Toshkent shahri professional boks bo‘yicha xalqaro yirik jang oqshomiga mezbonlik qiladi

Joriy yilning 3 apreli o‘zbek boks sporti tarixiga yangi sahifa bo‘lib kirmoqda. Ya’ni, shu kuni Toshkent shahri professional boks bo‘yicha xalqaro yirik jang oqshomiga mezbonlik qiladi. «Humo Arena»da yurtimizning ko‘zga ko‘ringan charm qo‘lqop ustalari ringga ko‘tarilishadi.

Ta’kidlash joizki, professional boksda jahon chempionligi kamarlarining himoya jangi yurtimizda ilk marotaba bo‘lib o‘tadi.
Ushbu boks kechasi markaziy jangida ikkinchi yengil vazn toifasida ikki yo‘nalish chempioni Murodjon Ahmadaliyev o‘ziga tegishli WBA va IBF kamarlarini himoya qiladi. Ushbu bahsda bokschimizga yaponiyalik da’vogar Ryosuke Ivasa raqiblik qiladi. Kechaning ikkinchi darajali markaziy jangida Shahram G‘iyosov o‘zining WBA International kamarini meksikalik Patrisio Lopes Morenodan himoya qiladi.

Bundan tashqari, jang oqshomi doirasida Hasanboy Do‘stmatov, Isroil Madrimov, Bahodir Jalolov, Sanjar Tursunov, Iqboljon Xoldorov hamda Mirazizbek Mirzaxalilov kabi bokschilarimiz ham ringga ko‘tarilishi kutilmoqda. Qayd etish lozimki, havaskor boksda jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov, jahon chempionati finalchisi Iqboljon Xoldorov uchun shu kecha professional ringdagi debyut hisoblanadi.
Bungacha Elnur Abduraimov ham mazkur jang oqshomida jang qilishi kutilgandi. Ammo hamyurtimiz qo‘lidagi jarohat sabab 3 aprel kuni ringga ko‘tarila olmaydi.

Ushbu jang oqshomi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston boks federatsiyasi va hukumatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi ostida jahonga mashhur «Matchroom Boxing» promouterlik kompaniyasi, hamda DAZN platformasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Rio-2016 Olimpiya o‘yinlaridan beri o‘zbek boksi jahonda yetakchilik qilib kelmoqda. Shubhasiz, bu sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasidir. Bokschilarning navbatdagi muvaffaqiyati esa sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sport targ‘iboti, qolaversa, yoshlarimizni sportga jalb qilishda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning yanvar oyida Murodjon Ahmadaliyev amerikalik Daniel Roman bilan jangda g‘alabaga erishib, o‘z vazn toifasida WBA hamda IBF kamarlarini qo‘lga kiritgan edi. Ahmadaliyev shu kungacha professional boksda 8 marotaba jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan sportchidir. Janglarning 6 tasida u raqiblarini nokaut evaziga taslim qilgan.
Yaponiyalik Ryosuke Ivasa esa bungacha prof ringda 30 marotaba jang o‘tkazib, ularning 27 tasida g‘alabaga erishgan (janglarining 17 tasida nokaut evaziga g‘olib bo‘lgan). 3 marotaba mag‘lubiyatga uchragan (2 marta nokaut bo‘lgan).
Ayni paytda yaponiyalik bokschi Ahmadaliyevga tegishli kamar uchun majburiy da’vogar hisoblanadi.

Ishonamizki, ushbu jangda Murodjon navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritgan holda, o‘ziga tegishli kamarlarni munosib himoya qiladi va g‘alabali yurishini davom ettiradi.

3 aprel kungi janglar ro‘yxati:
Murodjon Ahmadaliyev – Ryosuke Ivasa (Yaponiya);
Shahram G‘iyosov — Patrisio Lopes Moreno (Meksika);
Isroil Madrimov – Emmanuel Kalombo (Kongo);
Bahodir Jalolov – Kristaps Zutis (Latviya);
Hasanboy Do‘smatov – Muhsin Kizota (Tanzaniya);
Iqboljon Xoldorov – Kulva Bushiri (Tanzaniya);
Sanjar Tursunov – Ivan Yuxta (Ukraina);
Mirazizbek Mirzaxalilov – Tasha Mjuaji (Tanzaniya.

Yana o‘qing:  Anesteziya inson uchun zararli(mi?)

Amal SOLIYEVA,
Maryam AHMEDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: