Bahordagi surunkali charchoq sindromi nimaning alomati?
Bahor kelib, kunlar isiy boshlashi bilan ko‘pchilikda vitamin yetishmasligi kuzatiladi. Bu esa tanada holsizlik va kuchli charchoq alomatlari bilan namoyon bo‘ladi. Darhaqiqat, bunday belgilar bahor fasliga xos bo‘lib, aksariyat insonlarni bezovta qiladi.
Biroq ushbu holatni faqat «ilik uzildi» mavsumi bilangina bog‘lash to‘g‘ri emas. Sababi, umumiy holsizlik bir qator infeksion va noinfeksion kasalliklarning ilk belgisi bo‘lishi mumkin. Yuqumsiz endokrin (qandli diabetning ikkinchi turi) va xavfli o‘sma xastaliklari, revmatizm, revmatoid artrit, kamqonlik, yurak-qon tomir kasalliklari shular jumlasidan.
Bemor hayotiga xavf soladigan qandli diabetning ikkinchi turi (qondagi qand miqdorining oshib ketishi) ko‘pincha 40 va undan katta yoshdagi kishilarda uchraydi. Bunga nasliy moyillik yoki noto‘g‘ri ovqatlanish, semizlik, kamharakatlik, asabiy zo‘riqish kabilar sabab bo‘ladi.
U yashirin kechadi, lekin bosh miya, ko‘z tubi, yurak, buyrak, hamma yirik va mayda arterial qon-tomirlar shikastlanib boradi. Bu patologik jarayon yurak-qon tomir va buyrak yetishmovchiligiga olib keladi.
Surunkali V va S virusli gepatitlar (jigar kasalliklari) esa yuqumli bo‘lib, in’yeksiya orqali, qon quyishdan, homilador onadan bolaga yuqishi mumkin. Xastalik yashirin kechgani bilan bemorda kundan-kunga umumiy holsizlik kuchayib boradi.
Agar sizni surunkali charchash sindromi bezovta qilsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Tibbiy ko‘rik jarayonida mutaxassis holsizlik sabablarini aniqlashda yordam beradi.
Feruza TOHIROVA,
tibbiyot fanlari nomzodi