Prezidentga “qorxat”

Assalomu alaykum, muhtaram Yurtboshim!

Bu yil Sizning tashabbusingiz bilan joriy etilgan “Konstitutsiyaning 25 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Minnatdorman. Yuragim hayajonga to‘la. Zimmamda katta mas’uliyat. Konstitutsiyamizning 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda yil sarhisobi, yutuq va kamchiliklar, kelajakdagi rejalarni ko‘rib, eshitib nafaqat men, butun xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchi yana bir karra mustahkamlandi.

Ayniqsa, Siz tomoningizdan qabul qilinayotgan yuzlab qaror va farmonlar, ertani o‘ylab, kelajakni ko‘zlab, aniq maqsadlar asosida amalga oshirilayotganligi, ayniqsa, yoshlarga bo‘lgan e’tiboringiz, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, mas’uliyatli vazifalarga qo‘yish, davlat, xalq va millat kelajagini ishonib topshirayotganingiz g‘oyat quvonarli va o‘z o‘rnida, ularga ham katta mas’uliyat bildirilayotganidan dalolat beradi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Sizga yoniq ehtiros bilan yana bir karra o‘zim va ijodkor yoshlar nomidan minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Sizning joriy yildagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi, “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi farmoyish va qarorlaringiz shak-shubhasiz, bizni to‘lqinlantirib yubordi.

Biz bilamizki, kitob targ‘iboti, mutolaa madaniyati xalqning, millatning sog‘lom turmush tarzini belgilab beruvchi eng katta kuchdir. Sog‘lom turmush tarzi esa mustaqil fikr va faoliyat garovi ekanligini har birimiz ich-ichimizdan yaxshi anglaymiz. Tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik, obod turmush va buyuk kelajakka o‘zingiz ta’kidlaganingizdek, faqat Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari ustivorligi orqali erishamiz. Bunda, avvalo, fan-ta’lim, kitob va mutolaa madaniyatini to‘g‘ri shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Kitobxonlik madaniyati esa milliy til bilan uzviy bog‘liqdir. Shu tufayli, ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur” degan hikmatli so‘zlari hamisha yodimizda va qalbimizdadir.

Muhtaram Yurtboshim!

Kirib kelayotgan 2018 yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb nom berdingiz. Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni rivojlantirish yurtimizni jahon afkor ommasi va dunyo maydonidagi o‘rnini qat’iy mustahkamlaydi. Jahonning eng rivojlangan davlatlari safida oldi qatorda bo‘lishni ta’minlaydi. Zero, biz jahon bilan bo‘ylashishga qodir millatmiz, xalqmiz.

Shuningdek, Parlament va Oliy Majlisga murojaatnomangizni oynai jahon orqali katta hayajon bilan kuzatdik. Ushbu yig‘ilishdagi ma’ruzangiz O‘zbekistonimiz tarixida, ayniqsa, so‘nggi 25 yil mobaynidagi eng katta tarixiy hodisa, chin ma’noda inqilob bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. To‘rt soatdan ortiq vaqt mobaynida taqdim etilgan murojaatnoma, unda ko‘tarilgan masalalar, ilgari surilgan takliflar, keskin tanqid ostiga olingan jarayonlar, aniq faktlar asosida ko‘rsatilgan ish-faoliyati kishidan cheksiz kuch talab etadi. Katta ruhiy quvvat bilan, chin yurakdan, kuyib-yonib, odamlar ko‘nglining tub-tubidagi orzu-niyatlarni bila-bila gapirganingiz hech kimni befarq qoldirmadi. “Shu el nima bo‘lsa men ham shu, bu qutlug‘ yurt sharafini ko‘klarga ko‘taraman” deganingizda ko‘zlarim yoshlandi. Siz takror-takror “Kim bizga baho beradi? Xalqimiz, mana shu xalq” dedingiz. Har bir gapingizda, harakatingizda yurt ravnaqi, xalq farovonligi, inson manfaatlari ustivor vazifa bo‘lib turganligini biz ham qayta-qayta his etdik. Sizning voqelikka, ayni jarayondagi holatga ochiq ko‘z bilan qaraganingiz, haqiqat va yana haqiqatni mayoq qilib ko‘targaningiz ona xalqimizni ko‘nglini to‘lqinlantirib yubordi.

Qadrli Yurtboshim!

Quvonchdan, mehrdan tug‘ilgan mulohazalarimni muxtasar qilib, Sizni kirib kelayotgan Yangi 2018 yil bilan chin dildan tabriklayman. Xalqimiz, yurtdoshlarimiz baxtiga hamisha omon bo‘ling. Biz yoshlar Siz istagandek sadoqatli, mas’uliyatli farzand bo‘lamiz. Doimo Ona Vatan – O‘zbekistonimizning xizmatidamiz.

Yuksak hurmat bilan farzandingiz!

Shavkat ODILJON,

yosh ijodkor

Yana o‘qing:  GERMANIYa CHEMPIONI O‘ZBEKISTON BOLALAR SPORTIGA YUKSAK BAHO BERDI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: