Ona sutining bola hayotida ahamiyati qanchalik muhim?
Poytaxtimizda saqlash vazirligi va YUNISEF tashabbusi bilan “Ona suti bilan oziqlantirish bo‘yicha axborot berish salohiyatini kuchaytirish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Sog‘liqni saqlash boshqarmalari matbuot xizmati xodimlari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Ma’lumki, ona suti go‘dak uchun bebaho, foydali moddalarga boy bo‘libgina qolmay, u bolani turli virusli kasalliklardan himoya qilib, sog‘-salomat voyaga yetishini ham ta’minlaydi.
Keyingi yillarda Sharqiy Yevropa davlatlarida kuzatilgani kabi Markaziy Osiyo davlatlari va O‘zbekistonda ham go‘daklarni istisnosiz ko‘krak suti bilan parvarishlashda bir qancha muammolar kuzatilmoqda.
Ma’ruza, savol-javoblar va tibbiyot muassalari bilan tanishuvlar bilan kechgan seminarda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxonova, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari G.Ijumba va boshqa mutaxassislar ko‘krak sutining go‘dak salomatligidagi ahamiyati xususida yosh onalar o‘rtasida targ‘ibotni kuchaytirish, ko‘krak suti o‘rnini egallayotgan sun’iy sut va ozuqa mahsulotlarining salbiy ta’siri va boshqalar haqida so‘z yuritishdi.
— Yurtimizda 6 oylik go‘daklarni ko‘krak suti bilan parvarishlash qamrovi so‘nggi vaqtlarda 2 foizga tushib ketgan. Shu sababli bunga global muammo sifatida yondashib, xotin-qizlar o‘rtasida targ‘ibotni yanada kuchaytirishimiz lozim. Buni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda tizim matbuot xizmati xodimlari va OAV vakillarining o‘rni katta. Shu maqsadda 1 avgustdan 7 avgustga qadar respublikada «Xalqaro emizish haftaligi» tadbirlari o‘tkaziladi, – dedi E. Basitxonova.
Seminar-trening ishtirokchilari poytaxtdagi 4-shahar klinik shifoxonasi tug‘ruq bo‘limi va oilaviy poliklinikalarga tashrif buyurib, homilador ayollar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari bilan yaqindan tanishishdi. Muassasa rahbariyati, homilador, yangi tuqqan onalar bilan go‘dak, uning parvarishi, ko‘krak suti, uning ahamiyati to‘g‘risida suhbat o‘tkazib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.
Uch kun mobaynida o‘tkazilgan seminar-treningda ishtirokchilar ona sutining bola hayotidagi muhim ahamiyati haqida dolzarb, kechiktirib bo‘lmas masalalar yuzasidan aholi xabardorligini oshirish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida mahorat va tajriba almashdilar.
Maryam AHMEDOVA