Pokizalik ko‘p darddan asraydi

Yuqumli me’da-ichak tizimi xastaliklarining qanday oldini olish mumkin?

 

Yurtimizda issiq kunlar avjiga chiqmoqda. Bunday kunlarda o‘tkir yuqumli me’da – ichak yo‘li kasalliklarining ko‘payishi ham kuzatiladi. Bu xastaliklarni turli mikroorganizmlar keltirib chiqaradi.

Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning turiga qarab, ular ichburug‘, salmonellyoz, ichterlama, esherixioz, iyersinioz kabi nomlar bilan yuritiladi. Ushbu kasallik yoz oylarida ko‘proq uchrashiga bir qancha omillar sabab bo‘ladi. Avvalo, havo haroratining yuqori bo‘lishi, ayniqsa, yosh bolalar organizmida ma’lum immunologik o‘zgarishlar, ovqat hazm bo‘lishining susayishi, qaynatilmagan suvni istemol qilinishi oqibatida me’da shirasidagi muhim himoya omili hisoblanadigan xlorid kislota zichligining pasayishi dardga chalinishga zamin hozirlaydi.

Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning asosiy manbasi bemor yoki xastalik bilan og‘riyotgan odam shuningdek, ushbu kasallik bakteriyalarini tashuvchilardir. Ularning najasi bilan mikroorganizmlar tashqi muhitga tarqaladi. Atrof-muhit ob’yektlarini (suv, kiyim-kechak, oziq-ovqatlar) ifloslantiradi. Yozning issiq kunlarida oziq-ovqatlarda ayniqsa, ular noto‘g‘ri joyda saqlangan bo‘lsa mikroblarning ko‘payish uchun qulay muhit yuzaga keladi. Bunday yeguliklarni iste’mol qilish kasallanishga olib keladi.

Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, ayrim go‘daklarni emizishda va ularni ovqatlantirishda onalar ozodalikka e’tibor bermasalar yoki chaqaloqning sun’iy sutli ozuqasi noto‘g‘ri saqlansa, unga mikroblar tushishi va tezgina ko‘payishi mumkin.

Qaysi mikrob qo‘zg‘atishidan qat’iy nazar xastalikning asosiy belgilari to‘satdan ich buzilishi va qusish bilan kechadi. Ketma-ket qusish va ich ketishi oqibatida bemor organizmi qisqa muddatda ko‘p miqdorda suv va mineral tuzlarni yo‘qotadi. Natijada xasta holsizlanadi. Uning terisi quruqlashib, dag‘allashadi. Og‘zi quriydi. Bu holat yosh bolalarda ko‘proq kuzatiladi. O‘ynab-kulib turgan bola 3-4 soat ichida butunlay majolsiz bo‘lib qoladi.

Odatda odam ushbu kasallikni bozorlarda ko‘p mevalarning ta’mini tatib ko‘rgan vaqtida, yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilganida ho‘l mevalarni yuvmasdan tanovul etganda va bemor bilan muloqotda bo‘lganda hamda uning yaxshi tozalanmagan idish-tovoqlaridan foydalanganida yuqtirib oladi.

Shuningdek, bolalar kanallar va ariqlar hamda anhorlarda cho‘milgan paytlarida suv bilan mikroblarni yutib yuborganida ham dardga chalinadi.

O‘tkir yuqumli me’da-ichak tizimi kasalliklarining tarqalishida pashshalar katta rol o‘ynaydi. Ular iflos joylarda tuxum qo‘yib va ko‘payib, xastalik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarni oyoqlariga ilashtirib oladi hamda oziq-ovqat mahsulotlari, suv va idish-tovoqlarga qo‘nib, ularga mikroblarni tarqatadi.

Agarda yaqinlaringiz va yosh bolalarda qayt qilish, ich ketishi va tana haroratining ko‘tarilishi kabi kasallik belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilishingiz kerak.

Xalqimizda “Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshi” degan maqol bor. Shuning uchun ham o‘tkir yuqumli me’da-ichak tizimi kasalliklaridan saqlanishda birinchi galda ozodalikka va saranjom – sarishtalikka katta e’tibor berish zarur. Ayniqsa, ovqatdan oldin va hojatxonaga kirib-chiqqandan keyin qo‘llarni sovunlab yuvish lozim. Xonadon, ish joyi va dala shiyponlari, maktablar hamda bolalar muassasalari, oziq-ovqat mahsulotlari korxonalari, oshxonalarda tozalikka qat’iy rioya qilish zarur. Tez buzilib qoladigan oziq-ovqat mahsulotlarini sovutgichlar, boshqa mahsulotlarni esa pashsha, suvarak, sichqon va kalamushlar kabi zararli jonzotlar tegmaydigan joyda saqlash lozim. Ovqat qoldiqlarini o‘z vaqtida yig‘ishtirib, maxsus ajratilgan chiqindixonalarga tashlash kerak. Suvni faqat qaynatib ichishni unutmaslik zarur. Ishxona va jamoat joylari va uyda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish kerak.

Yana o‘qing:  Loviyali shilpildoq

Shifokorlar bu kasallikni “iflos qo‘llar kasalligi” deb bejiz aytishmagan. Har narsani bilib – bilmay og‘izga solishdan saqlanish kerak. Ayniqsa, bozorlardan ho‘l mevalarni xarid qilayotganingizda uni yuvmasdan og‘izga solishdan saqlaning. Suvni iste’mol qilishda ehtiyotkor bo‘lgan ma’qul. Ko‘proq qaynatilgan suv ichish tavsiya etiladi. Cho‘milganda suvlarning tozaligiga e’tibor berish kerak. Ho‘l mevalarni yaxshilab yuvib, so‘ngra iste’mol qilish zarur. Yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlarni yoki salatlarni iste’mol qilishdan ehtiyot bo‘ling. Sovutgichlarni toza tutish, ulardagi mahsulotlarni o‘z vaqtida iste’mol qilish kerak. Mevalarni qayta yuvishdan erinmaslik kerak. Idish – tovoqlarni yuvgandan so‘ng yana ularni qaynagan suvga botirish yoki chayish kerak. Kasalxonaga borganda bemor yaqin kishingiz bo‘lsa ham undan masofa saqlang.

Chaqaloqlarni ovqatlantirishda sun’iy ovqatlarni bolaga yetarli qilib tayyorlab bering, hamda uni uzoq saqlamang. Atrof-muhit va xonadonlarni hamda aholi umumiy foydalanadigan joylarni doimo ozoda bo‘lishini ta’minlash kerak. O‘zimiz va oila a’zolarimizning sog‘ligi pokizalikka qay darajada e’tibor berishimizga bog‘liq.

Har bir bemorni davolash uchun davlat byudjetidan ma’lum miqdorda mablag‘ ajratiladi. Shuning uchun ham xastalikning oldini olish har bir fuqaro uchun mas’uliyatli vazifa bo‘lmog‘i zarur. Zero, oilada hamma sog‘-omon bo‘lsa, ota-onaning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Ularning ishida ham unum bo‘ladi. Bu esa jamiyat rivoji uchun muhim omildir.

 

Omon MIRTOZAYEV,

Toshkent tibbiyot akademiyasi Epidemiologiya kafedrasi professori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: