishlatiladi, barmoq steril materiallar bilan bog‘lanadi. Avvaliga har kuni, keyinchalik har ikki kunda bunday muolaja amalga oshiriladi;
– dastlabki kunlarda umuman oyog‘ingizni bosmaslik tavsiya etiladi, so‘ngra oz-ozdan harakat qiling va zo‘riqishdan saqlaning;
– agar og‘riq qattiq bezovta qiladigan bo‘lsa, og‘riq qoldiruvchi vositalarni qabul qilish mumkin;
– materiallar oyoq barmoqlari bilan aloqa qilmasligi uchun faqat keng poyabzalga ruxsat beriladi.

Asoratlari


Barmoq xo‘ppozi – qizarish va shishli yiringli jarayon.
Barmoq gangrenasi – qorayish va to‘qima o‘limi. Jarayon qaytarilmasdir.
Limfadenit – infeksiya limfa tomirlari orqali qo‘shni limfa tugunlariga o‘tadi.
Oseomiyelit – xo‘ppoz ko‘payadi. Yallig‘lanish suyakka tarqaladi.

Profilaktikasi


Avvalo, pedikyur asoslarini o‘zlashtiring. Qoidalar qiyin emas, asosiylari quyidagilar:
– tirnoqlarni yumshatish uchun oyoqning iliq vannasidan foydalaning;
– to‘g‘ri kesib oling, tirnoq yonlarigacha olmang;
– tirnoqlarning uchlari va qirralarini qayta ishlash uchun yumshoq pilkadan foydalaning, shoshilmang, hamma narsani ehtiyotkorlik bilan va xotirjam bajaring;
– kerakli miqdordan ko‘proq qirqishga urinmang; tirnoqning erkin qirrasi ikki-uch millimetr uzunlikda bo‘lishi kerak.
– tirnoq ostidagi kir va ortiqcha teri paxta momig‘i yoki doka bilan olib tashlanadi, qaychi bilan emas;
– shuningdek, pedikyur uchun terini yumshatuvchi, qattiqlashuv jarayonini kamaytiradigan va tirnoqni yonga o‘sish xavfini kamaytiradigan maxsus suyuqliklarni sotib olishingiz mumkin;
– oyoq kiyimlarini kattaligi bo‘yicha kiyish va baland poshnalardan saqlanish tavsiya etiladi (maksimal baland­lik 4 santimetr);
– patologiyalar bo‘lsa, ortopedik mahsulotlardan foydalanish majburiydir;
– paypog‘ingizni doimo o‘zgartiring va oyoqlaringizni muntazam yuving, zamburug‘ni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolang;
– ortiqcha vazn yuk bermasligi uchun ozish ham kerak.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda saratonga chalingan bemorlar uchun xospislar quriladi

Yoqub NA’MATOV,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: